Линклар

logo-print

Bir mahallada ketma-ket bo‘lgan 11 o‘g‘irlik Rossiyadan qaytayotganlardan qo‘rquv uyg‘otdi


O‘g‘rilar nishoniga aylangan Beruniy mahallasi Samarqandning mashhur Siëb bozoriga tutash.

O‘g‘rilar nishoniga aylangan Beruniy mahallasi Samarqandning mashhur Siëb bozoriga tutash.

Samarqand markazidagi Siyob bozoriga yondosh Beruniy mahallasida keyingi ikki hafta ichida 11 ta xonadonga o‘g‘ri tushib¸ asosan dollar va tilla taqinchoqlarni o‘marib ketdi.

Ozodlikka o‘z manbalaridan ma‘lum bo‘lishicha¸ Samarqand markazidagi Beruniy mahallasidagilarning ko‘pchiligi ayni kunlarda o‘z uyida yashamaydi – ularning ko‘pi Rossiya yoki boshqa xorij davlatiga ishlashga ketgan¸ qolganlari esa¸ mahallada na svet va na gaz yo‘qligi sabab¸ qishlash uchun boshqa joyda kun o‘tkazmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan shu mahalla faollaridan biri¸ kimlardir dala hovlisiga ketib¸ o‘tin-ko‘mir yoqib qishlayotgani¸ boshqalar esa¸ gaz ta‘minoti zaif bo‘lsa-da¸ uzilmagan shaharning ko‘p qavatlik uylarida yashab¸ hovli-joyidan kunora xabar olib turishini aytadi.

- Avvaliga mahalladagi uylarga o‘g‘ri oralagani haqida xabar eshitdik. Kunduzlari borib uydan xabar olib turdik. Lekin 1 yanvar kuni borsak¸ darvozani buzmasdan¸ uyga o‘g‘ri tushganini ko‘rdik. Taxminimizcha¸ o‘g‘rilar tomdan oshib kirgan. Har bir xonaga qulf o‘rnatib¸ hammasini yopib ketgan edik. Eshiklarni buzmasdan¸ oynalarning mixchalarini olib¸ uyga kirishgan. Pul yo‘q edi¸ lekin tilla taqinchoqlar bor edi. Hamma yoqni tit-pit qilib¸ faqat tillalarni olib ketishgan. Bu bir kishining ishi emasligi shundoq ko‘rinib turibdi. Ertasiga qo‘shnining uyini ham o‘g‘ri bosdi¸ deydi Beruniy mahallasidagi tunalgan hovlilardan birida yashovchi samarqandlik.

Uyini o‘g‘ri urgan samarqandliklarning aytishicha¸ darhol militsiyaga murojaat qilishganiga qaramay¸ o‘zlarini Yangi yil archasini qo‘rish bilan band ekanini iddao qilgan ichki ishlar xodimlari¸ voqeadan uch kun o‘tib o‘g‘irlik joyiga kelgan. Kelgach¸ "sizlar o‘g‘irlik joyiga kirib¸ narsalarga tegib¸ izlarni yo‘qotibsiz¸ deb bizlarni urishdi"¸ deydi tunalgan uy egalaridan biri:

- O‘g‘rilarni topamiz¸ deyishdan boshqa gap yo‘q. Lekin o‘g‘rilik to‘xtagani yo‘q. Kecha peshinda mahallamizda yana bir xonadonni tunab ketishdi. Ularnikidan ham bir necha ming dollar¸ tillalarni olib ketishgan. Yig‘lab o‘tiribdi. Qizig‘i¸ o‘g‘rilik kuppa-kunduzi¸ uyda odam bor paytida bo‘lgan. Taxminimizcha¸ bu ishlarni biladigan odamlar qilayapti. Mahalladagilardan kimdir aralashgan bunga. O‘g‘ri tushgan 11 ta hovlining 9 tasida odam turmaydi – yo chet elda¸ yoki kvartirada sovuqdan jon saqlab o‘tiribdi. Shu odam doim turmaydigan xonadonlarga o‘g‘ri tushayotganidan¸ kimdir ularga ma‘lumot berayotganini taxmin qilayapmiz¸ deydi suhbatdosh.

Beruniy mahallasida ikki hafta ichida 11 ta o‘g‘irlik sodir bo‘lganini e‘tirof etgan shahar ichki ishlar boshqarmasidagi manba¸ har bir ish yuzasidan jinoiy ish ochilganini bildirdi. Rasmiy manbaga ko‘ra¸ hozirda o‘g‘irlikda gumonlangan bir necha kishi hibsga olingan va tergov ishlari bormoqda.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan samarqandliklardan biriga ko‘ra¸ bu o‘g‘irliklar haqida shahar ommaviy axborot vositalari lom-mim deb xabar bermayotganiga qaramay¸ aholi orasida tarqab bo‘lgan va jiddiy xavotir uyg‘otgan:

- Hozir uchastka nozirlari uyma-uy kirib¸ ehtiyot bo‘linglar¸ kunduzlari ham uyingizni qulflab o‘tiringlar¸ deb yuribdi. 14 yanvar kuni mahallalarda katta majlislar bo‘lib¸ ichki ishlar xodimlari vaziyat haqida aholi bilan gaplashar ekan. Hozir hamma xavotirda¸ deydi samarqandlik suhbatdosh.

Uning ta‘kidicha¸ mahalla faollari va nozirlar aholini Rossiyadan mehnat muhojirlarining ommaviy qaytayotgani jinoyatchilikning oshishiga olib kelishi haqida ochiq ogohlantirmoqda.

- Kecha biznikiga ham melisa kelib¸ Rossiyadan massoviy qaytish bo‘layapti¸ endi boxabar bo‘lib turinglar. Yaqinda katta majlis bo‘ladi¸ shu masalada¸ chiqinglar¸ deb ketdi. Gazetaga yozmasayam¸ televizorda aytmasayam¸ odamlar o‘g‘irliklar ko‘payganini eshitib bo‘ldi. Rossiyadagilarning ko‘pchiligi 15 yanvargacha qaytadi¸ deyishayapti. Ishlash tartibi o‘zgarar emish Rossiyada¸ shunga qaytisharmish. Bu yerda ish bo‘lmasa¸ bular nima qiladi. O‘zi¸ bola-chaqasi och qolsa¸ o‘g‘irlik qiladida¸ boshqa nima qilsin? Tojiklarda bir maqol bor¸ och odam sherdan ham qo‘rqmaydi¸ degan. Bularga ish topib bermasa¸ boshqa nima qiladi¸ deydi samarqandlik suhbatdosh.

Beruniy mahallasida yashovchi Ozodlik manbasi¸ militsiya xodimlarining bu o‘g‘irliklarga loqaydlik bilan qarayotgani va aholi mulkini himoyalash bo‘yicha deyarli hech narsa ish qilmayotganidan hafsalasi pir bo‘lgan mahalladoshlari¸ tunlari uxlamay¸ qo‘riqchilik qilishga kirishganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG