Линклар

Qonunni buzgan muhojirning Rossiyaga kirishi 10 yilga taqiqlanadi


Rossiyada chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbek mardikorlari

Rossiyada chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbek mardikorlari

Rossiya muhojirlarga doir qator yangi tartib-qoidalarni joriy qildi. Jumladan, yangi tartibga binoan, qonunni buzgan muhojir 10 yil davomida Rossiyaga kiritilmaydi. Yangi yildan boshlab rus tili bo‘yicha imtihon topshirmagan va tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagan muhojir Rossiyada ishlash huquqiga ega bo‘lmaydi. Shuningdek, MDH fuqarolari endilikda Rossiyaga faqat xorij pasporti bilan kiradi, lekin bu tartib O‘zbekiston fuqarolariga taalluqli emas.

Deport bo‘lgan muhojir Rossiyaga 10 yil kiritilmaydi

Prezident Vladimir Putin 31 dekabrь kuni imzolagan yangi qonunga ko‘ra, migratsiya qonunchiligini buzgan muhojirning Rossiyaga 10 yil davomida kirishi taqiqlandi.

12 yanvardan kuchga kiradigan ushbu qonunga ko‘ra, agar muhojir Rossiyada bo‘lish muddati tugagach, noqonuniy ravishda 270 kundan ortiq qolgan bo‘lsa, unga 10 yillik taqiq qo‘llaniladi.

Agar muhojir 180 kundan 270 kungacha Rossiya hududida noqonuniy yurgan bo‘lsa, uning 5 yil davomida ushbu mamlakatga kirishi taqiqlanadi.

Federal Migratsiya xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida 1 million 200 ming muhojirning Rossiyaga kirishi taqiqlangan.

Rus tilini bilmagan muhojir Rossiyada ishlay olmaydi

1 yanvardan kuchga kirgan yana qonunga ko‘ra, Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan muhojir rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirishi shart hisoblanadi.

Muhojir imtihondan o‘tgani haqidagi maxsus sertifikatga ega bo‘lsagina Rossiya hududida ishlash huquqini ololadi.

Yangi tartibga ko‘ra, mehnat muhojiri Rossiyada ishlash uchun patentni bir oy muddatga oladi va uni bir yilgacha uzaytirishi mumkin bo‘ladi.

Muhojir ishlash uchun patentni Rossiyaga kirganidan boshlab 30 kun ichida olishi lozim.

Bir yildan so‘ng muhojir patentni yana bir yilga uzaytirish huquqiga ega. Shundan so‘ng u Rossiyani tark etishi lozim. Lekin qonunga ko‘ra, muhojir Rossiyadan chiqqanining ertasiga qaytib kelish imkoniga ham ega.

Rossiyaga faqat "zagranpasport" bilan kiriladi

Yangi yilning 1 yanvaridan MDH davlatlari fuqarolari Rossiyaga faqat xorijiy pasport bilan kirishi mumkin.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytidagi ma‘lumotga ko‘ra, Bojxona ittifoqiga a‘zo Qozog‘iston va Belarus fuqarolariga ushbu tartib qo‘llanilmaydi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiyning matbuotga bildirishicha, Qirg‘izistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish harakatlari borayotgani uchun qirg‘izistonliklarga ham bu tartib qo‘llanilmaydi. May oyida Qirg‘izistonning ushbu Ittifoq a‘zosiga aylanishi kutilmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Ukrainadagi ichki siyosiy vaziyat bois ukrainaliklarning ham ichki pasport bilan Rossiyaga kirish imkoniyati hozircha saqlab qolingan.

O‘zbekistondan tashqari MDHdagi deyarli barcha davlatlarda ikki pasportlik rejim amalda bo‘lib, fuqarolar o‘z mamlakati hududida ichki pasport bilan yuradi. Chet elga chiqish uchun esa xorijiy pasport olishi lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston viza tartibi bo‘lgan xorij davlatlariga chiqayotgan fuqarolari uchun chiqish vizasini joriy qilgan. Lekin Rossiya bilan vizasiz bordi-keldi bo‘lgani bois ushbu mamlakatga borish uchun o‘zbekistonliklar chiqish vizasi olishi shart bo‘lmaydi.

Moskvadagi “Vatandosh” O‘zbeklar jamiyati rahbari, yurist Usmon Baratovga ko‘ra, ayni shu bois Rossiya joriy qilgan yangi tartib o‘zbekistonliklarga taalluqli emas:

- Rossiyaning yangi qonuni O‘zbekistonga taalluq joyi yo‘q. O‘zbekistonning pasporti avtomatik zagran pasport hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarolari bemalol oldin qanaqa kirib yurgan bo‘lsa, shunday kirishadi,- deydi yurist Baratov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, yangi tartib davlat chegarasini kesib o‘tish bo‘yicha yagona qoida joriy etish va migratsiyaga nisbatan nazoratni kuchaytirish maqsadida kiritilgan.

Tahlilchilar migratsiya bilan bog‘liq yangi o‘zgarishlarni rus rublining qadrsizlanishi va G‘arb sanktsiyalari natijasida Rossiya yuz tutayotgan iqtisodiy vaziyat bilan bog‘lashmoqda.

XS
SM
MD
LG