Линклар

28 noyabr kuni Indoneziyadan Singapurga uchayotgan Malayziyaning AirAsia aviakompaniyasiga qarashli samolyot radar ekranlaridan g‘oyib bo‘ldi. Bortida 162 yo‘lovchi bo‘lgan A320-200 uchqichini qidirish ishlari boshlandi. Bu joriy yilda Malayziya uchqichlari bilan bog‘liq uchinchi fojiaviy voqeadir.

A320-200 uchqichi Indoneziyaning Surabay shahri aeroportidan uchganidan bir saot o‘tib, u bilan aloqa uzilgan.

Samolyot bortida 155 yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

AirAsia aviakompaniyasiga ko‘ra, uchqich Kalimantan va Belitung orolllari o‘rtasidagi Yava dengizi ustida uchayotgan payti oxirgi marta u bilan aloqa bo‘lgan.

Samolyot uchuvchilari obi-havo yomonligi bois, uchqich yo‘nalishini balandroqqa o‘zgartirishni so‘raganidan so‘ng uchqich radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan.

Ushbu samolyot olti yil avval foydalanishga topshirilgani aytilmoqda.

A320-200 uchqichini qidirish ishlariga Indoneziya boshchilik qildi. Singapur g‘oyib bo‘lgan uchqichni qidirish ishlarida ishtirok etish uchun harbiy samolyotlarini jo‘natdi. 28 dekabr kuni Janubi- sharqiy Osiyoda kun botgach, qorong‘ulik bois qidirish ishlari to‘xtatildi.

Qidiruv ishlari 29 dekabr kuni ertalabdan davom ettirilishi xabar qilindi.

AirAsia aviakompaniyasiga ko‘ra, samolyot bortidagi yo‘lovchilarning aksari Indoneziya fuqarolari bo‘lib, jami 156 indoneziyalik ushbu samolyotga chiqqan.Samolyot bortida uch nafar janubiy koreyalik ham bor. Shuningdek, Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Frantsiyaning bittadan fuqarosi ushbu samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida bor.

Joriy yilning 8 mart kuni Malayziyaga qarashli yana bir samolyot- Boeing-777 uchqichi ham nom-nishonsiz yo‘qolgan edi.

Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz qilayotgan uchqich bortida 227 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a‘zosi bo‘lgan Boeing 777 uchqichi ham havoga ko‘tarilganidan bir saot o‘tib radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan edi.

Joriy yilning 17 iyul kuni esa Malayziyaga qarashli boshqa bir Boeing-777 samolyoti Ukraina sharqida urib tushirildi.

Kiyev va G‘arb rasmiylari bortidagi 298 odamning bari nobud bo‘lgan mazkur uchqichning Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar tomonidan BUK raketa tizimi bilan urib tushirganini ta‘kidlab kelmoqda.

Ayni paytda Rossiya Tergov qo‘mitasi Malayziyaga qarashli MH17 yo‘lovchi uchqichining Ukraina sharqida kim tomonidan¸ qanday urib tushirilganini tasdiqlovchi “samimiy” guvohi borligini iddao qilmoqda.

Halokat yuzasidan o‘tkazilayotgan mustaqil tekshiruv mualliflari hozircha bir-biriga qarshi bu iddaolarga munosabat bildirmadi.

XS
SM
MD
LG