Линклар

logo-print

O‘zbek boylari uchun qo‘shiq aytishga borgan Kirkorov Toshkentdan ucholmay qoldi​


Rus qo‘shiqchilari Stas Mixaylov va Filipp Kirkorov Toshkent aeroportida, 2014 yilning 23 dekabri.

Rus qo‘shiqchilari Stas Mixaylov va Filipp Kirkorov Toshkent aeroportida, 2014 yilning 23 dekabri.

Rossiya shou-biznesi yulduzlari Filipp Kirkorov va Stas Mixaylov ob-havo sharoiti va boshqa muammolar tufayli Moskvaga ucholmay qoldi. Bu noxush hodisa Stas Mixaylovning Reutov shahridagi konserti boshqa kunga ko‘chirilishiga sabab bo‘ldi.

Mixaylovning aytishicha, “Aeroflot” shirkati uchog‘i kecha Toshkentdan tonggi soat 4 da uchib ketishi kerak edi, biroq ob-havo yomonligi tufayli parvoz keyinga surilgan.

Stas Mixaylovning Youtube saytida e‘lon qilingan videomurojaatida qo‘shiqchi yuzaga kelgan vaziyat vajidan 23 dekabr kuni Moskva viloyatining Reutov shahrida o‘tajak konserti boshqa kunga ko‘chirilishini taassuf bilan bildirgan.

- Birinchi navbatda¸ meni Reutov shahrida kutayotgan tomoshabinlardan uzr so‘ramoqchiman. Bu yerda fors-major vaziyati yuzaga keldi. Shirkat bizga samolyot uchmasligi haqida xabar qilib qo‘yishi mumkin edi, deydi Stas Mixaylov.

Biroq rossiyalik qo‘shiqchilar va boshqa yo‘lovchilar bir necha soat kutganlaridan keyin ularga yana 12 soat kutish lozimligini aytishgan. Bu safar uchuvchining haddan ziyod charchagani, parvoz oldidan uning dam olishga ehtiyoji borligini bahona qilishgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, rossiyalik qo‘shiqchilar Toshkentdan 24 dekabr tungi soat 1 da uchib ketishi lozim edi. Biroq bu parvoz amalga oshgan-oshmagani haqida Toshkent aeroportining qatnovlar bo‘yicha ma‘lumot xizmati ham, tariflar bo‘yicha ma‘lumot xizmati aniq gap aytolmadi.

- Bizda bunga oid ma‘lumot yo‘q, deya gapni qisqa qildi Toshkent aeroporti xodimasi.

“Aeroflot” shirkati matbuot xizmati vakilasi esa bu masalani o‘rganish uchun biroz vaqt kerak bo‘lishi, ommaviy axborot vositasidan rasmiy talabnoma yuborilgan taqdirda bir necha soatdan keyin javob berilishi mumkinligini ma‘lum qildi.

Bu orada Stas Mixaylovning rasmiy saytida qo‘shiqchining Moskvaga uchib borganiga oid video paydo bo‘ldi. Unda qo‘shiqchi Moskva vaqti bilan soat 3.30 da Sheremetyevo aeroportiga yetib kelishganini aytgan.

Toshkent aeroportida qariyb bir sutka qolib ketgan rossiyalik pop-yulduzlar Stas Mixaylov va Filipp Kirkorov O‘zbekiston poytaxtiga qo‘shiq aytish uchun kelganlari ma‘lum, biroq ularning Toshkentda kimlar huzurida kuylagani ochiqlanmayapti.

Mixaylovning Odnoklassniki tarmog‘idagi sahifasida uning Reutovdagi konserti 24 dekabr kuni soat 19 ga belgilangani qayd etiladi.

Stas Mixaylov va Filipp Kirkorovning Toshkent aeroportida qolib ketgani onlayn-nashrlar mushtariylari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Sharhlovchilardan kimdir bu holat yuzasidan taassuf izhor qilsa, boshqasi qo‘shiqchilarning O‘zbekistonda qolib ketganidan xursandchiligini yashirmaydi.

“Bizga do‘st bo‘lgan o‘zbek xalqi, iltimos, ularni o‘zingiz tomonda olib qoling! Baribir sizlarda paxta teradigan odam qolmagan, bu yoqda esa ikkita sog‘lom va mutlaqo keraksiz ikki peshona turibdi”, deya qochiriq qiladi Vasiliy Popov ismli sharhlovchi.

SeverDM92 nikli sharhlovchi esa: “Stas, Fil, qaytishga shoshilmang, o‘zbeklar yurtida bir-ikki yil... balki undan ham ko‘proq yashab keling. Biz ham bu yerda sizlardan dam olamiz. Shunaqa qilsangiz, nihoyat iqtidorli yoshlarning estradaga yo‘li ochilib ketsa ham ajabmas”, deb yozadi.

“Stasdek mas‘uliyatli artist uchun bu katta tashvish-iztirob, unga bog‘liq bo‘lmagan bu mushkul vaziyat tezroq yaxshi tomonga hal bo‘lishini istaymiz”, deb yozadi ymarist nikli sharhlovchi.

Filipp Kirkorov Salim Abduvaliyev bilan.

Filipp Kirkorov Salim Abduvaliyev bilan.

O‘zbekiston boylari rossiyalik pop-yulduzlarni doim quchoq ochib kutib olishgan.

Xususan¸ nomi yuqorida zikr etilgan Filipp Kirkorov yoki boshqa qo‘shiqchilar o‘zbekistonlik "kriminal avtoritet" Salimboy Abduvaliyev sahovatidan ko‘p bahramand bo‘lgani haqida Ozodlik avval yozgandi.

XS
SM
MD
LG