Линклар

logo-print

Bankir: O‘zbekistonda ustama foiz arzonlashishining oddiy o‘zbekka foydasi yo‘q​


O‘zbekiston kredit taqdim qilish jarayoni Markaziy bank joriy qilgan qattiq nazorat ostida amalga oshadi, deydi mutaxassis.

O‘zbekiston kredit taqdim qilish jarayoni Markaziy bank joriy qilgan qattiq nazorat ostida amalga oshadi, deydi mutaxassis.

O‘zbekiston Markaziy banki joriy yil boshidan qayta moliyalash stavkasini 10 foizdan 9 foizga tushirdi. Markaziy bank rasmiy bildirishnomasida aytilishicha, mazkur qaror “bashorat qilinayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda” qabul qilingan. O‘zbekistonda ustama foiz stavkasi muntazam pasaytirib kelinadi. Bu o‘zbekistonlik iste‘molchilar uchun moliyaviy idoralar taqdim qiladigan kreditlar, xususan uy-joy sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditlarining arzonlashishini anglatishi kerak. Lekin aslida, Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislarning aytishlaricha, O‘zbekistonda kreditning arzonlashishining iste‘molchi vaziyatiga ijobiy ta‘siri yo‘q.

O‘zbekiston Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini so‘nggi 20 yil davomida muntazam tushirib keladi. Joriy yil boshidan 9 foiz ko‘rsatkichiga olib tushilgan stavka, milliy valyuta – so‘m joriy qilingan 1994 yilda 150 foizni tashkil qilgan.

Qayta moliyalash stavkasining yildan yilga tushirilishi mamlakat iqtisodi gurkirab o‘sayotganidan darakdir va mazkur qaror rasmiylar berayotgan raqam va statistikaga mosdir.

Markaziy bank qarori aslida o‘zbekistonlik iste‘molchi uchun moliyaviy idoralar beradigan kreditlarning arzonlashishini ham anglatishi kerak.

Lekin Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar fikricha, bu qaror, oddiy iste‘molchi vaziyatiga unchalik ta‘sir qilmaydi. Bu kabi qarorlar, asosan, siyosiy maqsadlarda, mamlakat iqtisodi o‘sayotganini namoyish qilish uchun qabul qilinadi, deydi mutaxassislar.

O‘zbekistondagi Ipoteka bankining kredit bo‘limi mutaxassisi, Ozodlik bilan suhbatda, Markaziy bankning navbatdagi qarori bu yilga belgilangan saylovlar bilan bog‘liqdir, degan fikrni ilgari surdi.

- Bu yil, o‘zingiz yaxshi bilasiz, siyosiy yildir, deydi bankir.

Markaziy bank rasmiy xabarnomasida aytilishicha, mazkur qaror “vujudga kelgan va kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichlarini yanada rag‘batlantirish, iqtisodning real sektorida invetitsiya faollligini oshirish maqsadida qabul qilingan”.

Oddiy tilga ko‘chirganda, bu tadbirkorlar va oddiy iste‘molchilar banklardan olayotgan kreditlarni arzonlashtirish deganidir.

Lekin Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan yana bir bank xodimining aytishicha, aslida O‘zbekistonda ustama foiz miqdori arzolashtirilgan sari kredit olish jarayoni murakkablashib boradi.

- O‘zbekistondagi kredit olish jarayonini taraqqiy qilgan mamlakatlar, masalan Yevropadagi banklar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bu jarayon Markaziy bank tomonidan joriy qilingan qattiq nazorat ostida amalgla oshadi. Bizda bankka kredit so‘rab kelsangiz, birinchi navbatda maqsadingizni so‘raydi, keyin biznes-plan taqdim qilinshingiz kerak. Undan keyin kredit beradigan taqdirda ham, sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bermaydi. Sizga kerak bo‘lgan xizmatlar yoki tovarlarni moliyalashtiradi, deydi bank xodimi.

Ipotka banki xodimiga ko‘ra, qayta moliyalash stavkasining tushirilgani joriy debitorlarga taalluqli bo‘lmaydi. Faqatgina ta‘lim krediti olganlarning qarzlarini qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, deya bildirdi kredit bo‘limi mutaxassisi.

Rivojlangan mamlakatlarda oddiy iste‘molchi oladigan asosiy kredit turlaridan biri uy-joy sotib olish uchun beriladigan ipotekadir. O‘zbekistonda ham ipoteka kreditlarini taqdim qilish tizimi bor. Lekin suhbatdoshlarimizning aytishicha, mamlakatda ipoteka krediti olish imkonlari ancha cheklangan. Bundan tashqari har qanday sotuvchi ham ipoteka krediti bilan bog‘liq shartnomani imzolayvermaydi.

O‘zbekiston Ipoteka bankining xodimi ipoteka kreditini taqdim qilishda muayan cheklovlar borligini e‘tirof etadi, lekin bunday choralar ko‘chmas mulk bozoridagi barqarorligini saqlash uchun joriy qilingan, deydi.

- Agar ipotekani hammaga beraversak, haddan ortiq berib yuborsak, uy-joy bozoridagi narxlar o‘ynab ketadiku. Masalan, bugun 100 million so‘m turadigan uy, ertaga 150 millionga chiqib ketadi. Shuning uchun balansni saqlash uchun kreditlarni sekin-asta berib boriladi, deydi bankir.

Lekin Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi ko‘chmas mulk agentliklari vakillari so‘zlariga qaraganda, ipoteka sohasidagi cheklovlarga boshqa omillar ham hissa qo‘shmoqda.

- Biz ipotekaga bog‘liq shartnomalar bilan ishlamaymiz, deydi ko‘chmas mulk agentligi vakillaridan biri.

Toshkentdagi yana bir o‘rtakash idora vakili, ipoteka krediti hisobidagi pulga uy sotib olishning deyarli imkoni yo‘q, deya ta‘kidladi Ozodlik bilan suhbatda.

- Hech kim ipoteka kreditiga o‘z uyini sotishni istamaydi. Chunki bu pul o‘zbek so‘mida uy sotuvchining bank hisob raqamiga o‘tkaziladi. Bizda esa asosan valyutaga, dollarga sotishadi. So‘mga rozi bo‘lishlari mumkin, lekin o‘sha kunning kursiga qarab, naqd pul sanab berishingiz kerak, deydi ko‘chmas mulk agentligi xodimi.

O‘zbekiston Markaziy banki kelasi yilda inflyatsiya 5,5-6,5 foiz darajasida bo‘lishini bashorat qilmoqda. Lekin mustaqil iqtisodchilar asl vazityadan kelib chiqib, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 30-40 foizni tashkil qilishini aytadi.

XS
SM
MD
LG