Линклар

Jizzaxning G‘allaorol tumanida istiqomat qiladigan uch farzand onasi 30 yashar uy bekasi Violetta Kurazova O‘zbekiston prezidenti qarorgohi oldida 11 marta norozilik piketi o‘tkazganidan keyin undan tortib olingan hovli joy o‘rniga yer uchastkasi oldi.

4 yanvar kuni G‘allaorol tuman hokimi Azim To‘labov Viloyetta Kurazovaning tortib olingan hovlisi evaziga yer uchastkasi ajratilgani, Kurazova oilasining propiskasi qayta tiklanganini uning o‘ziga ma‘lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatda Kurazova Do‘stlik tumani xo‘jalik sudi qaroriga ko‘ra¸ 2013 yili yanvar oyida tortib olingan hovli joyi o‘rniga yer uchastkasi berilganligini bildirdi:

- Hozircha uyimni qaytarib berishmadi. Mustaqillik maydonida piket qilganimdan keyin 9 sotix yer uchastkasi berishga va‘da qilishgan edi. Ana shu va‘da bajarildi. Bekor bo‘lgan propiskamni ham tiklab berishdi. Tortib olingan uy masalasini uch yildan keyin hal qilishga va‘da berishdi. Haqiqat qisman qaror topdi. Lekin, mana shu ozgina natijaga erishish uchun ikki yil mobaynida 11 marta norozilik piketi o‘tkazdim. Bu piketlarning hammasini Toshkentda o‘tkazdim. Jizzaxda birov meni gapimni eshitmasligini bilganimdan keyin Toshkentga bordim. Faqat Toshkent yordam beradi, deya ishonganim uchun aynan o‘sha yerda uch bolam bilan muntazam piket qildim¸- deydi talabi qisman qondirilgan arizago‘y.

Kurazova o‘z haqini talab qilib, 2013 yildan beri Toshkentdagi mustaqillik maydoni va O‘zbekiston prezidenti qarorgohiga yaqin joylarda 11 marta piket o‘tkazgan.

O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilari alьyansi rahbari Yelena Urlayevaga ko‘ra¸ jizzaxlik oddiy uy bekasining o‘z huquqlarini himoya qilib, qisman bo‘lsa ham samaraga erishgani boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan holat.

Yelena Urlayevaning Ozodlikka aytishicha¸ Kurazova Toshkentda piket qilganida militsiya xodimlari tarafidan qo‘lga olinib, doimo Jizzaxga olib borib qo‘yilgan.

- Masalan, Kurazova o‘tgan yilgi piketlaridan birini O‘zbekiston prezidenti devoni oldida o‘tkazdi. Besh minut o‘tmasdan, Viloyetta va uning farzandlarini Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketishdi. Violettani o‘sha kunning o‘zida Jizzaxga olib borib tashlashdi. Shunga qaramasdan Violetta piket o‘tkazishdan va o‘z huquqlarini himoya qilishdan to‘xtamadi,- deydi Yelena Urlayeva.

“Baxt” mahallasidagi uy mojarosi

Jizzaxning G‘allaorol tumanida istiqomat qiladigan uch farzand onasi 30 yashar Violetta Kurazovani 11 marta piket qilishga undagan muammo haqida ikki og‘iz gapirsak.

Kurazova bizga taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra¸ G‘allaorol tumani “Baxt” mahallasidagi Lalmikor tumanidagi uy sohibasi tirik paytida o‘z xovlisini Viloyetta Kurazovaga hadya qiladi.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra¸ "Hadya" notarial rasmiylashtirilgan. Kurazovaning aytishicha¸ uy sohibasi o‘zi borib Kurazovani o‘z uyiga propiska qilgan.

Uy sohibasi 2013 yilda olamdan o‘tganidan keyin uyga talabgorlar paydo bo‘ladi. Bu talabgorlar da‘vosi bo‘yicha ochilgan mahkama Viloyetta Kurazovani uyga egalik qilish huquqidan mosuvo qiladi.

Sud qaroriga ko‘ra¸ Kurazovaning propiskasi bekor qilinadi. Kurazova bo‘lsa¸ o‘z huquqlarini talab qilib norozilik piketlari o‘tkazishni boshlab yuboradi.

2014 yilda tuman hokimiyati Violetta Kurazovaning talablarini qisman qondirdi. Kurazovaning propiskasi tiklandi va talabgorga yer uchastkasi ajratildi.

Ozodlik bilan suhbatda Kurazova o‘z haq-huquqlari to‘la tiklanmagunicha o‘z kurashini davom ettirishini aytdi.

XS
SM
MD
LG