Линклар

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi to‘la aniqlanishiga xaritalardagi noaniqlik to‘siq bo‘lmoqda​


O‘zbekiston - Qirg‘iziston chegarasini tikonli sim bilan to‘sayotgan qirg‘iz chegarachilari.

O‘zbekiston - Qirg‘iziston chegarasini tikonli sim bilan to‘sayotgan qirg‘iz chegarachilari.

Bishkek rasmiylari qo‘shnilar bilan chegaralarini aniqlashda O‘zbekiston va Tojikistondagi hamkasblari bilan mavjud xaritalar yuzasidan til topisha olmay, Moskvadan chegaralar bo‘yicha arxiv hujjatlarini Qirg‘izistonga olib kela boshladi.

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaralarini aniqlashda 1924-1927 yillardagi xaritaga tayanmoqda. Qirg‘iziston esa bu masalada 1956-1958 yilgi xaritalarni asos qilib olayotir. Bishkek Dushanbe bilan chegarani aniqlashda ham xuddi mana shunday asosda ishlamoqda.

Soha mutaxassislarining aytishicha, bu kabi turlicha yondashuv oqibatida chegaralardagi bahsli hududlarni aniqlash masalasi o‘n yillarga cho‘zilib ketmoqda.

So‘xdagi hukumat idoralariga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasining aytishicha, tomonlar bir-biriga zid bo‘lgan hujjatlarga asoslangani sababli ham mana shunday vaziyat yuzaga kelgan.

- Masalan hozir (O‘zbekiston Qirg‘izistondan) So‘xga koridor berishni so‘rayapti. Bu yerda Burgandi massivi bor. Shu massiv 1924 yildagi kartada O‘zbekistonniki, yana bir kartada Qirg‘izistonniki. Xullas bu borada uchta karta bor, uch kartada uch xil ko‘rsatilgan. Bir kartani Moskva tasdiqlagan, yana birini tasdiqlamagan. Xullas, mana shu karta hozir bizning kozirnoy kartamiz bo‘lib turibdi. So‘xdagi, chegaradagi muammolarni hal etish uchun Burgandini O‘zbekiston talab qilayapti. Lekin Burgandi uzoq yillardan beri Qirg‘izistonniki bo‘lib kelgan. Bu yerni ikki ming yilda ham bermaydi, O‘zbekistonga. Mana shunday kelishmovchiliklar tufayli chegara muzokaralari buzilib, oxiriga yetmayapti, - dedi so‘xlik Abdumajid Komilov.

Qirg‘iziston hukumati qo‘shni davlatlar bilan bu kabi chegara muammolarini hal etish uchun Moskva arxivlaridan olib kelingan hujjatlar yordam beradi, deb umid qilmoqda. Ayni paytda Moskvaning 4 arxividan chegaraga oid hujjatlar nusxalari olib kelingan.

Biroq chegaralarni aniqlash bo‘yicha qirg‘izistonlik mutaxasis Salamat Alamanov bu kabi hujjatlar chegaralarni aniqlashda deyarli hech qanday yordam bera olmaydi, deb hisoblaydi:

- Bundan avval ham tomonlar bu kabi hujjatlarni qidirib topib, o‘sha hujjatlar asosida muzokaralar olib borilgan. Bu hujjatlarning hammasi ham chegarani aniqlashga asos bo‘la olmaydi. Sovet zamonida chegarani chizayotganlarida qaysi darajadagi shaxslar hujjatlarni imzolagan, bu hujjatlarning yuridik kuchi qanaqa degan savollar tug‘iladi. Sovet davridayoq mutaxassislar chegaradosh hududlardagi bahsli yerlarni bo‘lib berishning murosali yo‘lini topishgan edi. Bugungi kunda mana shu chegaralarni qonuniylashtirib qo‘yilsa masala hal bo‘lar edi, - dedi Salamat Alamanov.

Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida 2014 yilning 16 iyulida yakunlangan so‘nggi muzokaralarda O‘zbekiston bilan chegaraning aniqlangan hududlari yuzasidan shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan edi. Biroq tomonlar aniqlangan hududlar uzunligi bo‘yicha yagona fikrga kela olmagani xabar qilingan.

Qirg‘iz tomoni chegaraning aniqlab bo‘lingan hududi 1003 kilometrni tashkil etishini bildirgan, O‘zbekiston tomoni esa 701 kilometr aniqlab bo‘lingan degan xulosaga kelgan. O‘zbekiston - Qirg‘iziston chegarasida ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan 50 dan ortiq hudud borligi aytiladi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi 1378 kilometrni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG