Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

Navalniyga shartli jazo berildi, ukasi Oleg 3,5 yilga qamaldi​


Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudi aka-uka Navalniylarni “Iv Roshe” kompaniyasi ishi bo‘yicha aybdor, deb topdi. Aleksey Navalniy 3,5 yil shartli jazo oldi, ukasi Oleg esa 3 yilu 6 oyga qamoqqa tashlandi. Muxolifatchi Navalniy tarafdorlari Manejnayada norozilik aksiyasiga hozirlanmoqda.

Sud Navalniylarni aybdor deb topdi

Zamoskvoretskiy tuman sudi shov-shuv bilan olib borilgan mahkamaga yakun yasadi va Rossiya muxolifat lideri Aleksey Navalniyga 3,5 yillik shartli jazo tayinladi.

“Iv Roshe” va “Ko‘p tarmoqli protsessing kompaniyasi” shirkatlari pul mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblangan Alekseyning ukasi Oleg esa sud hukmi bilan 3,5 yillik qamoq jazosini oldi va sud zalidayoq hibsga olindi. Undan tashqari, aka-uka Navalniylarning har biriga davlat hisobiga 500 ming rubl jarima to‘lash majburiyati yuklandi.

Undan tashqari, sudlanganlar “Ko‘p tarmoqli protsessing kompaniyasi” shirkati fuqarolik da‘vosi bo‘yicha 4,4 million rubl jarima to‘lashi lozim.

Sud hukmi ustidan apellyatsiya arizasi topshirildi

Sud zalida bo‘lgan guvohlar ijtimoiy tarmoqlarda Aleksey Navalniyning: “Uyalmaysizmi?! Siz nega uni qamadingiz? Meni undanda qattiqroq jazolash uchunmi?!” deya hukmdan norozi bo‘lganini yozmoqda.

Havo harorati 16 daraja sovuqni ko‘rsatayotganiga qaramasdan, Alekseyni qo‘llab-quvvatlagan ko‘plab odamlar yig‘ildi. Shuningdek, bu yerga o‘zlarini “Navalniy raqiblari” deb tanishtirgan bir guruh odamlar kelib, provokatsiyalar uyushtirishga urindi.

Politsiya tomonidan qattiq qo‘riqlanayotgan sud zalidan chiqqan Aleksey Navalniy yig‘ilganlarga hukmni “mahorat bilan olib borilayotgan psixologik bosim”ning bir turi, deb ta‘kidladi.

- Mavjud hukmlardan bunisi eng razil va jirkanchdir! Biz ko‘ryapmizki, hokimiyat o‘z siyosiy raqiblarini nafaqat yo‘q qilish va qamash bilan mashg‘ul. Bu odatiy hol bo‘lib qolgan edi, biz ular odamlarga mana shunday munosabatda ekanini tushunib turgan edik. Ammo, bu safar ular siyosiy qarshilik ko‘rsatganlarning qarindoshlarini maxsus qiynoqqa solib, yo‘q qilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Bu hokimiyat yashashga haqli emas! – dedi ukasi nohaq qamoqqa tashlanganini gapirgan Aleksey Navalniy.

Oleg Navalniyning himoyachilari Zamoskvoretskiy tuman sudi hukmini “Navalniyniyni garovga olish” deb atadi va uni ustidan shikoyat tayyorlab ulgurganini ma‘lum qildi.

- Aslida biz bunday hukm chiqarilishi va Oleg Navalniyga 3,5 yil qamoq jazosi tayinlanishini kutmagan edik. Olegning himoyachilari allaqachon qamoq jazosini o‘zgartirish to‘g‘risidagi shikoyat arizasi bilan murojaat qildi, zero bunday iqtisodiy ishlar yuzasidan odamlarni qamoqqa olish mumkin emas. Sud qonun buzilganini tan olsa uni qo‘yib yuborishlari ham mumkin, - dedi advokat Olga Mixaylova.

Davlat qoralovchilari Navalniylarga oldin ko‘rilgan “Kirovles” jinoiy ishini hisobga olib, 10 yillik qamoq jazosi tayinlashni suddan so‘ragan. Sudlanganlar himoyachilari jinoiy ish ko‘plab qonun buzilishlari bilan olib borilgani, bu bosim uning siyosiy faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekaniga jamoatchilik e‘tiborini qaratib keldi.

Aleksey ukasi Oleg bilan xayrlashmoqda, 2014 yil, 30 dekabr
Aleksey ukasi Oleg bilan xayrlashmoqda, 2014 yil, 30 dekabr

Ayni paytda, Frantsiyaning “Iv Roshe” kompaniyasi ichki taftish o‘tkazib, aka-uka Navalniylar shirkatga zarar emas, aksincha daromad keltirgani aniqlangani yuzasidan rasmiy hujjatlar bilan tergov va sudga murojaat qilgan edi.

Navalniy tarafdorlari Manejnayaga yig‘iladi

Aytish joizki, bundan bir kun oldin sud hukm o‘qish mahkamasini to‘satdan 15 yanvardan 30 dekabrga ko‘chirdi. “Interfaks” xabariga ko‘ra, bu o‘zgarishni sudьya Yelena Korobchenko aka-uka Navalniylarga hukm tayyorlab qo‘yilgani bilan izohlagan.

Navalniy tarafdorlari 15 yanvarda ko‘p ming kishilik namoyish o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Sud o‘z qarorini o‘zgartirishi munosabati bilan Navalniyning Feysbukdagi tarafdorlaridan 4 ming kishi 30 dekabr kechki 19:00 da Kremlga yaqin Manejnaya maydonida namoyish o‘tkazishga kelishgan.

Shuningdek, 30 dekabr kuni kechki payt Rossiyaning qator markaziy shaharlarida Aleksey Navalniy olib borayotgan siyosatni qo‘llovchilar “xalq yig‘in”larini uyushtirishi aytilmoqda. Sud qaroridan norozi bo‘lganlar va muxolifat a‘zolari Moskva, Peterburg, Voronej, Arxangelsk, Saratov, Samara va boshqa shaharlarda aktsiyalarga chiqishini ma‘lum qildi: ijtimoiy tarmoqlarda birgina Rossiya poytaxti ko‘chalariga 18 ming kishi chiqishi aytilmoqda.

Navalniy - hukumatning ashaddiy tanqidchisi

Kuzatuvchilar Rossiya rublining keyingi taqdiri Navalniyga o‘qilajak hukmga bog‘liqligini gapirib kelayotgan edi. Mutaxassislar ichki va tashqi biznes jamoasi Aleksey Navalniyga o‘qiladigan hukm mamlakatda bundan keyingi tadbirkorlik muhitiga jiddiy ta‘sir o‘tkazishiga ham e‘tibor qaratmoqda.

2013 yilda Aleksey Navalniy Moskva meri lavozimiga saylovlarda ishtirok etgan va 27 foiz saylovchilar ovozlarini yig‘ib, ikkinchi o‘rinni egallagan.

Siyosiy va jamoatchilik faoliyati bilan ko‘plab hukumat vakillari kirdikorini fosh etib kelayotgan va shaxsan Vladimir Putinning g‘azabini qo‘zg‘agan blogger Aleksey Navalniy oxirgi ikki yilda o‘ndan ortiq sud mahkamalariga tortildi: ularning barchasida sud hakamlari muxolifatchiga qo‘yilayotgan arz-shikoyatlarni qanoatlantirdi.

Navalniy boshchiligida uning tarafdorlari bugungi kunda Rossiyadagi korruptsiyaga qarshi qator jamoatchilik loyihalarini amalga oshirmoqda.

Jumladan, "RosPil" – davlat tenderlari va sotib olish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan korruptsiya sxemalarini fosh etish va davlat pullari noqonuniy o‘zlashtirilishiga qarshi kurashuvchi loyiha; “RosYama” – mamlakatdagi yo‘l qurish va uni qoplash masalasida qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga qarshi kurashuvchi internet loyiha; “Dobraya Mashina propagandi”( DMP) yoki “Yaxshi tashviqot Mashinasi” orqali Navalniy Rossiyadagi hukumat vakillarining barcha korruptsiya amaliyotlari, o‘g‘irliklari va amalidan o‘z manfaati yo‘lida suiiste‘mol qilish faktlarini yoritishga urinadi.

Bundan tashqari, muxolifatchilar “RosJKX” (maishiy xizmat sohasi), “RosVibori” (saylovlar nazorati) va “Korrputsiyaga qarshi Jamg‘arma” faoliyatini olib bormoqda.

So‘nggi yarim yilda uy qamog‘ida qo‘liga elektron kuzatuv brasleti taqilgan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyga hozirgacha siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish, Internetdan foydalanish va ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilish taqiqlanganicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG