Линклар

logo-print

"Ko‘rinmas odam" nomini olgan Abu Bakr Bag‘dodiy boshchiligidagi terror guruhining "Islomiy davlat" nomi ostida xalifalikni e‘lon qilishi 2014 yilda dunyoning 1 milliardga yaqin sunniy musulmonlari jamoasiga jiddiy tahdid solgan hodisa bo‘ldi. 80dan ortiq davlatdan borib, terrorchilar safiga qo‘shilayotgan radikal sunniylar orasida o‘zbeklarning borligi O‘zbekiston musulmonlariga nisbatan ta‘qibning kuchayishiga turtki bo‘ldi.

Xalifalik da‘vosi

2014 yilning eng unutilmas va aftidan, oqibatlari o‘nlab yillarga ta‘sir qiladigan muhim voqeasi – dunyo musulmonlari uchun o‘tmishda ham, bugun ham ahamiyati katta bo‘lgan Iroq va Shom diyorida "Islomiy davlat"ning yuzaga kelishi bo‘ldi.

2011 yilda Suriyada Asad rejimiga qarshi boshlangan isyon 2013 yilga kelib hukumatga muxolif sunniy va hukumatni quvvatlagan shia musulmonlari o‘rtasidagi urush ko‘rinishini oldi.

2013 yilning oktyabrь oyida Iroqda Islomiy davlatni e‘lon qilgan muxolif sunniylar "Iroq islom davlati"ga birlashib, "Iroq va Shom islomiy davlati" (IShID) nomi ostidagi yirik qurolli guruhga aylandi va Suriyaning ojizlashib borayotgan hokimiyati – prezident Bashar Assad armiyasiga qarshi kurash boshladi.

Bu guruhni avvaliga dunyodagi sunniy musulmon jamoalari yetakchilari, shuningdek, Dunyo ulamolar kengashi ham quvvatlagan edi. Kengash rahbari Yusuf Qarzoviy Suriyaga borib, diktator Assad rejimiga qarshi jihod musulmon uchun farz bo‘ldi, mazmunida fatvo bergandi.

Ammo, 2014 yilning 29 iyunida IShID guruhining Iroq va Suriyaning kattagina hududida xalifalikni e‘lon qilishi va "Islomiy davlat" nomi ostida radikal, mutlaqo zo‘ravonlikka asoslangan faoliyatga kirishishi vaziyatni butkul o‘zgartirib yubordi.

Qisqa muddat ichida Iroq va Suriya hududidagi sarhadlarini kengaytirgan ID boshqa din vakillari, jumladan, nasroniy va yazidiylar jamoalari vakillarini qatliom qildi. Ayni paytda, shia musulmonlariga qo‘shib, o‘z talablariga bo‘ysunmagan sunniylarni ham qira boshladi.

Natijada, avvaliga ID dunyo hamjamiyatining birinchi raqamli dushmaniga aylandi va shu kunda 60 dan ortiq davlat ishtirok etayotgan yirik xalqaro koalitsiya unga qarshi kurashmoqda.

Da‘voni quvvatlayotgan o‘zbeklar

Shu yilning sentyabrь oyida esa IDning qora bayrog‘i Toshkent shahriga tikib ketildi va bu radikal islomiy guruhlarning O‘zbekistonga tahdidiga oid xavotirlar yanada kuchaydi.

Zero, Islomiy davlat safidagi o‘zbekistonlik janggarilarining muttasil ravishda takrorlaydigan bayonoti bitta – O‘zbekistonda shariat qonunlarini o‘rnatishdir.

Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan Abu Abdulloh (o‘ngda) endilikda marhum ekani aytilgan o‘zganlik jihodchi bilan.

Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan Abu Abdulloh (o‘ngda) endilikda marhum ekani aytilgan o‘zganlik jihodchi bilan.

O‘zini qashqadaryolik 25 yoshli Abu Abdulloh, deb taqdim qilgan jihodchi 1 yildan buyon xalifalikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini aytgan va so‘ng maqsadini shunday ifoda qilgan edi:

- Tez orada bu kun Movarounnahrdagi tog‘utlarga xizmat qilayotgan, musulmon birodarlarimizni xorlayotgan, qonlarini ichayotgan kofirlarning ham boshiga tushadi! - deya da‘vo qilgan edi o‘zbek mujohidi.

U o‘z vaqtida Qashqadaryo IIB tomonidan Anvar qori Tursunovga qarshi suiqasdga aloqadorlikda ayblangach, O‘zbekistondan qochib chiqqanini iddao qilgan edi.

Shu kunda ID safida xalifalik uchun kurashayotgan o‘zbekistonlik janggarilar soni, turli manbalar hisobicha, 500 nafardan 1 ming 200 nafargacha.

Prezident Karimov jihodchilar haqida

O‘zbekiston tomonidan esa avvaliga bu masalada biror bayonot berilmadi. Rasmiy axborot vositalari bu haqida umuman xabar bermadi va hanuz bermayotir.

Faqatgina 31 avgust kuni – Qatag‘on qurbonlarini xotirlash munosabati bilan Shahidlar xiyobonida nutq so‘zlagan Islom Karimov ID haqida ilk bor og‘iz ochdi.

“Qarang, Iroqda nimalar bo‘layapti?!. Bir bemaza, mutlaqo avval bilinmagan oqimlarning vakillari nimalar qilayapti?!. Agar kimki bu oqimlarga o‘z vaqtida zarba bermasa, nima bo‘ladi?!. Menga tashvish solayotgan tomoni shuki, ertangi kunimiz qanday bo‘lishidan xabardor bo‘lmasdan, ertangi kunimizni ko‘rolmaymiz. Biz bunaqa bemaza, avval ko‘rilmagan oqimlardan qanday ehtiyot bo‘lishimiz kerak?! Bularga nisbatan o‘z fikrimizni bildirishimiz kerak. Ostonamizga yaqinlashtirmasligimiz kerak", deb ta‘kidladi prezident Karimov.

Prezidentning ana shu chiqishidan so‘ng rasmiy matbuot ham birdaniga tilga kirdi va yil yakuniga qadar "Suriya va Iroqdagi terrorchi guruh va uning safida yurgan g‘alamislar" haqida maxsus eshittirishlar hozirladi.

Suiqasd rejasi fosh bo‘ldi

2014 yilning aprel oyida qorasuvlik taniqli imom 37 yashar Rashod qori Kamolovga qarshi suiqasdga urinishda gumon qilingan shaxs ushlangani haqida xabar paydo bo‘lgan edi.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida shahar va O‘sh viloyati IIB maxsus otryadlari tomonidan 25-26 aprel kunlari o‘tkazilgan reydda suiqasdga hozirlik ko‘rayotganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning O‘zbekiston fuqarosi ekani ma‘lum qilingan edi.

Avvaliga bu xabar ko‘pchilikni taajjubga solgan edi. Zero, Farg‘ona vodiysida bu tahlit voqea so‘nggi yillarda ilk bor sodir bo‘lmoqda.

Ammo, 11 dekabrь kuni Istanbul shahrida o‘zbekistonlik, aniqrog‘i, andijonlik imom, radikal g‘oyalar va jihodchilikka da‘vati bois, sunniy musulmonlar jamoalari orasida tanqid qilingan Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Xamidov otib ketilgach, jamoatchilik Rashod qori Kamolovga bo‘lgan suiqasd urinishini xotirladi.

Mirzag‘olib Hamidovga qarshi suiqasdga oid tafsilotlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda va turk matbuotning yozishicha, shu kunda mamlakatdagi huquq-tartibot idoralari qo‘lida ham diniy, ham siyosiy faol bo‘lgan 9 o‘zbekka nisbatan siuqasd rejasi bor va bu ro‘yxatda marhum Abdulloh Buxoriydan tashqari, qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov, Erk partiyasining Istanbulda yashayotgan yetakchisi Muhammad Solih va uning o‘g‘li Timur Solih nomlari bor.

Ro‘molga qarshi kampaniya

Yil davomida Ozodlik sahifalarida ko‘p o‘qilgan va mushtariylardan ko‘plab sharh olgan yana bir maqola ro‘molli kitobxonning Navoiy kutubxonasiga qo‘yilmagani haqidagi maqola bo‘ldi.

Ozodlikka Navoiy nomidagi milliy kutubxonada sodir bo‘lgan voqeaga guvoh bo‘lgan mushtariydan maktub keldi va Ozodlik muxbiri maktub ortidan Navoiy kutubxonasiga bog‘langanida, keyinchalik Ozodlik mushtariylari o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lgan javobni olgan edi:

"Shunchaki, bizda ruxsat berilmaydi. Bu taqiqlangan. Buni biz o‘ylab topmaganmiz, rahbariyat taqiqlagan. Buning ustiga qo‘riqchilar ham qo‘ymaydi. Biz Vazirlar Mahkamasi boshqaruvi ostidamizku, shuning uchun xavfsizlik bizda ancha kuchli", degan edi kutubxona xodimi.

Shu tariqa, ro‘mol o‘ragan muslimalarning, hatto kutubxonaga ham qo‘yilmay boshlagani O‘zbekistonda ibodat va e‘tiqod erkinligi naqadar cheklanayotganiga bir yaqqol dalil sifatida baholandi.

Bu cheklovga asos bo‘lib qolayotgan - 1998 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgan. Qonunda taqiqlangan “ibodat libosi” iborasiga izoh berilmagan.

Ana shu noroziliklar ortidan qonunning 14-moddasiga yozilayotgan sharh qachon bitishiyu, qachon e‘lon qilinishi hanuz noma‘lum qolmoqda.

Nazmiy Qur‘onga taqiq

O‘zbek tilidagi ilk nazmiy Qur‘on bo‘lishi kutilgan xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasidagi Qur‘oni karim ma‘nolari tarjimasini chop etishga ruxsat berilmagani ham bu yil Ozodlik mushtariylari e‘tiborini tortgan voqealardan biri bo‘ldi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, qo‘mita tarjimani imom-xatiblar muhokamasiga qo‘ygan va ular “Qur‘onni she‘rga solib, tarjima qilish mumkin emas” mazmunidagi fatvo bilan uni rad etgan.

Loyiha muallifi, "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi Homiylar kengashi raisi Anvar Husainovning aytishicha, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasi tarjimani rad etish sabablari ko‘rsatilgan bayonnomani unga taqdim qilgan.

- Toshkent imom-xatiblari va boshqa viloyat imom xatiblari bayonnomasida birinchi bo‘lib aytilayaptiki: "Qur‘on nazmiy tarjima qilinmagan" deb. Bu juda zaif argument, chunki Qur‘oni karim juda ko‘p tillarga tarjima qilingan - ingliz, frantsuz, fors tilida ham bor, rus tilida ham bor... Lekin biz O‘zbekistonda mavjud qonunlarga amalga qilgan holda, Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda bu ishni amalga oshirdik va oxir-oqibat, nazmiy tarjimani chop qildirishga erishamiz, deb ishonaman, - deb ta‘kidladi Anvar Husainov.

O‘zbekistonda rasman nashr etilgan ilk tarjima esa 1991 yilda "Sharq yulduzi" jurnalida bosilgan shayx Alouddin Mansurga tegishli Qur‘on ma‘nolari tarjimasidir.

Keyinroq shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi ham chop etildi va hozirda bu tarjimalarning ikkisi ham o‘zbek tilida o‘quvchi musulmonlar o‘rtasida keng mutolaa qilinadi.

Ro‘zador futbolchilar

Yakunlanib borayotgan 2014 yilda dunyo va O‘zbekiston musulmonlarida qolgan yorqin xotiralardan biri Futbol bo‘yicha Bariziliyada o‘tgan Jahon chempionatida o‘ta mahoratli o‘yin ko‘rsatgan ro‘zador jazoirlik futbolchilar bo‘ldi, aftidan.

Bu yil Jahon chempionati Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi va jazoyirlik futbolchilar 27-28 daraja issiq, nafas qaytar darajadagi dim havoda 13-13 yarim soatdan ro‘za tutib, juda kuchli bo‘lgan Germaniya terma jamoasiga qarshi professional o‘yin ko‘rsatdi.

FIFA chempionatlari doirasida musulmon davlatlarda ishlagan aksar tibbiyot xodimlari hamda fiziologlar 27 - 28 daraja issiqda ro‘zador futbolchilar bu muvaffaqiyatga erishishini “chiniqqan musulmon futbolchilarning ustunligi” deya izohlandi.

Zero, shu vaqtga qadar bu hodisa ko‘p bor ilmiy tadqiq etilgan.

Jumladan, AQShdagi Biotexnologik tadqiqotlar milliy markazi 2011 yilda yosh professional futbolchilardan 16 nafarini ixtiyoriy ravishda jalb qilib, Ramazon paytida sportchi tanasidagi jismoniy o‘zgarishni aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazgan edi.

Natijada kelingan xulosaga ko‘ra, agar ro‘za tutgan futbolchi jismoniy nagruzkani saharlik va iftorlikdan keyingi paytga to‘g‘ri taqsim qilsa, og‘zi ochiq paytida yetarli darajada suv ichsa va to‘g‘ri ovqatlansa, bu uning jismoniy holati va o‘yini sifatiga jiddiy ta‘sir qilmasligi ayon bo‘lgan.

Namozxonu benamozga birdek tahdid

Yakunlanayotgan yilning O‘zbekiston va dunyo musulmonlari hayotida tutgan o‘rniga oid maxsus eshittirishni hozirlash chog‘ida Toshkentdan olingan bir xabar, go‘yoki, 2015 yilda musulmonlarga nisbatan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan kutilajak ayovsiz munosabatga bir ishoratdek ko‘rindi.

"O‘zbekiston" telekanalida berilgan "Xiyonat" ko‘rsatuvida ham jihodchilik, ham besoqobozlikda ayblangan 6 kishiga hukm o‘qildi.

Norvegiyaga ishlagani borgan va O‘zbekistonga qaytgach, hibsga olingan dindor yigitlarga xorijda yurib, radikal diniy guruhlarga a‘zo bo‘lganlik va xorijda turib O‘zbekistonga tahdid solganlik aybi qo‘yildi. Ularga, odatdagidek, JKning 159, 244 moddalar asosida 12 yildan 13 yilgacha qamoq jazolari berildi.

Lekin bu ishdagi muhim jihat, mahkumlarning yaqinlari va advokatlariga ko‘ra, besoqobozlikka oid ayblovning na ayblov xulosasi, na hukmda tilga olinganidir. Ko‘rsatuvda esa jihodchilikka tayyorlanganlarini "bo‘yniga olgan" bu yigitlar besoqolbozlik bilan ham shug‘ullanganliklarini "e‘tirof etgan" edi.

Bu holni, aksar huquq faollari va kuzatuvchilari, xorijga chiqib pul topishga majbur bo‘layotgan namozxonu benamoz mehnat muhojirlarini qo‘rqtishning navbatdagi vahshiyona usuli, mazmunida baholamoqdalar.

"Islom va musulmonlar"ning qahramonlari:

Faxriddin Roziy

Chaqimchiga aylanib qolishdan qo‘rqib, O‘zbekistonda imomlik taklifini rad etgan va ayni kunlarda Malayziyada bugunidan ertasiga zahira saqlamay hayot kechirayotgan urgutlik 45 yashar Faxriddin Roziy "O‘zbek imomlari" rukni qahramonlaridan biri bo‘ldi. Uning mulohazalari o‘zbek musulmonlari orasida anchagina bahslarga ham sabab bo‘ldi.

Bahodir Taroziy

Janubiy Qozog‘istonning Taroz shahrida yashayotgan 42 yashar Bahodirxon Taroziy Markaziy Osiyoning xalqlar zehniyati, diniy qadriyatlar va murakkab ijtimoiy-iqtisodiy siyosatlar kesishgan nuqtasida yashayotgan imomlardan biridir.

Ozodlik bilan suhbatda bu kishi o‘z faoliyati bilan birga ajdodlari – buyuk Taroziylar haqida ham so‘zlab berdi.

Osimxon Mo‘minov

“Islom va musulmonlar”ning yana bir qahramoni - toshkentlik 62 yashar ganchkor usta, Malayziyada muhtasham masjidlar qurayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Osimxon Mo‘minov bo‘ldi.

18 yil davomida bu davlatda Osimxon usta sharqona uslubda bezagan yirik masjidlardan biri Kuala-Lumpur markazidagi Petronas minoralari ichida bo‘lsa, yana biri minoralar yonida joylashgan 8 ming kishilik ulkan masjiddir.

Ibrohim Eshon

Ko‘plab tinglovchilar qayta va qayta so‘ragan, ko‘pchilik tomonidan "hazrat pirimiz Ibrohim Eshon", deb hurmatlangan farg‘onalik marhum ahli ilm Ibrohim Mamatqulov haqida ham ma‘lumot to‘plashga urindik.

72 yoshida olamdan o‘tgan Ibrohim Eshon (1937-2009) Naqshbandiylik tariqatining Markaziy Osiyodagi so‘nggi yirik peshvosi sifatida tan olingan.

Oltinxonto‘ra

O‘tgan asrda yashagan yana bir yirik Islom olimi - Markaziy Osiyo musulmonlari orasida ilk bor Qur‘oni karim ma‘nolarini turkiy tilga o‘girgan va muxtasargina izohi bilan eski o‘zbek yozuvida chop ettirgan sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy - Oltinxonto‘ra "O‘zbek imomlari" ruknining yana bir qahramoni bo‘ldi.

"Islom musulmonlar"ning bosh qahramonlari bilan mana bu sahifada tanishishingiz mumkin.

Hamkorlik qiling!

2014 yilda tayyorlaganimiz va tinglovchilar e‘tiborini tortgan ba‘zi muhim voqealarni xotirladik.

Yangi 2015 yilda ham ayni ruknni tayyorlash niyatidamiz, kelgusi yilda ham mushtariylarimiz safida qoling va bilganlaringizni "Islom va musulmonlar" bilan o‘rtoqlashing!

Doimiy hamkorlarimizga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz!

XS
SM
MD
LG