Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:43

O‘zbekistonliklar Karimovni 29 mart kuni yana "saylaydigan" bo‘ldi​


Ayrim kuzatuvchilar 2015 yilgi saylovda Islom Karimovning umrbod prezident etib "saylanishi"ni faraz qilmoqda.
Ayrim kuzatuvchilar 2015 yilgi saylovda Islom Karimovning umrbod prezident etib "saylanishi"ni faraz qilmoqda.

Saylov kuni e‘lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 26 dekabr kungi majlisida mamlakat prezidenti saylovi kunini 2015 yil 29 mart, yakshanba kuni deb belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi¸ deb xabar tarqatdi MSK matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi 2014 yilning 26 dekabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining boshlanganligini e‘lon qildi va prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqladi.

“Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov to‘g‘risidagi qonunlarga qat‘iy muvofiq amalga oshiriladi”¸ deyiladi MSK rasmiy bayonotida jumladan.

Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, prezident saylovini yoritish bo‘yicha poytaxtning Navoiy ko‘chasidagi 16-uy manzilida Respublika matbuot markazini tuzish haqida qaror qabul qildi.

Hozircha O‘zbekiston prezidentligi uchun saylovlarda qatnashishi mumkin nomzodlar jamoatchilikka notanish. Ozodlik suhbatlashgan mustaqil kuzatuvchilar¸ navbatdagi saylovlarda yana Islom Karimovning o‘z nomzodini qo‘yishi va unda mutlaq ovoz bilan g‘olib deb topilishini taxmin qilmoqda.

O‘zbekiston konstitutsiyasi bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini taqiqlashiga qaramay¸ Islom Karimov 1991 yildan beri bu lavozimda o‘tirgan yagona shaxs bo‘lib qolmoqda.

Karimov prezidentlikdan ketish niyati yo‘qligini ochiq bildirib bo‘ldi

Tugayotgan yilning 15 may kuni Samarqandda boshlangan xalqaro konferentsiyaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan 76 yashar Islom Karimov¸ hokimiyatda uzoq o‘tirib qolgani haqidagi tanqidlarga qaramay¸ “xalqqa xizmat qilishni bundan keyin ham davom ettirish rejasida” ekanini ta‘kidladi.

Ushbu nutqni bevosita eshitgan Frans Press muxbirining yozishicha¸ 15 may kungi ma‘ruzasida Islom Karimov anjumanga kelgan xorij diplomatlari va olimlariga qarata: “Meni hokimiyatda uzoq o‘tirib qoldi deb tanqid qilishadi. Tanqid qilishaversin¸ men baribir qolaman. Tanqid qilishaversin¸ men baribir ishimni davom ettirishni xohlayman. Buning nimasi yomon?(bu bayonot inglizchadan tarjima – muharrir)” degan.

O‘z ma‘ruzasida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning temuriylar taxtida 40 yil hukmdorlik qilganini alohida ta‘kidlagan Islom Karimov¸ O‘zbekistonda o‘z sa‘y-harakatlari bilan hukm surib kelayotgan tinchlik mamlakat rivojining tamal toshi ekanini ta‘kidladi:

"Men bu fikrga alohida urg‘u berib aytmoqchiman. Tinchlik va barqarorlik bo‘lmasa, ilm-fan sohasida hech qanday o‘sish, taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas. Qayerda tinchlik va barqarorlik bo‘lsagina ilm-fan markazlari, akademiyalar, oliy o‘quv yurtlari paydo bo‘ladi. Eng asosiysi, ta‘lim-tarbiya ravnaq topib, unga qiziqish, e‘tibor kuchayadi. Tinchlik-barqarorlik bo‘lgan joydagina odamlar o‘qib-o‘rganishni, har tomonlama rivojlanishni istaydi. Odamlar kechasi uyquga yotib, ertalab turishga qo‘rqmaydigan, ertaga ularning boshiga qandaydir muammo yoki ofatlar kelmasligini bilgan taqdirdagina shunday bo‘ladi. Bu haqiqat ko‘p asrlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan va ishonchim komilki, bugun bu mavzuda gapirishning o‘zi ortiqcha"¸ dedi buyuk allomalar haqida qilgan ma‘ruzasida Islom Karimov.

Xalqqa xizmat tarixi....

1991 yilning dekabrida o‘tkazilgan mustaqil O‘zbekiston prezidentligi saylovlaridan beri bu lavozimni hech kimga bermay kelayotgan sobiq O‘zKompartiya Bosh kotibi Islom Karimov¸ mustaqil huquqshunoslarga ko‘ra¸ hozirga qadar Konstitutsiyaga xilof ravishda hokimiyatda qolmoqda.

1995 yilda O‘zbekistonda Islom Karimov prezidentlik vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirishga oid umumxalq referendumi o‘tkazildi va rasmiy-hisob kitob bo‘yicha¸ o‘zbekistonliklarning 90 foizdan ko‘prog‘i Karimovning qolishini yoqlab ovoz berdi.

Shu tarzda¸ go‘yo konstitutsiyada belgilangan bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanmasligiga oid moddani buzmagan holda¸ Karimov 2000 yilga yetib keldi va yana 91 foiz ovoz bilan ikkinchi bor prezidentlikka saylandi.

Konstitutsiyaviy cheklovni aylanib o‘tish maqsadida 2002 yilda mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishga oid yana bir umumxalq referendumi o‘tkazildi va bu taklif ham xalq tomonidan go‘yo ma‘qullandi.

O‘zbekiston saylov qonunlari mualliflari¸ bunday o‘zgartish ortidan¸ Islom Karimovning yana ikki muddat prezidentlikka da‘vo qilishga haqli ekani iddaosi bilan chiqdilar va 2007 yilgi so‘nggi prezident saylovida Karimov 2014 yilga qadar hokimiyatda qoladigan prezident etib saylandi.

Keyingi saylov qonunning yangicha talqini asosida 2015 yil martiga ko‘chirildi va kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Karimovning navbatdagi saylovda qatnashishini qo‘llovchi psevdo huquqiy asos ham¸ tugab bormoqda.

Karimov o‘zining “o‘zbek xalqiga bundan keyin ham xizmat qilish istagini” 2015 yilning 29 martida huquqiy jihatdan qanday amalga oshiradi¸ bunisi hozircha jamoatchilikka qorong‘u bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG