Линклар

Yangi yil arafasida Moskva politsiyasi va FMS xodimlari poytaxtning ommaviy tomosha joylarida “noqonuniy muhojir”larni ovlaydi. Nazoratchilar alohida e‘tiborini Qizil maydon va “Vorobyovi gori” istirohat bog‘iga tomoshaga chiqqan mehnat muhojirlariga qaratishini aytmoqda.

Moskva FMSi yangi yil arafasida moskvaliklarning ommaviy sayl maskanlarida paydo bo‘lgan “qoravoy”larning hujjatlarini tekshiradi. Ommaviy “oblava”lar davomida tekshiruvchilar shaharda noqonuniy yurgan xorij fuqarolarini aniqlashi aytilmoqda.

Moskva shahar Federal migratsiya xizmati boshlig‘i Olga Kirillova idora nazoratchilari alohida e‘tiborni Moskvaning Qizil maydoni va “Vorobyovi gori” istirohat bog‘iga kelgan muhojirlarga qaratadi, demoqda.

"Biz politsiya bilan hamkorlikda shaharda tartib saqlaymiz. Bu yangi yil bayramlarida to‘q qizil jiletka kiyib olgan xodimlarimizning katta qismi shaharliklar sayllari o‘tkazilajak tomosha joylarini nazorat ostiga oladi", deya xabar qildi “Izvestiya” gazetasiga Olga Kirillova.

FMS rahbariga ko‘ra, kuchaytirilgan nazorat 31 dekabr kuni soat 18:00-dan boshlanadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, yangi yil kechasi yer usti va yer osti transporti soat tungi uchgacha ishlaydi. Rossiya poytaxti meriyasi moskvaliklar va shahar mehmonlari xavfsizligini 20 mingga yaqin politsiya xodimlari, ko‘ngillilar va Ichki ishlar qo‘shinlari harbiylari saqlashini e‘lon qildi.

Olga Kirillova, shuningdek, Moskvada joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan anchagina ko‘proq migrantlar deportatsiya qilingani to‘g‘risida hisobot berdi. U Moskvada muhojirlar sonining kamayishini mahalliy hukumatning olib borayotgan “tozalash” amaliyotlari va Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklarga kirish taqiqlangani bilan izohlash mumkinligini aytdi.

Bundan oldinroq Rossiya Migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy migrantlarga Yangi yilni “o‘z yurtlarida kutib olishni” tavsiya qilgan edi.

Ayni paytda, 25 dekabr kuni Rossiyaning markaziy mintaqalarida yoqqan qalin qor tufayli misli ko‘rilmagan mashinalar tirbandligi vujudga keldi. Yig‘ilib qolgan qor shahar ko‘chalarida 60 kilometrli tiqinlarni yuzaga keltirdi.

Mutaxassislar buni shaharda ko‘cha tozalovchi mehnat muhojirlarining sezilarli darajada kamayib qolgani bilan ham izohlamoqda.

XS
SM
MD
LG