Линклар

Qariyb 17 yil qamoqda o‘tirib, ozodlikka 2013 yilning aprelida chiqqan 75 yoshli o‘zbek adibi Mamadali Mahmudov O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga o‘tgan yilning 2 avgustida yozgan xatiga oradan besh oy o‘tib ham javob olmadi.

Yozuvchi maktubi unvoniga uning “ochiq” ekanligi yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, shu kungacha jamoatchilik o‘qimagan bu nomani toshkentlik jurnalist Malohat Eshonqulova kuni-kecha e‘lon qildi.

Mamadali Mahmudovning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga ochiq xati” boshida mana bunday deyilgan:

“Muhtaram prezident! Men 16 yil 7 oy qamoqda o‘tirdim. Bu zamon ichida butunlay qashshoqlashib qoldik. Qarzga botdik. 14 ming dollardan ortiq qarzmiz. Bu hol yana davom etsa, butunlay xor bo‘lamiz. Hozir nonga ham qiynalayapmiz”.

Maktub davomida uning muallifi qamoqdan chiqqanidan so‘ng davlat belgilagan pensiyaning ozligi; oilasining kundalik sarf-xarajatlari; qamalishining o‘z nazdidagi sabablari; sog‘lig‘i tahlikali darajada og‘irligi;

(“Qonim quyuqlashib, kamayib ketgan; prostata bezlarim juda qattiq shamollagan; ikkala ko‘zimni ham parda bosgan – katarakta; oshqozonimda yara – polip – bor; nitrogletsiringa “o‘tirib” qolganman, yuz metrga ham usiz yurolmayman; yotib davolanishimga pulim yo‘q”.)

o‘zi va o‘g‘lining doimiy nazorat ostida ekanligi va nihoyat erkin yashay olmayotgani to‘g‘risida yozgan.

Mamadali Mahmudov o‘z maktubini yakunlar ekan, prezidentdan mamlakatni tark etishiga ruxsat berishini so‘ragan:

“Menda ikkita yo‘l bor: o‘lim yoki ketish. Men ikkinchisini tanladim. Chunki xorijda turib ham elimga foyda keltiraman. Kechmishimizni yozaman. Shu bilan birga davolanaman. Bir zamonlar qamoqdan chiqqan Soljenitsinning chetga ketishiga Kreml qarshilik qilmagan. Bil‘aks, yo‘l bergan. U yoqda sara asarlar bitgan. Chet elga ketishimga yo‘l ochilishini istayman. Bunga imkon berishingizni so‘rayman. Bola-chaqamga tegishmas, deb umid qilaman.”

Maktub muallifi, yozuvchi Mamadali Mahmudov bilan 8 yanvar kuni bog‘landik.

- Ha, bu xatni 2013 yilning 2 avgusti kuni pochta orqali O‘zbekiston prezidentiga jo‘natganman. Keyin quda tomonga o‘z qo‘lim bilan berganman, lekin menga rasmiy javob kelgani yo‘q, dedi Mamadali Mahmudov biroz sirli qilib.

O‘zbekistonliklar “quda tomon”, der ekanlar, Milliy xavfsizlik xizmatini nazarda tutadilar.

Mamadali Mahmudov xatni yozganidan beri salomatligi yanada abgorlashganini aytib berdi.

Uning aytishicha, 7 kishidan iborat oilasi shu kunda o‘ta og‘ir ahvolda yashamoqda.

“220 ming pensiya olaman, bu pul oladigan dorilarimdan bir turining bittasiga ham yetmaydi”, dedi yozuvchi.

Uning aytishicha, o‘g‘il-qizi ishsiz, oila “chol-kampirning 450 mingga yetmaydigan” pensiyasiga tirikchilik o‘tkazmoqda. Boz ustiga oilaning 14 ming dollar qarzi ham bor.

Prezidentdan xatiga javob olmagani bilan Mamadali Mahmudov “quda tomon” vakilidan javob olganini aytdi:

“Ketsangiz mayli, ketavering, dedi”, dedi yozuvchi.

***

Evril Turon taxallusi bilan 1980 - 90 yillarda jamoatchilikka keng tanilgan o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudov 14 yillik qamoq jazosini o‘tab, 2014 yilning 19 aprelida ozodlikka chiqqan edi.

Taniqli adib 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan.

Ammo bunga qadar ham bu yozuvchi ikki marta qamoqqa tashlangan.

Mamadali Mahmudov O‘zbekiston mustaqilligi uchun Sovet davrida kurashgan yorqin siyosatchilardan biri sifatida e‘tirof qilinadi.

Uning “O‘lmas qoyalar” asari Sovet davrida taqiqlab qo‘yilgan edi.

Mazkur roman frantsuz tilida nashr etilgan. Adibning asarini Filipp Frizon frantsuz tiliga tarjima qilgan.

1981 yilda "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan "O‘lmas qoyalar" romani Markaziy Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi, turkiy xalqlarning Rossiya bosqiniga qarshi kurashiga bag‘ishlangan.

XS
SM
MD
LG