Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:58

"Islomiy davlat" qamog‘idan chiqqan jurnalist qiynoqlardan so‘z ochdi​


Turkiya hududidan Suriyaning Kobani shahrini kuzatayotgan jurnalistlar.
Turkiya hududidan Suriyaning Kobani shahrini kuzatayotgan jurnalistlar.

"Islomiy davlat" zindonidan omon chiqqan Louay Abdul-Jud mahbuslarga nisbatan qiynoqlar va ruhiy tahqirga duchor bo‘lganini aytmoqda. U terror guruhining Suriyadagi qamoqxonalaridan birida 6 oy saqlangan va keyinchalik Suriya ozodligi armiyasi bilan "Islomiy davlat" o‘rtasida asir ayirboshlash natijasida Ozodlikka chiqqan edi.

Asir ayirboshlash bir necha oy muqaddam Halab shahrida bo‘lib o‘tgan va o‘shanda 6 oy "Islomiy davlat" qamoqxonasida yotgan suriyalik jurnalist Louay Abdul-Jud ozod bo‘lgan edi.

U yaqinda Ozodlikning Iroq xizmati muxbiriga bergan intervьyusida 6 oy davomida terror guruhi jangchilari tomonidan qo‘llangan jismoniy va ruhiy qiynoqlarga guvoh bo‘lganini aytdi.

Aytishicha, u va Frantsiyaning AFP axborot agentligi fotomuxbirini 2013 yilning 28 noyabrida Halab shahrida jangarilar o‘g‘irlab ketishgan.

“O‘sha kuni Halab shahrining bir tumanida katta portlash bo‘ldi va men AFP agentligi fotomuxbiri bilan o‘sha joyga bordim. Biz voqea joyiga borishimiz bilan bizni payqab qolishdi, nazarimda. Keyin ular ovozsiz to‘pponchalarini peshonamizga tiradi va qo‘llarimizni bog‘ladi, keyin Halabdagi bolalar kasalxonasiga olib borishdi", deya xotirlaydi suriyalik jurnalist.

U yerda esa qo‘lga olingan ikki jurnalistning shaxsi aniqlangan va so‘ngra ularni shahar markazidan 5-6 soatlik yo‘l naridagi qamoqxonaga olib borishgan.

Abdul-Judning xotirlashicha, qamoqxonaga borgan kezda u yerdagi mahbuslar orasida bir necha jurnalist saqlanayotganiga guvoh bo‘lgan. Bu jurnalistlarning 13 nafari xorijlik jurnalistlar bo‘lgan. Abdul-Jud xorijlik jurnalistlar orasida keyinchalik boshi olingan jurnalist Jeyms Foleyni ham ko‘rganini xotirlamoqda.

Foley avgust oyida qatl qilingan va uning qatli aks etgan video dunyoga namoyish qilingan edi.

Abdul-Judning aytishicha, chet davlatlar fuqarolari saqlanayotgan qamoqxonani "Islomiy davlat"ning chet ellik jangarilari - Frantsiya, Tunis va Marokashdan borgan jangchilar nazorat qilgan.

Suriyalik jurnalistga ko‘ra, o‘sha kezda qamoqxonadagi qatllarga Xolid laqabli rus jangarisi boshchilik qilgan.

“Mahbuslarning ko‘pchiligini urishmagan, ammo ularni muntazam ravishda tahqirlashardi. Masalan, pichoqni bo‘g‘zingizga tirab, boshingiz olinishini aytishardi. Bu qiynoq uslubini ular muntazam qo‘llashardi va bunday ruhiy azob har qanday kaltakdan ham og‘irroq bo‘lardi", deya xotirlaydi Louay Abdul-Jud.

Uni jangarilar dindan yiroqlashib, "dunyoviylashib" ketganlikda ayblashgan.

"Ular meni Jihodchilar Ittifoqiga tegishli bo‘lganim holda kufr yo‘liga o‘tib, bir ayol bilan nashar‘iy munosabatda bo‘lganlikda ayblashdi", deb xotirlaydi jurnalist.

Qamalganidan biroz o‘tib, mahalliy jurnalistni boshqa qamoqxonaga o‘tkazishgan va u yerda u jurnalist bo‘lmagan, oddiy mahalliy mahbuslarning og‘ir jismoniy qiynoqlarga tutilganiga guvoh bo‘lganini aytmoqda:

"Misol uchun, bir erkakni oyog‘ini osmondan qilib osib qo‘yishdi. Oyoqlarini esa kesib, yaralariga spirt quyishdi, so‘ngra elektr simlarni jarohatlariga suqib, tokka ulashdi", deya dahshat bilan xotirlaydi "Islomiy davlat" qamog‘idagi azoblarga guvoh bo‘lganini aytgan Abdul-Jud.

Qamoq o‘rnida esa jangarilar ishlab chiqarish korxonasiga qarashli kartoshka omboridan foydalanishgan. Ombor ichida zim-ziyo yertulalar qazilgan va mahbuslar uning ichida saqlangan.

"Har zamonda bir erkak kelib, yerto‘la og‘zini ochadi va: "Sen o‘ldirilasan, lekin bugun emas. Ertaga, inshaolloh", deb ketadi", deydi Abdul-Jud.

Jurnalistni Abu Ammor al-Masriy ismli hakam o‘lim jazosiga hukm qilgan, ammo, Suriya ozodligi armiyasi asir almashinuvida aynan uning qaytarilishini talab qilgan.

Shu vaqtga qadar "Islomiy davlat" tomonidan o‘g‘irlangan va zindonband qilingan jurnalistlar o‘nlab ekani ma‘lum.

Terrorchi guruh ikki g‘arblik jurnalist - amerikalik Jeyms Foley va Stiven Sotlof, shuningdek ikki g‘arblik faol, gumanitar tashkilotlar xodimlari - britaniyalik Devid Heyns va amerikalik Abdul-Rahmon Kassigni qatl etdi.

Britaniyalik yana bir jurnalist Jon Kentli esa hanuz garovda saqlanmoqda.

Mahalliy jurnalistlardan esa ayni damda 22 nafari garovda saqlanayotgani haqida ma‘lumot bor. Shuningdek, mahalliy jurnalistlardan 4 nafari qatl etilgani ham ma‘lum.

XS
SM
MD
LG