Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:47

Surxonning bir qishlog‘idan to‘rt yigit Suriyaga jihodga ketgan


Сурияда жиҳод қилаëтган ўзбекистонлик жанггарилардан бири.
Сурияда жиҳод қилаëтган ўзбекистонлик жанггарилардан бири.

Ozodlikka murojaat qilgan surxonlik yigit (o‘z ismi ochiqlanmasligini istagan bu yigitni shartli Jasur deb atadik – tahr.) jihodchilikka ketgan yigitlardan ikkitasini yaxshi tanishini aytadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Denovdagi Agrosanoat kasb-hunar kollejini bitirgan 22 yashar yigitlar 2011-2012 yillar davomida ketma-ket Rossiyaning Vladivostok o‘lkasiga ish izlab ketgan.

Denovning bir mahallasi – Tinchlik qishlog‘i (Amir Temur suvdan foydalanish uyushmasi) dan bo‘lgan yigitlar Vladivostokka kelib qurilishda¸ so‘ngra shakar qadoqlash zavodida ishlagan.

2014 yozida Vladivostokda ishlab¸ O‘zbekistonga qaytib borgan kamida yetti nafar denovlik yigit diniy ekstremistik guruhlarga qo‘shilganlik aybi bilan qo‘lga olinganidan keyin¸ Rossiyada qolgan ularning tanishlari uyga qaytmaslikka qaror qilgan va Vladivostokdan Suriyaga jo‘nab ketgan.

Avvaliga oilasi Rossiyada bedarak yo‘qoldi¸ degan xavotir bilan qidirishni boshlagan bu yigitlar¸ Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘iga boshqa nom bilan chiqib¸ o‘zlarining Suriyada jihodda ekanlari haqida xabar bergan.

Ozodlik bilan suhbatda Denov tuman rasmiy tizimlarida ishlovchi mas‘ul¸ Tinchlik qishlog‘idan ikki emas¸ to‘rt yigitning hozirda Suriyada jihodchilik qilib yurgani aniqlanganini bildirdi:

- Bu yigitlarning hammasi Vladivostokdagi shakar zavodida ishlagan. Uyida namozni ham tuzuk-quruq o‘qimagan bu yigitlar Internet orqali har xil oqimlar ta‘siriga tushgan. Shundan keyin o‘tgan yilning iyul-sentabr oylarida Suriyaga ketib qolgan. Ularning ota-onasi hozir yig‘lab o‘tiribdi nima qilishini bilmay. Jihodga ketganini aytgandan keyin bu bolalar telefon ham qilmay qo‘ygan¸ deydi mahalliy rasmiy Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Tuman rasmiylariga ko‘ra¸ hozirda ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda va jihodchilikka ketgan yigitlarning ota-onalari tegishli tizimlar bilan ko‘ngilli tarzda hamkorlik qilmoqda.

Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Vladivostokdagi o‘zbeklar jamoasi faollaridan biri¸ o‘zbekistonlik¸ xususan¸ surxonlik yigitlarning bu yerdan jihodga ketish jarayonidan bexabarligini bildirdi.

O‘zining mahalliy politsiya¸ shuningdek musulmonlar jamoasi yig‘inlarida muntazam qatnashishini bildirgan bu suhbatdoshga ko‘ra¸ hozircha na mahalliy xavfsizlik tizimlari va na mahalliy matbuot o‘zbekistonlik muhojir yigitlarning Vladivostokdan Suriyadagi jihodchilar safiga ketayotgani masalasini ko‘tarmagan.

Ayni paytda¸ Tinchlik qishlog‘i¸ qolaversa Denov va Surxondaryoning boshqa tumanlarida mahalla faollari¸ uchastka nozirlari yig‘inlar o‘tkazib¸ uyma-uy yurib¸ ota-onalarni Rossiyadagi farzandlarini uyiga qaytarishga da‘vat qilmoqda:

- Mahalla faollari¸ uchastkovoylarimiz tinimsiz uyma-uy yurishadi. Kim Rossiyada yuribdi¸ nima qilib yuribdi¸ kim Rossiyadan keldi¸ deb so‘rab yurishadi. Do‘xtirlar ham Rossiyadan kelganlar bormi¸ deb tekshiradi. Kelganlar qon topshirib¸ tekshirishdan o‘tishi kerak¸ deyishadi. Bizda tartib yaxshi¸ deydi Denovdagi mahallalardan birida yashovchi ayol.

Jihodchilikka ketgan denovlik yigitlarni tanigan Jasur¸ o‘z tanishlarini Suriyaga ketishga undagan omil puldan ko‘ra¸ ularning radikal targ‘ibotchilar ta‘sirida “psixologik sinish”i ekanini taxmin qiladi:

- Men ularning Vladivostokda kim bilan osh-qatiq bo‘lganini aniq bilmayman. Lekin sabab iqtisodiy bo‘lmasa kerak¸ deb o‘ylayapman. Chunki o‘ziga yaxshi oilalardan edi. Psixologik singan bo‘lsa kerak bu bolalar¸ deydi denovlik jihodchilarning tanishi.

Ozodlik suhbatlashgan Denov rasmiylaridan biri¸ ayni kunlarda jamoatchilik Suriyaga ketganlarni nima qilishini bilmay¸ boshi qotganini e‘tirof etadi.

- Ketganlar asosan Rossiyadan ketayapti. Shunga yigitlarning ota-onalariga ularni uyga qaytarish haqida maslahat berayapmiz. Qaytganlarni ish bilan ta‘minlash ustida ishlayapmiz. Yaqinda yog‘ zavodi ochmoqchimiz¸ boshqa planlar ham bor¸ deydi denovlik rasmiy.

O‘zbekistonliklarning xalqaro maydonda terrorchi guruh deb e‘lon qilingan Islomiy davlat safiga qo‘shilayotgani xususida xavotir bildirgan Islom Karimov¸ 2014 yilning 31 avgust kuni dindorlar bilan suhbatida bu muammoga qanday barham berish yuzasidan maslahatlashib olishni taklif qilgan va ulamolardan yoshlarni bu yo‘ldan qaytarishni so‘ragan edi:

- Qarang, Iroqda nimalar bo‘layapti?!. Bir bemaza, mutlaqo avval bilinmagan oqimlarning vakillari nimalar qilayapti?! Shia bo‘ladimi, sunna bo‘ladimi, boshqasi bo‘ladimi - hammasi Makkayu Madinani yagona markazimiz, o‘zimiz e‘tiqod qiladigan joy, deb hisoblaymiz, to‘g‘rimi? Ular bo‘lsa, Makkayu Madinani pisand qilmasa, hech aqlga sig‘maydigan tashviqotlarni tashkil qilsa, musulmonlarni dunyosi, olami nima bo‘ladi?! Agar kimki bu oqimlarga o‘z vaqtida zarba bermasa, nima bo‘ladi?!

Biz yoshlarga qanday tushuntirib berishimiz kerak, bu balo qayerdan paydo bo‘ldiyu kimga qanday ta‘sir o‘tkazishi mumkin? Bularning ta‘siri kuchayib, ko‘p musulmonlarni noto‘g‘ri yo‘llarga boshaqarayapti-ku! Musulmonlar idorasi imom-xatiblari joylarda, avvalombor o‘zi xabardor bo‘lishi kerak va joylarda tushuntirish ishlari olib borishi kerak. Men o‘ylaymanki, balkim Samarqandga borib, Imom Buxoriy xalqaro musulmonlar markazida majlis o‘tkazib, dunyoda bo‘ladigan ishlar haqida maslahatlashib olish kerak. E‘tibor bering, maslahatlashib, deyapman. Buyruq degan narsa musulmonlar olamida bo‘lmasligi kerak. Buyruq bu — fatvo. Har qanday majlisda buyruq berish noto‘g‘ri, degan edi 31 avgust - Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida Toshkentdagi "Shahidlar xiyoboni"ga borgan Islom Karimov ulamolarga qarata.

Taxminlarga ko‘ra¸ hozirda Islomiy davlat jihodchilari safida bir necha yuzdan bir necha mingga qadar o‘zbekistonlik yollanma jangarilar bor.

O‘tgan yil Iroq va Suriyaning kattagina hududini ishg‘ol qilib¸ bu yerlarda islomiy xalifat e‘lon qilinganini iddao etgan Islomiy davlat o‘zi musulmon deb hisoblamaganlarga qarshi yalpi terror kampaniyasi o‘tkazmoqda.

AQSh yetakchiligida 40 dan oshiq davlat hozirda Islomiy davlatga qarshi havo hujumlari uyushtirayotgan xalqaro koalitsiya tarkibiga kirgan.

XS
SM
MD
LG