Линклар

Jahon xalqlarining Yangi – 2015 yilni kutib olish bilan bog‘liq quvonchiga Shanxayda sodir bo‘lgan fojea soya soldi.

Nafaqat Xitoydagi, balki dunyodagi eng yirik shaharlardan biri -Shanxayda Yangi yil kirishi arafasida olomon oyoqlari ostida qolib, kamida 35 kishi nobud bo‘ldi, boshqa bir necha o‘n kishi tan jarohati oldi.

Yangi yil kechasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan an‘anaviy lazer shouni tiqilinch hosil bo‘lishining oldini olish uchun o‘tgan haftada bekor qilgan rasmiylar fojea sabablarini o‘rganmoqda.

Shanxayda sodir bshchlgan fojea shohidlaridan ba‘zilarining aytishicha, fojeaga o‘sha joydagi restoranning ustki qavatidan tashlangan qalbaki pullar sabab bo‘lgan: pulni terib olishga shoshilganlarning dastlabkilari keyingilarining oyoqlari ostida qolib ketgan.

Odamlar Xuangpu daryosidagi platformaga chiqishga shoshilganda paydo bo‘lgan tiqilinch sabab bo‘ldi odamlarning o‘lishiga, deyayotganlar ham bor.

Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin mahalliy va mintaqaviy rahbarlarni yuz bergan fojea sabablarini puxta o‘rganishga, bunday fojealarning takrorlanishi oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishga farmoyish berdi.

Yangi yil bayrami bu gal malayziyaliklarga ham tatimadi: bir tomondan AirAsia havo yo‘llarining 28 dekabrda halokatga uchragan uchog‘i bu kompaniyaning bu yilning o‘zida yo‘qotayotgan uchinchi samolyoti bo‘lsa, ikkinchi tomondan mamlakat shimoli-sharqida davom etayotgan suv toshqini taqriban 250000 kishini yashash joylarini tark etishga majbur qildi.

Iroq poytaxti rasmiylari 10 yildan beri davom etayotgan komendant soatini odamlar bayram qilib olsin uchun bir kechaga bekor qildi.

Biroq shaharning savdo do‘konlari joylashgan ko‘chalari shaharni bir necha oydan beri ta‘qib qilib kelayotgan islomchi-janggarilarning xudkush hujumlaridan saqlanish uchun yopiq qoldi.

Avstraliyaning Sidney shahridagi Opera teatri oldida o‘tkaziladigan an‘anaviy mushakbozlikni tomosha qilish uchun 1 yanvarga o‘tar kechasi 1 millionga yaqin kishi yig‘ildi.

Birlashgan Arab Amirliklarida esa, Yangi yil kechasining asosiy tadbiri dunyodagi eng baland bino - Burji Xalifa oldida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda o‘tkazilgan mushakbozlik va lazer shouni bir necha yuz ming odam tomosha qildi.

Havo haroratining 0 dan ancha past ekanligiga qaramay, Moskvaning Qizil maydonida ham bir necha o‘n ming kishi yig‘ildi. Bu yerda o‘tkazilgan mushakbozlik yolqini bir tomonda Vasiliy Blajenniy soborini yoritgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda Lenin mavzoleyini yoritdi.

Berlinning Brandenburg darvozasi oldida ochiq osmon ostida o‘tkazilgan kontsert Berlin devori qulashining 25 yilligiga bag‘ishlandi.

O‘zA agentligiga ko‘ra, Toshkentning Mustaqillik maydonida akademik drama teatri aktyorlari ijrosida “Yangi yil sarguzashtlari” nomli teatrlashtirilgan tomosha namoyish etilmoqda.

Bu yilgi tomoshalar ham ko‘proq milliy ruhda hozirlandi va ular, asosan, bolalarga mo‘ljallangan. Tomoshalarda xalq ertaklari qahramonlari - Nasriddin Afandi, Shum bola, Egri va To‘g‘ri, sehrli shamchiroq egasi Oloviddin, mehnatsevar Zumrad va erka Qimmat obrazidagi aktyorlar tomoshaga borgan bolalarning ko‘nglini olmoqda.

Rasmiy xabarga ko‘ra, mamlakat bosh maydonda 70ga yaqin attraktsion, 50ga yaqin savdo shoxobchasi ochilgan.

Xuddi shunday Yangi yil tadbirlari Toshkent va respublikaning barcha viloyat markazlari, tuman markazlari hamda shaharlaridagi bosh maydonlarida tashkil qilingan.

XS
SM
MD
LG