Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:02

Yil sarhisobi: Texnologiya dunyosidagi so‘nggi trendlar


3D printerlar, smartfondan boshqariladigan aqlli uylar, dronlar, vodorodda ishlovchi avtomobillar - Ozodlik radiosi yakuniga yetayotgan 2014 yilda texnologiya dunyosida eng qiziq o‘zgarishlar va trendlar to‘plamini tuzdi.

Yakunlanayotgan yilda eng ko‘zga ko‘ringan va kundalik hayotga tez suratlarda kirib borayotgan texnologiyalardan biri, shubhasiz, pilotsiz boshqariladigan uchuvchi apparatlardir.

Dronlar

Avvallari asosan harbiy maqsadlarda foydalanilgan pilotsiz apparatlar, xeksakopter va kvadrakopterlar 2014 yilda noharbiy sohalarda, ayniqsa kinoindustriyada keng qo‘llanila boshlandi. Bugungi kunda dronlar nafaqat video va suratga olishda, balki narsalarni u joydan bu joyga yetkazib berishda ham qo‘l kelmoqda.

AQShdagi mashhur Amazon internet do‘koni ayni damda xarid qilingan mahsulotni mijoz aytgan manzilga dron yordamida yetkazib berish loyihasi ustidan ish olib bormoqda. Agar AQSh pilotsiz boshqariladigan apparatlardan tijorat maqsadlarida foydalanishga oid qonunni qabul qilsa, Amazon Prime Air loyihasi 2015 yilda faoliyatini boshlashi aytilmoqda.

Bundan tashqari, hozirda pilotsiz uchqichlar qishloq xo‘jaligida, xususan, ekinzorlarga kimyoviy o‘g‘it sepishda ham keng qo‘llaniladi.

Qayd etish joizki, 2014 yilning noyabrida Vazirlar Mahkamasi pilotsiz apparatlarni O‘zbekistonga olib kirish, sotish va ulardan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan edi.

O‘zbekistonda yangi texnologiyalar ta‘qiqlanayotgan bir paytda dunyoda mobil ilovalar yordamida uyni boshqaradigan uskunalar soni borgan sari ortmoqda.

Aqlli uylar

2014 yilda “smart” so‘zi nafaqat mobil telefonlar, balki uyda foydalanadigan jihozlarga nisbatan ham ishlatila boshladi. Yangi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar kelajakda kundalik turmushda ishlatiladigan bunday smart-gadjetlarning bozori chaqqon bo‘lishini taxmin qilmoqdalar. Google shirkatining fevralь oyida uy uchun aqlli termostatlar va tutun detektorlarini ishlab chiqaruvchi Nest kompaniyasini 3,2 milliard dollarga sotib olishi ham bu taxminga qo‘shimcha asos bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar insoniyat futurologlar tasavvur qilgan kelajakka yetishiga oz qolganini aytmoqdalar. Ularga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida smartfon yoki planshet yordamida to‘liq boshqariladigan aqlli uylar hech kimni ajablantirmay qo‘yadi.

Benzin taqchilligiyu unga bo‘lgan uzundan-uzun navbatlar o‘tmishda qolishiga sanoqli yillar qolgan ko‘rinadi. Olimlar yaqin kelajakda muqobil energiyada ishlovchi avtomobillar “trendda” bo‘lishini bashorat qilmoqdalar.

Vodorodda ishlovchi avtomobillar

Texnologiya dunyosida vodorodli avtomobillar 2014 yilda ham eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. 15 dekabrda Toyota shirkati o‘zining vodorod bilan ishlaydigan va Mirai deb nomlangan ilk avtomobilini Yaponiyada sotuvga chiqardi. Zaharli tutunlar chiqarmaydigan, biroq hozircha narxi qimmat bu avtomobil AQSh va Yevropa bozorida 2015 yil o‘rtalarida paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Vodorodli avtomobillar elektomobillarga solishtirganda qator ustunliklarga ega – ular to‘ldirilgan bak bilan benzinli mashinalar kabi uzoq masofa keta oladi va yoqilg‘ini tez quyish imkoniga ega.

Ekologiyaga ziyonsiz bunday mashina egalarining eng asosiy muammosi vodorodli yoqilg‘i quyish shahobchalarining kamligidir. Ayni damda qator davlatlarda ushbu sohaga katta miqdordagi subsidiyalar ajratilayotganini hisobga olsak, mazkur muammo yaqin kelajakda hal bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Smartfonlar bozoridagi xilma-xillik foydalanuvchining boshini aylantirib qo‘yishi mumkin. Yangi shirkatlarning arzon va sifatli mobil telefonlarni sotuvga chiqarishi 2014 yilda yirik kompaniyalarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

Smartfonlar poygasi

Yangi shirkatlarning agressiv marketing siyosati joriy yilda smartfonlar bozoridagi raqobatning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Samsung va Apple shirkatlari hali ham smartfonlar sotishda yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, Xiaomi, Lenovo va LG kabi shirkatlar borgan sari bu bozordagi o‘z ulushini kengaytirmoqdalar.

Samsung shirkatining smartfon bozoridagi ulushi o‘tgan yilga qaraganda 7 foizga kamayib, 2014 yilning uchinchi choragida 24,4 foizni tashkil etdi. Joriy yilda ekrani kattaroq iPhone 6 apparatini sotuvga chiqarganiga qaramay, Apple shikratining bozordagi ulushi ham o‘tgan yilga nisbatan keskin kamaygan.

O‘zining ilk smartfonini 2011 yilda sotuvga chiqargan Xitoyning Xiaomi shirkati, aksincha, tez suratlarda rivojlanmoqda. Shirkat 2014 yilning birinchi choragida Xitoy bozoridagi sotuvlar bo‘yicha Appledan o‘zib ketdi. Uchinchi chorak ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa Xiaomi jahon savdolarida Apple kompaniyasidan keyin uchinchi o‘rinni egallagan.

Bugungi texnologiyalar imkoniyatlarini hisobga olsak, yaqin kelajakda foydalanuvchilar kerakli narsalarni xarid qilish o‘rniga uylarida “chop etish”ni boshlaydilar.

3D bosma

O‘yla, bosib chiqar, ushlab ko‘r. 2014 yilda ommalashgan 3D bosma texnologiyasi foydalanuvchiga uch o‘lchamli elektron chizmalar asosida ashyolarni “chop etish” imkoniyatini beradi. Ayni damda 3D-printerlari kundalik turmushdan tortib regenerativ tibbiyotgacha qo‘llanilmoqda.

2014 yilning may oyida Yaponiyaning Saga universitetida bir guruh olimlar va texnologiya mutaxassislari 3D bosma texnologiyasi yordamida inson yuragini shuntirlashda qo‘llansa bo‘ladigan sun‘iy arteriya yaratishgan edi. Sun‘iy arteriya ayni damda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, tijorat maqsadlarida chiqarilayotgan 3D-printerlarning narxi hozirda juda qimmat — 3 ming dollardan boshlanadi. Havaskorlarga mo‘ljallangan 3D printerlarni esa 350-450 dollarga sotib olish mumkin.

Hozircha bu kabi ishlanmalar havaskorlar uchun shunchaki ermak bo‘lsa-da, mutaxassislar ko‘ra, taxminan 20 yildan keyin bemalol uyda o‘tirib, 3D-printerdan, masalan, bir juft krossovka chiqarib olish mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG