Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 02:14

Toshkentdagi "Malika" savdo markazi yana ko‘chiriladi​


Toshkentning Shayxontohur tumanida joylashgan “Malika” maishiy va elektron texnika yarmarkasi (“Fleshka” savdo markazi) yangi joyga ko‘chiriladi. Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda bu xabarni tasdiqladi.

- Ko‘chirilishi aniq, lekin joy yo‘q. Hozir shu yarmarkani ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ammo qachon bu boshlanishi noma‘lum. Joy topilgan kuni, Toshkent shahar hokimining qarori chiqqanidan keyin ko‘chiriladi, dedi Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi.

Savdo markazining ko‘chirilishiga Toshkent kichik halqa yo‘lidagi tirbandlik sabab ekani aytilmoqda.

Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi rasmiysiga ko‘ra, savdo markazi atrofida yashovchi aholi hamda haydovchilar e‘tirozlaridan so‘ng yarmarkani ko‘chirish masalasi ko‘tarilgan.

Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Malika” savdo majmuida elektron va maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab do‘kon mavjud.

Shu do‘konlarda savdo qiluvchi tadbirkorlar to‘rt yil avval ham Toshkentning Navoiy shoh ko‘chasidagi savdo qatoridan quvilgan edi.

Pul aylanmasi bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil etgan Navoiy ko‘chasidagi savdo rastalarida sotuvchilik qilgan o‘zbek tadbirkorlari 2011 yilda kutilmaganda ko‘chish haqidagi buyruqni olgan va uch kun ichida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan sobiq "Malika" tikuv fabrikasi o‘rnidagi yangi savdo markaziga ko‘chirilgan edi.

Navoiy ko‘chasidagi yarmarkalar buzilib, ularning o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurildi.

“Malika” savdo majmuining yana ko‘chirilishi haqidagi xabarlar shu markazda savdo-sotiq qiladigan tadbirkorlar ko‘ngliga yana g‘ulg‘ula solgan;

- Ko‘chirishadi, degan gap-so‘z bor. Bu anchadan beri aytiladi, lekin rasman bizni hech kim ogohlantirgani yo‘q. Mavhumlik ichida o‘tiribmiz. Hech kim hech narsa bilmaydi. Navoiydan bu yerga ko‘chib endi joylashdik desak, yana ko‘chirishyapti, deydi toshkentlik tadbirkor.

- Ko‘pchilik mijozlarimiz bu yerga o‘rganib qolgan edi-da. Boshqa joyga ko‘chirsa ko‘p kliyentlarimizni yo‘qotamiz. Ko‘chishning o‘zi bo‘lmaydi-da. Hozir u yerga ko‘chasan deydi. Ertaga u yer kimgadur kerak bo‘lib qolsa¸ yana bizni sarson qilishadimi? deb kuyinadi "Malika" savdo markazining yana bir do‘kondori.

Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, “Malika” savdo majmui o‘rnida ham kelajakda uy-joylar va park bunyod qilinadi¸ hudud ko‘kalamzorlashtiriladi.

- Lekin, bu reja hozircha tasdiqlangan emas, Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ "Malika" savdo markazi O‘zbekiston hokimiyatining yuqori qatlamlariga aloqador shaxslarga qarashlidir.

XS
SM
MD
LG