Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:05

Mashinada ikki kishini urib o‘ldirgan militsioner avf qilindi​


Toshkent militsiyasi avtomobillari.
Toshkent militsiyasi avtomobillari.

Shu yil aprelida Toshkentning Chilonzor tumanida uch kishini bosib ketgan, pirovardida 5 yashar qizcha va 33 yoshli erkak o‘limiga sabab bo‘lgan militsiya xodimi Baxtiyor Tolipov qamalganidan yarim yil ham o‘tmay ozodlikka chiqdi. 7 yilga qamalgan sobiq militsiya xodimining amnistiya akti qo‘llanib, ozod etilgani aytilmoqda.

Bu haqda AsiaTerra sayti O‘zbekiston militsiyasiga aloqador manbasi so‘ziga tayangan holda xabar tarqatdi. Nashrning yozishicha, bu ma‘lumotni avtohalokat chog‘ida nobud bo‘lganlarning yaqinlari ham tasdiqlagan.

22 yoshli Baxtiyor Tolipov joriy yilning 23 aprelida patrul-post xizmatining davlat raqami 01 906 JCA bo‘lgan “Neksiya” avtomobilida uch kishini bosib ketgandi. Natijada 5 yashar Kristina Gorbanova voqea joyida nobud bo‘lgan, uning onasi Lyudmila Gorbanova va tog‘asi Dmitriy Kurbatov og‘ir ahvolda kasalxonaga yetkazilgan. Keyinroq avtohalokatda olgan og‘ir jarohati tufayli Kurbatov ham jon bergan.

Bu voqea jamoatchilikka oshkor bo‘lganidan keyin militsiya xodimi Baxtiyor Tolipov hibsga olingan va unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu moddaga ko‘ra, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa, aybdor o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

23 iyulь kuni Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi Baxtiyor Tolipovni 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Ammo yil oxirlamay, "baxtsiz tasodif tufayli" ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan militsiya xodimi avf qilindi. Uning Senat tomonidan o‘tgan oy qabul qilingan amnistiya to‘g‘risidagi qaror asosida ozod etilgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining shu yil 14 noyabrida o‘tkazilgan 16-yalpi majlisida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 22 yilligi munosabati bilan “Amnistiya to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandi. Amnistiyaga ko‘ra, ilk bor jinoyat sodir qilgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari jazodan ozod qilinishi lozim edi.

Ayni paytda O‘zbekistonda kishi o‘limiga sabab bo‘lmagan bo‘lsa-da, rasmiylar istagiga ko‘ra amnistiyaga tushmaydigan mahbuslar borligi aytiladi. Bu asosan diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra qamalgan shaxslardir.

O‘zbekiston hukumati qonunchilikda siyosiy jinoyat moddasining yo‘qligi bois mamlakatda “siyosiy motivlar” bilan qamalganlar yo‘qligini aytib keladi. Rasmiylar fikricha, fuqarolar taqiqlangan tashkilotlarga a‘zo bo‘lib, tinchlik va xavfsizlikka yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston va xorijdagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari hamda siyosiy muxolifat vakillari yillar davomida O‘zbekiston JKning 159, 244-1, 244-2 moddalari asosida qamalgan va "siyosiy mahbus" deb ataladigan mahbuslarga nisbatan amnistiya qo‘llanmay kelayotganiga oid hisobotlarini chop etib keladilar.

Bu hisobotlarda Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Muhammad Bekjonov, Xayrulla Hamidov, Rustam Usmonov, Ruhiddin Faxriddinov, Solijon Abdurahmonov, Qobiljon To‘lashev, Mo‘‘tabar G‘ofurova, Mehriniso Hamdamova, Avaz To‘xtaxo‘jayev, G‘anixon Mamatxonov, A‘zam Turg‘unov, Alisher Karomatov, A‘zam Farmonov, Dilmurod Saidov va boshqalarning ismlari tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG