Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:39

Inqiroz tufayli Rossiyada ish joylari qisqartirilmoqda​


Moskva-Siti binolari
Moskva-Siti binolari

Rossiyada boshlangan iqtisodiy inqiroz bu mamlakatda mehnat qilayotgan muhojirlar daromadlarining ham keskin pasayishiga olib keldi. Yirik qurilish va korxonalarda ishchilar soni kamaytirilayotgan bir vaqtda, ishsiz qolayotgan minglab migrantlar o‘z yurtlariga ketmoqda, ish joyini saqlab qola olgan boshqa bir qismi mehnat haqini oshirishni talab qilmoqda.

Rossiya korxonalarida ishchilar soni qisqartirilmoqda

Rossiyada avj olib borayotgan iqtisodiy tanglik mamlakatning turli mintaqalarida mehnat qilayotgan muhojirlar holatiga ham jiddiy salbiy ta‘sir o‘tkazmoqda.

Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali Tuladan kelgan xabarlardan birida shaharning yirik shisha ishlab chiqaruvchi zavodida ish o‘rni ikki barobarga qisqartirilgani aytiladi. Ozodlik bilan suhbatda Tuladagi shu zavodning o‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik ishchilaridan biri vaziyatni bunday tasvirlab berdi:

- Tulada ham ish joyi va odam soni qisqartirilayapti. Hozir men ishlayapman, ammo ilgariga qaraganda 30 kunlik ish kuni davomida 15 kun ishlayapman, ozayib ketdi. Uchta sex bo‘lsa ikkitasi yopildi, bittasi ishlayapti. Xullas, ishlab chiqarish 60 foizga to‘xtadi. Oylikning ham yarmini berayapti. Iloji yo‘qligidan ishlayapti odamlar: hozir oyliklar chiqsa, pulni olamiz va yo‘l kiraga biletni olib poyezdda ketamizmi, avtobusdami... Shu oylikni kutib turibmiz, xolos. O‘zbekistonda ish topish qiyinku, harakat qilsa bo‘ladi. Faqat u yerda ota-onangiz sal kuchliroq joyda ishlashi kerak: yo SNBda, yo militsiyada, yo hokimiyatda. Bundan bu yog‘iga pul berish kerak, o‘zingiz tushunasizku, deydi zavodda oylik chiqishi bilan O‘zbekistonga yo‘l olishini gapirgan bu muhojir yigit.

Ayni vaziyat Rossiyaning boshqa o‘lkalarida ham kuzatilmoqda. Rossiya poytaxtidagi “Moskva-Siti” ko‘p qavatli imoratlar qurilishida ham ishchilar qisqartirilayotgani aytilmoqda.

“Siti” ni barpo etishda ishlayotgan samarqandlik Alisher qurilishda katta qisqartirishlar kutilayotganini aytadi:

- Bizda odam sonini, ish joyini kamaytirayapti. Ishni umuman to‘xtatamiz ham degan edi, lekin to‘xtatmadi. Rubl yana qadrini tiklayapti ekan – odam sonini kamaytirar ekan, xolos. Bizning ishimizni xo‘jayinlar arzon vaqtida olgan edi – 32-33 rublligida. Hozir 54 ni ko‘rsatayapti bir dollar. O‘ylashimcha, ular ziyonga ishlayapti. Yangi yildan keyin har bir ish soatimizga 5-10 rubldan qo‘shiladi, deyapti. Men birinchi kelishim edi, bir marotaba 25 ming rubl oylik oldim. Bolalarimiz 32-33 rubldan dollar almashtirib yurishga o‘rganib qolgan. Men ham almashtirib ko‘raman bankda¸ agar bo‘lmasa¸ yo‘lga chiqamiz-da. Men bilgan ko‘p bolalar O‘zbekistonga qaytib ketdi, deydi quruvchi Alisher.

Mehnat muhojirlari ish haqini oshirishni talab qilmoqda. Aks holda...

Rossiyada rublning dollarga nisbatan qadrsizlanib qolgani tufayli ish haqidan qoniqmayotgan muhojirlarning bir qismi o‘z yurtiga jo‘nab ketayotgan bo‘lsa, vatanida ish topa olmasligiga ko‘zi yetayotganlari Rossiyaning o‘zida mehnat haqlarini oshirishga urinmoqda.

Kuni kecha Sankt-Peterburgda mehnat qilayotgan migrantlar ish beruvchilaridan ish haqlarini ko‘paytirishni talab qilib chiqqani xabar qilindi. Aks holda ular ish tashlashini bildirmoqda. O‘z haqlarini talab qilayotganlarning ko‘pchiligi quruvchilar va yo‘nalishdagi taksi haydovchilari bo‘lib, ular ishlayotgan avtokorxonalar rahbariyati rubl qulashi ortidan qo‘shimcha haq to‘lashdan bosh tortmoqda.

Peterburgdagi “Turon” O‘zbeklar jamiyati rahbari Alijon Haydarov bu noroziliklar, qisman bo‘lsa-da, natija berayotganini aytadi:

- Dollar ko‘tarilishi munosabati bilan monolitchik, g‘isht teruvchi, svarkachilar kabi quruvchilar “elitasi” sanalgan kasblar egalari ish haqini ish beruvchi ko‘tarishdan manfaatdor.Taxminan 30 foizgacha ko‘tarishi mumkin. Ular hozir defitsit – yo‘q bu ishchilar, yetishmayapti! Bizga 100 bunday odamga kuniga zayavka kelayapti. Haydovchilar juda kerak.... Shu sababli, ish beruvchi sal ko‘tarishga harakat qilayapti. Ular 50 mingdan 100 minggacha oladi endi, deydi Alijon Haydarov.

Suhbatdosh Rossiyada boshlanib ketgan inqiroz bu davlatning qanchalik xorijliklar ishchi kuchiga tayanib qolganini yaqqol namoyon qilganini aytadi.

Peterburgdagi O‘zbeklar jamiyati rahbari fikricha, bundan buyog‘iga Rossiyada asosan yetishmayotgan mutaxassisliklar egalari qoladi¸ malakasizlari ishidan ajraydi:

- Rossiyadagi demografik inqiroz oqibatida 35 foiz bu voyaga yetmaganlar, yana 35 foiz¸ nafaqaxo‘rlar. 5 foizi ishlamaydi, 10 foizi – general. Ana shundan qolgani ishlayapti! Dollarning qimmatlagani jamoatchilik oshxonalarida ishlovchilarni qiyin ahvolga tushirdi. Ularning oyligi 25-30 ming rubl. Ular ko‘pi qaytib ketadi. Qoladi faqat monolitchi, g‘isht teruvchi, svarkachi va tokarlar. Boshqa tomondan, ish beruvchi ham qiynalayapti: oddiy ishchilar ko‘p, ularga esa mutaxassislar kerak, deydi Alijon Haydarov.

Rossiyada oshib borayotgan ishsizlik va rublning qadrsizlanishi nochor ahvolda qolayotgan ayrim muhojirlarni turli og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishga undamoqda.

Kuni-kecha Podmoskovьening Naxabino shaharchasida 9 yashar qizchani garovga olgan toshkentlik 22 yashar Rustam Odilovning birinchi so‘roq natijalari e‘lon qilindi. Tergovchining nima sababdan bu jinoyatga qo‘l urganini bilish maqsadida bergan savoliga u:

- Menga pul kerak bo‘lib qoldi, deb javob qaytargan.

"Tozalash" siyosati natija bermoqda

Ayni paytda, hukumati Rossiya markaziy viloyatlarini ishsiz migrantlardan "tozalash" siyosati natija berayotgani to‘g‘risida hisobot bermoqda.

Moskva meri Sergey Sobyanin kuni-kecha qilgan chiqishida so‘nggi besh yil ichida birgina Moskvaning o‘zidan 300 ming muhojir badarg‘a qilingani va natijada jinoyatchilik 15-20 foizga kamayganini bildirdi.

Ayni paytda¸ Rossiya Markaziy banki e‘lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari 2014 yilning oktyabrь va noyabrь oylarida kamida 35 foizga kamaygan.

Rossiya Federal migratsiya xizmati hisobicha, bugungi kunda Rossiyada 2 million 570 ming o‘zbek muhojiri rasman ro‘yxatga olingan.

Migratsi rasmiylari taxminicha¸ mamlakatda yana kamida 3,7 million xorijlik noqonuniy mehnat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG