Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:13

Paxta rejasini bajara olmagan samarqandlik fermer o‘zini osdi


Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Paxtakor jamoa xo‘jaligida fermerlik bilan shug‘ullangan 40 yashar Dilshod Murodillayev yangi yil arafasida o‘zini osib o‘ldirdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, paxta rejasini bajara olmagani ortidan katta miqdorda qarzga botgan Murodillayev mahalliy mulozimlar bosimidan bezgach o‘z joniga qasd qilgan.

Voqea 29 dekabr kuni Dilshod Murodillayevning Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Paxtakor jamoa xo‘jaligi Arabxona qishlog‘idagi uyida sodir bo‘lgan. Bu haqda voqeadan xabardor manba Ozodlikka 6 yanvar kuni ma‘lum qildi:

"Dilshod 29 dekabrda kechqurin uyida o‘zini osgan. Ertasiga uning dafn marosimi bo‘ldi. Dilshod o‘zi keyingi 10-15 kundan beri hokimiyatdagi majlislarda ham qatnashmay qo‘ygandi. Hech kimga ozori yo‘q, yaxshi yigit edi. Oilasi ham yaxshi edi. Bolalari yetim qoldi", dedi voqeadan xabardor manba.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 1974 yilda tug‘ilgan Dilshod Murodillayev o‘tgan yilning aprel oyida fermerlik faoliyatini boshlagan.

U Arabxona qishlog‘ining dasht hududida 110 gektar maydonda "Dilshod Murodillayev" fermer xo‘jaligini tashkil qilib, g‘alla va paxta yetishtirish bilan shug‘ullangan.

Murodillayevni taniydigan manbalardan biriga ko‘ra, Dilshod fermerlik faoliyatining birinchi yilidayoq omadsizlikka uchragan:

"Dilshodning ishi yurishmadi. Bug‘doyi ham yaxshi bo‘lmadi, natijada g‘alla rejasi ham o‘lda-jo‘lda bo‘ldi. Paxtasining hosili umuman bo‘lmadi. Birinchi yil bo‘lganiga uddalay olmadimi yoki boshqa biror sababi bo‘ldimi, ishqilib bulturgi yil Dilshod uchun omadsiz bo‘ldi. Paxta hosilini hatto 40 foizga ham yetkaza olmadi. Hokimiyatdagi majlislarda ham buning uchun ancha-buncha gap eshitdi", dedi Murodillayevni taniydigan manbalardan biri.

Murodillayev o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlardan xabardor boshqa bir manbaga ko‘ra, Dilshod paxta rejasini bajara olmagani uchun mahalliy mulozimlarning tazyiqiga uchragan:

"Uning fermer xo‘jaligi jami 90 million so‘m qarz bo‘lgan. Hokimiyatdagilar undan yerni olib boshqa fermerga berishmoqchi bo‘lgan. Lekin u fermer "Avval 90 million so‘m qarzini to‘lasin, keyin yerni olaman" degan. Dilshoddan fermer xo‘jaligining qarzini to‘lashni talab qilishgan. Mol-mulki, qoramollarini fermer xo‘jaligining qarzi evaziga olishmoqchi bo‘lishgan. Shundan keyin u chiday olmay, joniga qasd qilgan", dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi rasmiylari esa Dilshod Murodillayevning o‘limini uning fermerlik faoliyati bilan bog‘lamaslikni so‘rashdi:

"Paxta rejasini bajarmagan bitta u emas-ku. Unda boshqa fermerlar ham o‘zini osishi kerakdir. Dilshod Murodillayevning o‘zi vos-vos kasaliga uchragan. Shuning uchun o‘z joniga qasd qilgan", dedi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligining ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysi.

Kattaqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Murodillayev o‘limi bo‘yicha hech qanday jinoiy ish ochilmagan.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning tazyig‘idan qo‘rqib o‘z joniga qasd qilayotgan fermerlar to‘g‘risida Ozodlik avval ham bir necha bor xabar qilgan.

Jumladan, o‘tgan yilning 17 oktabr kuni Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiyev uyiga qaytgach, o‘zini osgan edi.

22 iyun kuni esa Namangan viloyati, Chust tumani, Baymoq qishlog‘ilik 44 yashar fermer Qurbontoy Usmonov dala shiyponida o‘z joniga qasd qildi. Usmonov fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq muammolar bois o‘zni osgani aytildi.

2013 yilning noyabrida Sirdaryoning Boyovut tumanida yashagan 54 yashar fermer Ne‘mat Sulaymonov o‘zini osgan, huquq faollariga ko‘ra, bu fermer ham mahalliy hokimlik vakillarining bosimiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan.

2013 yilning avgustida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov ham tuman hokimi tomonidan xo‘rlanib, kaltaklangach, uyiga kelib o‘z joniga qasd qilgan.

XS
SM
MD
LG