Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:29

Minskda ushlangan yigitning Toshkentdan qo‘rqib Moskvadan qochgani aniqlandi​


2014 yilning 28 dekabrida Minsk shahri aeroportining chegara nazorati punktida “Minsk-Istanbul” reysiga hujjatlarni rasmiylashtirgan va o‘zini Tojikiston fuqarosi deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Keyinroq bu shaxs terrorchilikda gumon qilinib, O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi.

28 dekabr kuni sodir bo‘lgan voqeaning qo‘shimcha tafsilotlariga oid ma‘lumotni Ozodlik Belarus Davlat chegara qo‘mitasi matbuot xizmatidan oldi.

"Keyinroq davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxsning 1983 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ekani va u 2013 yildan beri terrorchilikda gumon qilinib, qidirilayotgani ayon bo‘ldi", dedi Belarus Davlat chegara qo‘mitasi matbuot markazi vakili.

U o‘zbekistonlikning ism-familiyasini aytmadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, tekshiruv paytida bu shaxs taqdim etgan pasportning soxtaligi – unda surat o‘zgartirilgani aniqlangan.

"Qochqin o‘g‘irlanib ketishdan qo‘rqqan"

Bu hodisadan bir necha kun o‘tib, Ozodlikka qo‘lga olingan shaxsning himoyachisi moskvalik advokat Nadejda Yermolayeva murojaat qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Alijon Mahkamov (asl ismi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan – tahr.) Minskda qo‘lga olingungacha roppa-rosa bir yil Moskvada ekstraditsiya surishtiruvi ostida qamoqda o‘tirib chiqqan.

- U O‘zbekiston so‘rovi bilan Moskvada 2013 yilning 4 noyabrida qo‘lga olingan edi. Keyin u qochqinlik maqomini olishga ariza topshirdi. Toshkent uni bunday vaziyatlarda odatiy bo‘lib qolgan 155 (Terrorizm), 159 (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) va 244 (Diniy-ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari asosida xalqaro qidiruvga bergan. Ekstraditsiya tekshiruvidan keyin, O‘zbekistonga berib yuborilmasligi to‘g‘risida sud qarori chiqqanidan keyin, u 2014 yilning 3 noyabrida ozodlikka chiqarilgan edi, deydi himoyachi Nadejda Yermolayeva.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, “Fuqaroviy ko‘mak” Inson huquqlarinini himoya qilish markazi Alijonni o‘z himoyasiga olgan va unga vaqtinchalik qochqinlik maqomini olib berish uchun Rossiya FMSi bilan tortishib kelgan.

Aniqlanishicha, Alijon Mahkamov 2009 yildan buyon Podmoskovyedagi shaharlardan birida bosmaxonada ishlab kelgan. U O‘zbekistonga yaqinlarini ko‘rib kelishga ketayotganida Moskvaning Vnukovo aeroportida qidiruvda ekani aniqlanib, hibs etilgan.

Advokat Alijonga bunday vaziyatda ortiqcha harakatlarni qilmaslik va noqonuniy yo‘llar bilan Rossiyadan chiqib ketishni umuman unutishni tavsiya qilganini aytib berdi.

Nadejda Yermolayeva Alijon namozxon ekanini tasdiqlar ekan, “men qanday Katta teatr balerinasi bo‘lsam, u ham shunday terrorchi”, deya kinoya qildi.

Suhbatdosh Alijonning bunday noqonuniy yo‘l bilan chiqib ketishga urinishini so‘nggi paytlarda Rossiyada aynan o‘zbek qochqinlarining o‘g‘irlanib ketilayotgani holatlari ko‘paygani bilan izohladi. U Alijon katta xatoga yo‘l qo‘ygani, qochqinlar har qanday vaziyatda qonuniy yo‘llar bilan o‘z huquqlarini himoya qilishlari mumkinligini aytadi.

- Hibsga olinishidan ikki kun oldin men u bilan uchrashgandim, nima qilishni tushuntirgandim. U qochib ketishi to‘g‘risida mutlaqo bildirmagan edi. Qochqinlarning ko‘pi Rossiyadagi ta‘qiblar bois Ukraina, Turkiya va boshqa mamlakatlarga chiqib ketishga urinadi. Vaziyatning xavfliligi shundaki, Ukraina har holda Yevropa kengashi a‘zosi, ya‘ni qochqinlarni u yerda himoya qilish imkoniyati yuqori. Belarus esa Inson haqlari bo‘yicha konvensiya a‘zosi ham emas. Belarus ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan pasportni soxtalashtirgani uchun Alijonni O‘zbekistonga berib yuboradi, deb qo‘rqyapman, dedi advokat.

“Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti huquq faoli Nadejda Yermolayeva Belarusni qochqinlar uchun Rossiyadan ham xavfliroq mamlakat ekanini ta‘kidladi.

U so‘nggi yillarda Rossiyada o‘zbek maxfiy xizmatlari FSBdagi hamkasblari ko‘magida qidiruvda bo‘lgan va qochqinlik maqomini olgan ko‘plab o‘zbekistonliklarni o‘g‘irlaganini tasdiqlab, shunga qaramasdan, huquq himoyachilari va yuristlar ularni himoya qila olishi mumkin bo‘lgan uslublar ishlab chiqilgani va amal qilayotganini eslatib o‘tdi.

O‘zbekistonlik mahbus hozir Minskda tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Alijonning rafiqasi va uch nafar farzandi borligi, farzandlaridan kichigi endi bir yoshga kirgani ma‘lum.

Ozodlik so‘nggi yillarda Rossiyaning turli shaharlarida O‘zbekiston maxfiy xizmat xodimlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan o‘nlab muhojirlar noqonuniy yo‘llar bilan o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG