Линклар

O‘zbekistonda harbiy xizmat yoshidagi yigitlar uchun xizmatga chaqiruv e‘lon qilindi. Ozodlikka so‘zlagan mushtariylarga ko‘ra, armiyaga borish istagida bo‘lganlar ham, qolishni xohlayotganlar ham harbiy majburiyat masalasini hal qilish uchun katta miqdorda, ba‘zi viloyatlarda esa 1000 AQSh dollariga qadar pora berishga majbur qolayotganidan nolimoqda.

Samarqand viloyati Payqariq tumanida yashovchi Shodiyor harbiy xizmat yoshida va u bir yillik harbiy xizmatga borishni xohlashi, lekin imkoni yo‘qligini aytadi.

- Bir yillik xizmat uchun 1000 dollar berish kerak ekan, borolmayapmiz. Tank kuchliroq bo‘lsa, 800 dollar. Shuni bermasangiz, ketolmaysiz. Tumandagi Mudofaa ishlari bo‘limiga borsangiz, bir oylikka yuboradi. Pul berganlar bir yillikka olinadi, - deydi Shodiyor.

Ishsizlik avj olgan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bir yillik harbiy xizmatga borish ishtiyoqi kuchaygani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarida ishlash uchun aynan muddatli harbiy xizmatni o‘tash shartligi bu qiziqishga sabab bo‘layotgani ma‘lum.

Bundan tashqari, bir yillik harbiy xizmatni o‘tab kelganlar osonroq ish topadi va bundan tashqari, o‘qishga kirishda ham imtiyozlarga ega bo‘lishadi.

- Harbiy xizmatga borib kelganlar, kelib lьgotalar bilan o‘qishga kirib ketyapti. O‘qishga olish jarayonida harbiy xizmatni o‘taganlarga ustunlik berilyapti. Mana shu yozda mening sinfdoshim harbiydan qaytib o‘qishga kirdi. Men ikki yildan beri kirolmayapman. Armiyaga ketganlarni ko‘pchiligi bir yillik xizmat tugaganidan so‘ng o‘sha yerda ish topib qolyapti. Ayrimlari militsiyaga o‘tib ketyapti. Baribir afzalliklari ko‘p-da. Bizni qishloqda ish yo‘q bo‘lsa. Shuning uchun Armiyaga talabgorlar ko‘paygan-da, - deydi Shodiyor.

Shaharliklar orasida esa armiyada xizmat qilishni xohlovchilar kam. Toshkenlik Umid shularning biri.

- U yerda ahvol men xohlaganday emas. Buni xizmat qilib kelganlardan eshitganman. Ovqatlanishdan tortib, yashash sharoitlari ham juda yomon. Bir yil behuda o‘tib ketadi. Undan ko‘ra yaxshiroq repetitor olib, o‘qishga tayyorlanganim ma‘qul, - deydi Umid.

Shaharlarda esa aksincha, harbiy xizmatga qiziqish kam. Ota-onalar farzandlarini armiyadan olib qolishga harakat qiladi.

Safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat o‘tovchi yigitlar davlat hisobiga eng kam ish haqining 25 barobari ( 2 million so‘mga yaqinroq) miqdorida haq to‘lash lozim bo‘ladi. Haq to‘langach, bir oy xizmat qilib, harbiy guvohnoma olish mumkin.

- Ko‘pchilik pul berib bo‘lsa ham shu bir oylikka bormasdan guvohnoma olishga harakat qiladi. Boyroq odam bo‘lsa, bolasini u yerga yubormaydi. Chunki, sharoiti yomon, tong sahar turg‘izib yugurtiradi, ishlatadi. Shuning uchun pul berib qoldiradi, - deydi toshkenlik Manzura opa.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligidagilar yigitlarni armiyaga olish jarayoniga pora aralashgani haqidagi iddaolarni rad etishadi.

- Hech qanaqa pul berish yo‘q. Armiyaga borishni xohlagan 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan har bir yigit ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi Mudofaa ishlari bo‘limiga pasporti bilan kelib murojaat etishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Agar tibbiy ko‘rik natijalari yaxshi bo‘lsa, olinadi. Medkomissiya aniqlaydi, harbiy xizmatga layoqatli bo‘lsa olinadi, - dedi O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston qurolli kuchlari safida 50 mingga yaqin askar-zobit xizmat qiladi.

O‘zbekiston prezidentining 5 yanvar kungai farmoniga muvofiq chaqiruv yoshidagi fuqarolarni joriy yilning fevral va mart oylarida muddatli harbiy xizmatga jalb etiladi.

Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan fuqarolar esa mart-aprel oylarida uyiga qaytadi.

XS
SM
MD
LG