Линклар

O‘zbekistonda un, gaz, yo‘lkira, yog‘och va hatto, chaqaloq yemagi 50-60 foizga qimmatladi​


Xalqni oshdi-oshdilar orasida eng qiynagani un narxining oshgani bo‘layapti.

Xalqni oshdi-oshdilar orasida eng qiynagani un narxining oshgani bo‘layapti.

O‘zbekiston bozorlarida oziq-ovqat, un va non, sut mahsulotlari hamda qurilish mollari narxi 50-60 foizga qimmatlab ketdi. Davlatga qarashli jamoat transporti qatnovi mutlaqo uzilib qolgan viloyatlarda xususiy taksilar yo‘lkira haqini 500 so‘mdan 800 so‘mga ko‘tarib olganidan shikoyat bo‘lmoqda. Garchi har Yangi yil boshida narx oshishi kuzatilsa-da, bu gal Rossiya rublining qadrsizlanishi mamlakatda narxlarning keskin oshishiga olib keldi.

Gaz qimmatladi, natijada yo‘lkira 1000 so‘mga chiqdi

Namangan viloyatidan Ozodlikka murojaat qilgan baqqol Abdug‘ofir aka Yangi yil boshidan shahar va tumanlar markazlaridagi yo‘nalishdagi taksilar yo‘l haqini 300 so‘mga oshirganidan nolidi:

- Xususiy taksilar narxini 500 so‘mdan 800 so‘mga oshirvoldi. Gaz 300 so‘mga oshiptimish. Bir chiqish-tushish 800 so‘m bo‘ldi. Aslida 1000 so‘m, degani bu. Chunki, qaytimga 200, 300 so‘mlik pul yo‘q hozir. 2 ta gugurt beradi, xolos. Shaharda jamoat transporti umuman yo‘q. Nomiga 2 ta "Otayo‘l" bor, hech kim minmaydi. Majbur, aholi taksiga chiqayapti. Bizga o‘xshagan puli yo‘qlar piyoda qoldi, lekin, - deydi namanganlik baqqol.

O‘zbekistonda 1 yanvardan boshlab benzin narxi 25 so‘mga, metan gazi narxi esa 400 so‘mga qimmatladi. Bunga prezident qarori bilan avtomobil yonilg‘isidan foydalanganlik uchun jismoniy shaxslardan olinadigan soliq miqdori hamda metan gazi uchun sarmoya ustamasi oshirilgani sabab qilib ko‘rsatildi.

50 kilolik 1 qop un 65 ming so‘m bo‘ldi

Jizzax viloyatidan Ozodlikka maktub yozgan tinglovchi un narxining oshib ketganidan nolidi:

"Salom mening bitta savolim bor edi. Avgust oyida unning narhi 1 qopi yani 50kg mi 40000 edi xozir 65000 bölgan.Shunday 5,6 oy ichida 25000 sum ko'tarilib ketishiga sabab nima? Eshitishimcha xali yana ko'tarilishda davom etarkan.Gap o'zimizning Jizzax-8 va Do'stlik davlat uni xaqida ketyapti. Un avgust oyida 800 sum 1 kilosi ,xozir 13000 sum farqi 5 oyga 500 sum", deb yozdi Ozodlik mushtariysi.

Namanganlik Muzaffar akaning aytishicha, viloyatda ko‘p iste‘mol qilinadigan Pop unining narxi ham 65 ming so‘mga chiqqan:

- O‘zimizda chiqadigan 50 kilolik bir qop un Yangi yildan oldin ham 55 ming so‘m edi, hozir 65 ming so‘mga chiqib ketdi. Bizda qishloqlarda odamlar non qilish uchun, asosan, o‘zimizning mahalliy unni oladiku! Qozoqning uni bundan ham qimmat. Qozoq unini pishiriqlarga va o‘zimizning unga aralashtirib, pishirish uchun olinadi. Lekin, unning qimmatlagani yomon bo‘ldi,- deydi Muzaffar aka.

Qarag‘ay yog‘ochi yarim barobarga qimmatladi

Namangandagi qurilish mollari bozorida yog‘och sotadigan tadbirkor Muzaffar aka Rossiyada rubl qadrsizlanishi ortidan O‘zbekistondagi qurilish mollari bozorida narx beqaror bo‘lib qolganini aytmoqda.

U olib-sotadigan qarag‘ay yog‘ochi Rossiyadan keladi.

- Hozir Rossiya rubli bir ko‘tarilib-bir tushib turgani uchun men shu kunda yog‘och biznesini to‘xtatib ham turibman. Uzunligi 15 metrlik to‘sinlar 24 ming so‘mdan 32-35 ming so‘mga chiqib ketdi. Ertalabda bozorga borsangiz, so‘mda savdo qilishniyam bilmaysiz, dollarda qilishniyam bilmaysiz. Xullas, ko‘tarasiga zarar bo‘lib qoldi,- deydi Muzaffar aka.

O‘zbekiston qurilish bozorlarida sotiladigan qarag‘ay yog‘ochlarining mahalliysi yo‘q, faqat Rossiyaniki. Ammo, shu kunda rubl qadrsizlanishi bois, O‘zbekistonda qimmatlagan yana bir muhim qurilish materiali - shifer bo‘lmoqda:

- Rossiyaning shiferi ham 22 ming so‘m edi. Hozir 30 ming so‘mning tepasida. Odamlar majbur bo‘lganidan O‘zbekistonning 18 - 22 ming so‘mlik shiferini olayapti. Bir yilda sinib ketadiyu, endi iloji yo‘q,- deydi Muzaffar aka.

7 ming so‘mlik pishloq 11-12 ming bo‘ldi

O‘zbekistondagi oziq-ovqat mahsulotlari orasida sut mahsulotlarining kattagina qismi Rossiyadan keladi va so‘nggi bir oy ichida bu turdagi mahsulotlar narxi qariyb 60 foizga qimmatladi.

- Men kuni-kecha Rossiyadan keladigan yumshoq pishloqni - nomi yodimdan ko‘tarildi - 11 ming so‘mga oldim. Rossiyada rubl qadrsizlanib ketishidan oldin shu pishloqlarning kilosi 7 ming so‘m edi. Hozir, 12 ming so‘mgayam bor. Rossiyadan keladigan yogurt, bolalarga beriladigan quruq sutlar ham shunday 50-60 foizga qimmatlagan,- deyli toshkentlik iqtisodchi Toshbek.

Rossiya bozori O‘zbekistonning qora bozorini o‘ynatayapti

Shu kunda O‘zbekistondagi xorij valyutalari qora bozorida ham narx beqaror bo‘lib qolmoqda.

Yangi yil arafasida 1 AQSh dollarining narxi qora bozorlarda 3 ming 400 so‘mga chiqdi va so‘nggi 23 yildagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi.

- Hozir dollarning narxi ham 3 ming 400 - 3 ming 500 so‘m o‘rtasida o‘ynab turibdi. Davlat kursi esa 2 yarim mingga yaqinladi. Bu esa mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxining ham oshishiga olib kelayapti. Ya‘ni, asosiy qismi Rossiya va Qozog‘istondan kelayotgan oziq-ovqat, xalq iste‘moli mollari narxi rublning qadrsizlanishi bois ko‘tarilgan bo‘lsa, mahalliy mahsulotlar narxi O‘zbekistonda AQSh dollarining narxi oshgani bois, qaimmatlamoqda va bu ham bevosita, Rossiyada bo‘layotgan jarayonlar bilan bog‘liq, - deydi toshkentlik iqtisodchi Toshbek.

Quyida u bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG