Линклар

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida barcha idora-tashkilotlarning rahbarlariga 500 ming so‘m, boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishlaydiganlarga 300 ming so‘m, boshqa ishchilarga esa 200 ming so‘mdan elektr energiyasi uchun pul to‘lash majburiyati yuklatildi. Shahrisabzdagi manbalarga ko‘ra, bu elektrdan qarzi bor yoki yo‘qligidan tashqari barcha ishchi-xizmatchilarga birday taalluqli. Aks holda ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilingan.

Kuni kecha Shahrisabz tuman hokimligida o‘tgan yig‘ilishda shahar va tumandagi barcha ishchi-xizmatchilarga elektr energiyasi uchun pul to‘lash majburiyati yuklatildi. Bu haqda ushbu yig‘ilishda qatnashgan shahrisabzlik manba Ozodlikka ma‘lum qildi.

"Shahrisabzda ajoyib ishlar bo‘lyaptida. Tuman hokimi Norov janoblari bugun barcha tashkilot rahbarlarini yig‘ib "hammang svet uchun 500 ming, zamlaring 300 ming, boshqa xodimlaring 200 ming so‘m to‘laysanlar, bo‘lmasa, arizangni yozib ishdan bo‘shaysan. Tumanning karzi 5 milliard so‘m bo‘lib ketgan. Shuning uchun hammang shu qarzni yopish uchun o‘z hissangni qo‘shishing kerak" deb yig‘ilishda aytdi", deya ma‘lum qildi shahrisabzlik manba.

Shahrisabz tuman hokimligidagi mas‘ul shaxs ishchi-xizmatchilarga chiroq uchun "soliq" solinganini tasdiqlab, buni elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlikni tugatish tadbiri sifatida izohladi:

"Selektorda har kuni svetni razbori bo‘layapti. Har kuni soat 9ga otchyot olinayapti. Svet bo‘yicha qarzdorlikni yopish uchun tumanda oltita ishchi guruh tuzilgan. Shtab ham ishlayapti. Shu yo‘l bilar qarzdorlikni tugatishni rejalashtirayapmiz. Bo‘lmasa qarzdorlik oshib ketayapti. Hech kim o‘zidan bilib to‘lamayapti", dedi hokimlik mas‘uli.

Lekin suhbatdosh tuman hokimi Faxriddin Norov tomonidan ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinganini inkor qildi:

"Hech qanday bunaqa gap bo‘lgani yo‘q. Kim qancha to‘lashi haqida ko‘rsatma berganmiz xolos. Hamma o‘zi xohishi bilan to‘layapti. Qancha tashkilot bo‘lsa, barchasiga yuklatilgan. Maktab va kollej direktorlari, qurilish idoralari boshliqlari, barcha byudjet va tijorat tashkilotlari rahbarlari 500 ming so‘mdan to‘lashadi. Idoralarda zam bo‘lib ishlaydiganlar, buxgalterlar 300 ming so‘mdan. O‘qituvchilar, doktorlar va boshqa ishchilar 200 ming so‘mdan berishi kerak. Pul o‘zini hisobiga yoziladi. Boshqa birov uchun to‘lamayapti-ku", dedi Shahrisabz tuman hokimligi mas‘uli.

Shahrisabzlik manba tuman hokimligining bu tadbiridan norozi ekanligini aytadi:

"Bu qarz kimniki bo‘lsa, o‘shalarni o‘ziga to‘latsa bo‘lmaydimi. Bizni bu yerda aybimiz nima? Davlatdan oylik olganimizmi? Qarz o‘zi davlat ishida ishlamaydigan odamlarniki bo‘lsa. Ularga to‘lata olmagandan keyin, bizga yopishib olgan. O‘zi bu yog‘i yangi yilga tayyorgarlik ko‘rish kerak", deydi shahrisabzlik manba.

Tuman hokimligining elektr bo‘yicha qarzdorlikni tugatish borasidagi topshirig‘ini bajarish uchun Shahrisabzda oltita ishchi guruh tuzilgan. Pochta xodimlari esa aholidan pulni qabul qilish bilan shug‘ullanmoqda.

"Biz qarzdorlikni terib, qabul qilib olamiz. RESda tuman hokimligi va viloyat hokimligidan odamlar o‘tiribdi. Selektordagi gapdan keyin rahbarlar ham to‘lashni boshladi. Mas‘ullar qarzi borlarni chaqirtirib, gaplashayapti. Qarzi yo‘qligi haqida spravka olib kelsa, bu inobatga olinayapti", dedi "Shahrisabz pochtasi" idorasi mas‘ullaridan biri.

Shahrisabz tuman elektr tarmoqlari idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi tuman ahlining elektr energiyasidan qarzdorligi ko‘pligini ta‘kidladi, biroq qarz miqdorini ochiqlamadi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda elektr taqchilligi muntazam kuzatilmoqda.

Elektr ta‘minotidagi cheklashlar nafaqat qishloqlarda, balki mamlakat poytaxtida ham kuzatilayapti.

Joriy yilda elektr taqchilligi bois hatto Toshkentdagi bosh archa chiroqlari bir haftaga kechikib ëqildi.

O‘zbekiston viloyatlarida svet yo‘qligi bilan bog‘liq og‘ir sharoit bois tug‘ruqxonalarda chaqaloqlar nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG