Линклар

logo-print

Yangi yil arafasida tungi Toshkentning rango-rang chiroqlar bilan bezalishiga o‘rganib qolgan toshkentliklar bugungi zim-ziyolik sababini bilib berishni so‘rab Ozodlikka maktub bilan murojaat qilishdi.

Maktubdan ayon bo‘lishicha¸ har yili 22 dekabr kuni chiroqlari yoqiladigan mamlakatning bosh archasining fonuslari hanuz yoqilmagan.

“O‘tgan yillari shu kunlarda Mustaqillik maydonida yangi yil bayramiga atab chiroqlar porlatib yoqib qo‘yilgan edi. O‘tgan yili shu paytda bosh archa minglab chiroqlar bilan porlagan edi. Maydon atrofidagi binolar, daraxtlar, yo‘llar rangli fonuschalar bilan bezatilgan edi. Hozir esa ziyo-ziyo¸ buning ustiga uylarimizda ham tez-tez chiroq o‘chmoqda. Bu yil yangi yilda Toshkent ko‘chalarida bezakli chiroqlar yonmaydimi? “

Ozodlik muxbiri bu maktubda keltirilgan savolni “O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi va shahar elektr idorasi “Toshshaxarnur” idorasi mulozimlariga berdik.

“O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasining o‘zini tanshtirmagan mulozimi “yangi yilda shaharni chiroqlar bilan bezatish bilan “Toshshaharnur” shug‘ullanishini aytib¸ savolning ikkinchi qismi¸ ya‘ni poytaxtdagi turar-joylarda nega tez-tez chiroq o‘chayotganligiga oid qismini izohladi.

- Toshkentda muntazam chiroq o‘chishi sababi odamlarning o‘zida. Sovuq kunlar boshlanishi bilan aholi ommaviy ravishda ko‘p elektr xarjlovchi qo‘lbola elektr isitgichlar va isitish rejimidagi konditsionerlaridan foydalanishni birdan boshlaydi. Bu esa¸ o‘z navbatida¸ elektr tarmog‘ida taranglikni keltirib chiqarib¸ energotizimda avariyaviy holat sodir qiladi. Bu holat generatsiya stantsiyalariga xalaqit bermasligi uchun dispetcherlik markazi liniyalarni bosqichma-bosqich o‘chirishga majbur bo‘ladi”¸ dedi “O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday cheklovlar shoshilinch holatda bo‘lgani uchun¸ aholini oldindan ogohlantirish imkoni deyarli yo‘q.

“Takror aytaman¸ agar markazdan o‘chirilmasa tarmoqda kuchanish bo‘lgan paytda avtomat predoxranitellar bu ishni bajaradi. Chiroq o‘chmasin desangiz¸ tarmoqni zo‘riqtiradigan qo‘lbola isitgichlardan foydalanmang” deya ogohlantirdi suhbatdosh.

Archa-archa¸ jon archa¸ chiroqlaring yoq archa...

Shaharning yangi yildagi bayram chiroqlari nega yonmayotganligi borasidagi savol bilan murojaat qilganimiz “Toshshaharnur” vakilasi bu kechikish sabablarini izohlab berdi:

- Hozir shu kunda rahbarlarning hammasi shu masalani yechish bilan mashg‘ul. Hamma mutaxassislarimiz mamlakatning bosh archasidagi va unga yondosh ko‘chalardagi bezak chiroqlarni tezroq yoqilishi uchun safarbar qilingan. Hozir yoqilmagan¸ to‘g‘ri. Lekin ikki kundan keyin¸ albatta¸ yonadi. Men shaharliklarga va‘da beraman. Nega kechikib yonmayotgani masalasini qanday tushuntirsam ekan. Albatta¸ xarajati ko‘p. Hozir tarmoqda taranglik mavjud. Lekin bu degani¸ bezak chiroqlar yonmaydi¸ degani emas. yonadi hozir hamma shu muammoni hal qilish uchun harakat qilmoqda¸ dedi “Toshshaharnur” vakilasi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ bu yil mamlakatnng bosh archasi tasarruf qiladigan elektrni iqtisod qilish vazifasi ham qo‘yilgan.

Masalan¸ o‘tgan yilgi bosh archa “nur yomg‘iri”ni tamsil qiladigan elektr marjonlar bilan bezatilgan bo‘lsa¸ bu yil ular yaltiroq qog‘ozdan bo‘lgan va elektr talab qilmaydigan fonuschalarga almashtirildi.

Bosh archa o‘rnatiladigan maydonga yondosh Sharof Rashidov¸ O‘zbekiston va Nurafshon ko‘chalari uzra tortiladigan elektr marjonlardagi lampochkalar soni ham o‘tgan yilga nisbatan teng yarmiga qisqartirilgan.

Bosh maydonga o‘rnatilgan archaning bo‘yi esa o‘tgan yilgi kabi 22 metrligicha qoldi.

Mamlakat bosh archasini o‘rnatish ishlarining maxsus kran va alpinistlar yordamida amalga oshirilgani bildirildi.

Mamlakat bosh archasini o‘rnatish ishlarida qatnashayotgan rassom yigitning Ozodlikka aytishicha¸ bayram kunlari maydonda 60 nafar qorbobo va 60 nafar qorqiz¸ maymun¸ "king-kong"¸ "Miki maus" hamda quyonchalar kiyimini kiyib olgan artistlar faoliyat ko‘rsatadi.

Ma‘lum bo‘lishicha¸ Mustaqillik maydonidan tashqari Toshkentning yana to‘rtta maydonida katta archa o‘rnatilmoqda.

XS
SM
MD
LG