Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:20

Bo‘kada yoshi 60 lardagi er-xotin vahshiylarcha o‘ldirib ketildi​


Toshkent viloyati Bo‘ka tumanining Achamayli fayz mahallasida istiqomat qilgan 60 yoshlardagi er-xotinning chavaqlangan jasadlari boshqa mahalladagi tutqatorlar orasidan topildi. Ozodlik manbalaridan olingan bu xabarni Toshkent viloyati prokuraturasidagi Ozodlik manbasi tasdiqladi.

Ozodlikning Bo‘kadagi manbasiga ko‘ra, 60 yoshlardagi Abdusamat Abdurayimov va uning xotini Inobat Jo‘rayevaning uyiga 25 dekabrga o‘tar kechasi bostirib kirgan qotillar uyni tunaganidan so‘ng, uy egalarni o‘ldirib, yo‘l chetiga tashlab ketgan.

“25 dekabr kuni ertalab Bo‘kadan Sirdaryoga chiqib ketishdagi Yangi hayot mahallasi yo‘li chetidagi tutqator orasidan chol-kampirning o‘ligi topilgan. Mahalla faollaridan biri bo‘lgan tanishimning aytishicha, Abdusamat akani ham, Inobat opani ham tanib bo‘lmas darajada chavaqlab tashlashgan ekan”, dedi manba.

Uning aytishicha, qotillar cholu kampirni avval o‘ldirib, keyin yo‘lga tashlab ketgan bo‘lishi mumkin:

“Hozir Abdusamat akaning uyi tomonga o‘tib keldim. Melisa bosib ketgan, uyga kirgani qo‘yishmayapti. Aytishlaricha, uyning eshiklari ochiq, qulflari buzilgan ekan. Qotillar avval uyni tunashgan, keyin cholu kampirni o‘ldirib, ularning o‘zlarini mashinasida olib chiqib ketishgan, deyishyapti. Melisalar barmoq izlari va boshqa ashyoviy dalillar izlashyapti”, deydi manba.

Achamayli qishlog‘ida istiqomat qiluvchi boshqa bir manbaning aytishicha, qotillar qassoblik bilan shug‘ullanadigan Abdusamat akaning uyiga talonchilik maqsadida kirgan bo‘lishi mumkin:

“Bu eru xotin uyda yolg‘iz yashardi. O‘zlarining farzandlari yo‘q. Bitta qizni asrab olishgan edi, u ham er qilib ketgan. Cholu kampir ikkalasi Bo‘kaning bozorida go‘sht sotardi. O‘ziga ancha to‘q oila edi, Xudo rahmat qilsin yaxshi odamlar edi", dedi manba.

Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Hozir prokuratura, viloyat ichki ishlar boshqarmasi oyoqqa turgan. Qotillar Abdusamat Abdurayimovning mashinasini Olmaliq yo‘lidagi Qorachiroq mahallasi yaqiniga tashlab ketishgan. Ayni paytda mashina ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Bu ishni tergov qilish uchun maxsus guruh tuzilgan. Birinchi taxminimiz bosqinchilik va qotillik bo‘lgan”, dedi Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasi.

O‘tgan yillar davomida Toshkent shahri, viloyati va Farg‘ona shahrida yolg‘iz qariyalarni tunash va ularni o‘ldirib ketish holatlari juda ko‘p bo‘lgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi o‘tgan yili bir yil mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni o‘ttizdan oshganligini xabar qilgan edi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra,jinoyatlarning aksariyati hali ochilmagan bo‘lsada, lekin bir necha kishi qo‘lga olinib sud qilindi.

Jumladan, o‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Mirzo Ulug‘bek tumani Ahillik mahallasida yashovchi 85 yashar Lyubov Odilovani bo‘g‘ib, o‘ldirib, uyini tunagan shaxsni 19 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan bo‘lib, bir xil senariy asosida bir qancha guruh harakat qilgan.

XS
SM
MD
LG