Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:40

Rossiya muhojirlarga joriy qilgan yangi tartiblar qanday?


2015 yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiya muhojirlarga oid qator yangi tartib-qoidalarni joriy qildi. Ozodjavobning navbatdagi sonida ushbu tartib-qoidalar ortidan tug‘ilgan bir qancha savollarga javob izlaymiz.

Rossiya hukumati mehnat muhojirlari uchun kiritgan tartib-qoidalardan quyidagi 5tasi eng asosiysi hisoblanadi:

1. MDH fuqarolari endilikda Rossiyaga faqat xorij pasporti bilan kiradi.

2. Rossiyada ishlashni istagan xorijlik yangi turdagi patent olishi kerak.

3. Yangi yildan boshlab mehnat muhojirlari 3 ta imtihon topshirishi lozim.

4. Mehnat muhojirlariga tibbiy sug‘urta olish majburiyati ham yuklatildi.

5. Endilikda qonunni buzgan muhojir 10 yil davomida Rossiyaga kiritilmaydi.

Ozodlik mushtariylaridan aynan ushbu 5 ta holat bo‘yicha ko‘plab savollar keldiki, mutaxassislar ko‘magida ularga javob izlaymiz.

Rossiyaga faqat "zagranpasport" bilan kiriladi

Yangi yilning 1 yanvaridan MDH davlatlari fuqarolari Rossiyaga faqat xorijiy pasport bilan kirishi mumkin.

O‘zbekistondan tashqari MDHdagi deyarli barcha davlatlarda ikki pasportlik rejim amalda bo‘lib, fuqarolar o‘z mamlakati hududida ichki pasport bilan yuradi. Chet elga chiqish uchun esa xorijiy pasport olishi lozim bo‘ladi.

Shuning uchun bu mamlakatlar fuqarolari Rossiyaga xorijiy pasportlari bilan boradi.

O‘zbekistonda esa, fuqaroning bittagina - ichki va ayni paytda xorijiy pasporti bor. Biroq O‘zbekiston viza tartibi bo‘lgan xorij davlatlariga chiqayotgan fuqarolari uchun chiqish vizasini joriy qilgan.

Lekin Rossiya bordi-keldi tartibi vizasiz bo‘lgani bois ushbu mamlakatga borish uchun o‘zbekistonliklar chiqish vizasi olishi shart bo‘lmaydi.

Moskvadagi “Vatandosh” O‘zbeklar jamiyati rahbari, yurist Usmon Baratov xuddi shu holatni tushuntirar ekan, bunday dedi:

- O‘zbekistonning pasporti avtomatik "zagranpasport" hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarolari bemalol oldin qanaqa kirib yurgan bo‘lsa, shunday kirishadi,- deydi yurist Baratov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytidagi ma‘lumotga ko‘ra, Bojxona ittifoqiga a‘zo Qozog‘iston va Belarus fuqarolariga ham ushbu tartib qo‘llanilmaydi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiyning matbuotga bildirishicha, Qirg‘izistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish harakatlari borayotgani uchun qirg‘izistonliklarga ham bu tartib qo‘llanilmaydi. May oyida Qirg‘izistonning ushbu Ittifoq a‘zosiga aylanishi kutilmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Ukrainadagi ichki siyosiy vaziyat bois ukrainaliklarning ham ichki pasport bilan Rossiyaga kirish imkoniyati hozircha saqlab qolingan.

Yangi patent tizimi haqida:

Rossiya 1 yanvardan boshlab mehnat muhojirlari uchun ishlashga ruxsat beruvchi patent tizimini joriy qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, mehnat muhojiri Rossiyada ishlash uchun patentni bir oy muddatga oladi va uni bir yilgacha uzaytirishi mumkin bo‘ladi.

Muhojir ishlash uchun patentni Rossiyaga kirganidan boshlab 30 kun ichida olishi lozim.

Bir yildan so‘ng muhojir patentni yana bir yilga uzaytirish huquqiga ega. Shundan so‘ng u Rossiyani tark etishi lozim. Lekin qonunga ko‘ra, muhojir Rossiyadan chiqqanining ertasiga qaytib kelish imkoniga ham ega.

Patent olish uchun mehnat muhojiri quyidagilarni:

sudlanmaganligi haqidagi ma‘lumotnoma;

yashash uchun turar-joyi borligi haqidagi ma‘lumotnoma;

tibbiy sug‘urta polisini

taqdim qilishi lozim.

Yangi qonunga ko‘ra, muhojirga ishlash uchun patent berilmasligi yoki amaldagi patenti bekor qilinishi ham mumkin.

2014 yilda berilgan patentlar o‘zining amal qilish muddati yakunlanguniga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi va ularning avans to‘lovlari avvalgi narxlar asosida patent muhlati yakuniga qadar ishlaydi.

2015 yilning 1 yanvaridan boshlab:

Moskva shahri va Moskva viloyati, Tomsk viloyatida mehnat muhojiri patent uchun oyiga 4 000 rubl,

Sankt-Peterburgda – 3 000 rubl,

Sevastopolь va Samara viloyatida – 2 500 rubl,

Ryazan viloyatida – 2807 rubl qilib belgilangan.

Rossiyaning boshqa viloyatlari bo‘yicha hozircha ma‘lumot yo‘q.

Rus tilini bilmagan muhojir Rossiyada ishlay olmaydi

1 yanvardan kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra, Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan muhojir 3ta turdagi:

rus tili,

Rossiya tarixi

Rossiya qonunchiligi

bo‘yicha imtihon topshirishi shart hisoblanadi.

Patent olish uchun muhojir Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha 10tadan savolga javob berishi lozim.

Doimiy yashash ruxsatnomasi (Vid na jitelьstvo) olmoqchi bo‘lgan muhojir esa 20tadan savolga javob berishiga to‘g‘ri keladi.

FMS xodimlariga ko‘ra, 3ta imtihon uchun 2,5 soat vaqt ajratilgan bo‘lib, mehnat muhojiri har 10ta savoldan 5tasiga to‘g‘ri javob berishi yetarli hisoblanadi.

Imtihon muhojir ishlayotgan tashkilotning o‘zida ham topshirilishi mumkin. Buning uchun maxsus mutaxassislardan iborat mobil guruh muhojirlarning ish joyiga boradi. Lekin bu muhojirlar soni 25 odamdan kam bo‘lmagan tashkilotlardagina amalga oshiriladi. Ish beruvchi muhojirlar imtihoni uchun oldindan buyurtma berishi lozim bo‘ladi.

Muhojir imtihondan o‘tgani haqidagi maxsus sertifikatga ega bo‘lsagina Rossiya hududida ishlash huquqini olishi mumkin. Ushbu sertifikat besh yil davomida haqiqiy hisoblanadi.

Har bir imtihondan o‘tish uchun 5000 rubl to‘lash lozim bo‘ladi. Imtihondan o‘ta olmagan muhojir uni qayta topshirishi mumkin. Ayni paytda Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar imtihondan o‘tish uchun pora taklif qilinishi mumkinligini ham aytishmoqda.

Yuqori malakali mutaxasislar, 18 yoshga to‘lmagan bolalar va Vatandoshlar dasturi (o‘zi yoki ota-bobolari avval Rossiya yoki SSSR fuqarolari bo‘lganlar) bo‘yicha kelganlar ushbu uchta imtihonni topshirishdan ozod qilinganlar.

Tibbiy sug‘urta majburiyati

Endilikda Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan muhojir tibbiy sug‘urta polisiga ega bo‘lishi lozim. Aks holda unga ishlash uchun patent berilmasligi mumkin.

Agar ish beruvchi muhojirga tibbiy ko‘mak ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, muhojirdan tibbiy sug‘urta polisi talab qilinmaydi.

Ish beruvchi agar mehnat muhojirining tibbiy sug‘urtasi muddati o‘tgan taqdirda uni ishdan haydash huquqiga ega.

Tibbiy sug‘urta polisining eng arzon paketi 10 ming rublni tashkil qiladi.

Deport bo‘lgan muhojir Rossiyaga 10 yil kiritilmaydi

Prezident Vladimir Putin 31 dekabr kuni imzolagan yangi qonunga ko‘ra, migratsiya qonunchiligini buzgan muhojirning Rossiyaga 10 yil davomida kirishi taqiqlandi.

Ushbu qonunga ko‘ra, agar muhojir Rossiyada bo‘lish muddati tugagach, noqonuniy ravishda 270 kundan ortiq qolgan bo‘lsa, unga 10 yillik taqiq qo‘llaniladi.

Agar muhojir 180 kundan 270 kungacha Rossiya hududida noqonuniy yurgan bo‘lsa, uning 5 yil davomida ushbu mamlakatga kirishi taqiqlanadi.

Federal Migratsiya xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida 1 million 200 ming muhojirning Rossiyaga kirishi taqiqlangan.

******* **** **** **** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG