Линклар

logo-print

Hindiston matbuotining yozishicha¸ mamlakatni tashlab Suriya va Iroqdagi jihodchilar safiga qo‘shilgan musulmonlar jang maydoni emas¸ asosan nojangovar ishlarga qo‘yilgan.

Aytilishicha¸ o‘zini Farad Shayx va Shohin Tanki deb atagan kalyanlik ikki janggari¸ o‘zlarining jihodiy amaliyotlar qo‘yilmagani¸ neftni qayta ishlash zavodi va kasalxona hojatxonasini tozalashga majburlanayotganini bildirgan.

Hindiston Milliy tergov agentligi xodimlari¸ matbuotga ko‘ra¸ bu ikki yigitning o‘z uyidagilar bilan qilgan telefon suhbatini yozib olish ortidan shunday xulosaga kelgan.

Bu janggarilarning¸ ayni paytda¸ so‘nggi suhbatdan beri o‘tgan keyingi ikki oy ichida daraksiz ketgani aytilmoqda.

Dehli rasmiylariga ko‘ra¸ Shayx va Tanki Suriyaga Orif Majid degan yana bir hindistonlik bilan birgan borgan. Ammo Majid noyabrь oyida Islomiy davlatdan qochib¸ uyiga qaytgan va huquq tizimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hind matbuotida chop etilgan xabarlarga ko‘ra¸ Majid tergovchilarga o‘zi kabi hindistonlik musulmonlarning jangga deb yollanib¸ aslida haqoratli ishlarga majburlanayotganini aytib bergan.

Majid¸ aytilishicha¸ Hindistonning Panvel shahridagi kollejlardan birida tarkib topgan radikal islomiy guruh a‘zosi bo‘lgan. 40 kishilik bu guruh Internet orqali radikal islomiy guruhlar bilan aloqada bo‘lgan va shunday guruhlar targ‘iboti ostida Islomiy davlat safiga qo‘shilishga qaror qilgan.

Majidning tergovchilarga aytishicha¸ o‘zi va yana uch yigitdan boshqa guruhdoshlari ayni kunlarda Islomiy davlat safida xizmat qilmoqda.

Hozirda hibsda saqlanayotgan Majid ko‘rsatmalari asosida Hindiston Milliy tergov agentligi AQSh¸ Kanada va Avstraliyadagi huquq tizimlariga murojaat qilib¸ Majid ishi yuzasidan kibernetik dalillar to‘plashda yordam berishni so‘ragan.

Hind tergovchilarini xususan¸ Majid tomonidan Islomiy davlatga odam yollovchilar bilan elektron pochta orqali aloqa qilishda ishlatilgan Internet protokollari adresi qiziqtirmoqda.

Bunday axborot asosida hindistonlik tergovchilar Islomiy davlat safiga odam yollayotganlarning aniq manzilini topishga harakat qilmoqda.

Matbuot xabarlariga ko‘ra¸ AQSh allaqachon Hindiston agentligi so‘roviga javoban o‘zida mavjud ma‘mulotlarning dastlabki qismini yuborgan.

Milliy tergov agentligi hindistonlik yosh musulmonlarning Internetdagi radikal targ‘ibotchilar nishoniga aylanib¸ ular bilan yozishmalardan so‘ng jihodchilar safiga qo‘shilishga qaror qilganini ta‘kidlamoqda.

Dunyoning aksar davlatlari kabi ayni kunlarda Hindiston hukumati ham Internet orqali islomiy radikal guruhlarning ta‘siri yoyilib borayotganidan tashvishga tushmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuchaygan jihodchilik targ‘iboti kuchayib¸ ekstremizmda ayblanayotganlar soni ko‘payib borayotgan bir paytda Hindiston hukumati aynan shu toifa ayblanuvchilar bilan ish ko‘radigan maxsus prokuror tayinlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG