Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:01

Metallolom topshirmagan talabaga o‘qishdan haydash bilan tahdid qilinmoqda


Angrenlik talabalar o‘n kun ichida belgilangan miqdorda temir-tersak yig‘ish yoki uning o‘rniga pul to‘plashga majburlanmoqda. Metallolomni vaqtida topshirmaganlar o‘qishdan haydalishlari, yuqori bosqich talabalariga esa diplom berilmasligi haqida ogohlantirilgan.

Angrendagi kasb-hunar kollejlaridan birida o‘qiyotgan Gulchehra Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va boshqa talabalar o‘n kun ichida kamida 50 kilogramm temir-tersak topshirishga majburlanganliklarini aytdi:

- O‘n kun ichida har bir talaba kamida 50 kilogramm metall topshirishi, metall topmasa 150 ming so‘mdan berishi kerak ekan. Biz hozir o‘qish qolib chekka joylardan, chiqindixonalardan metall qidirishimizga to‘g‘ri kelyapti. Yana o‘sha metallni 10 kilosi rangli metall bo‘lishi kerak ekan. Hozir talabalar daydi odamlar kabi xavfli elektr transformatorlari atroflarini kovlab, tashlandiq joylarda mashinalarning akkumulyatorlarini kovlab topib, metall yig‘moqda. O‘qish qolib ketyapti, - deydi Gulchehra.

Ozodlikka murojaat qilgan yana bir talaba metallolom topolmay uni sotib olishga majbur bo‘layotganini aytadi:

- Metall hozir axlatxonalarda ham qolmagan. Hozir avtoservislar bor, o‘sha yerda metallalom sotadiganlar bor ekan. O‘n kilosi 10-15 ming so‘m. Topshirmasak bo‘lmas ekan. Hokimiyatdan kollejimiz rahbariyatiga shunaqa topshiriq bo‘libdi. Shunga sotib olyapmiz. Pulini olib borib bergandan metallni avtoservislardan sotib olgan arzonga tushyapti, - deydi ismi sir qolishini istagan angrenlik talaba.

Shuningdek, talabalarga makulatura- qog‘oz chiqindilari yig‘ish majburiyati ham yuklangan.

- Bizga 10 kilogramm makulatura ham aytilgan. Kvartirada turaman. Uydan zo‘rg‘a uch kilogramm makulatura chiqdi. Qolganini qayerdan olishni bilmayapman, - deydi Angrendagi Pedagogika kasb-hunar bilim yurtining uchinchi bosqich talabasi Sirojiddin.

Angrendagi Politexnika kasb-xunar kolleji o‘qituvchilaridan birining aytishicha, hozir u ishlayotgan kollej va boshqa bilim yurtlariga viloyat hokimiyatidan metall va qog‘oz parchalari yig‘ish bo‘yicha reja topshirilgan.

- Hamma o‘quv yurtlariga shu bo‘yicha reja berilgan, yil davomida bilim yurtlari shu rejani bajarib borishlari kerak. Metallalom bu hamma joyda bo‘layotgan siyosiy jarayonku. Har yili bo‘ladi bu. Hamma talabalar shuni topshirishlari kerak, - deydi kollej o‘qituvchisi.

Reja bo‘yicha yig‘ilgan metall va qog‘oz parchalari ikkilamchi mahsulot qabul qilish korxonalariga topshiriladi.

Bundan tushgan mablag‘ shu o‘quv yurtlarining hisob raqamlariga o‘tkazib beriladi.

- Puli o‘zimizni hisobga tushadi, kollejga tushadi. Kollejga tushirib beradi pulni keyin o‘quv jarayoni uchun kerakli narsalar olinadi shu pulga, - deydi Angrendagi Politexnika kasb-hunar bilim yurti o‘qituvchisi.

Qabul qilingan temir uchun qancha haq to‘lanishi ma‘lum emas.

Ayni kunlarda Toshkent shahri hamda O‘zbekistonning boshqa viloyat-tumanlaridagi o‘quv yurtlarida ham talabalarga temir-tersak va makulatura yig‘ish tayinlangan.

Kollej xodimlari bu majburiy ekanini aytib, lekin, bu majburiyatni bajarmagan talabalar o‘qishdan haydalishlari haqida tahdid qilinganini inkor qilishdi:

- Bu bir hasharday bir narsa. Pul o‘zimizni kollejga tushadiku. Bunga o‘quvchilar ham xissasini qo‘shishi kerak-da, - deydi Yuqori Chirchiq tumanidagi kollej o‘qituvchilaridan biri.

O‘z navbatida kollej talabalarining ota-onalari temir-tersak yig‘ish o‘z farzandlarini o‘qishdan chalg‘itayotganini aytishadi.

- Hozir xamma narsani o‘quvchilarga yuklab qo‘yishyapti. Temir-tersak yig‘adigan ham bular, kollejni remontiga ham pul yig‘adigan bular, paxta teradigani ham, yagana qiladigani ham shu kollej o‘quvchilari bo‘lib qolyapti. Qachon o‘qishadi, axir kollej bilim dargohi bo‘lsa, - deydi angrenlik Rasuljon aka.

O‘zbekistonda maktab, kollej o‘quvchilarining temir-tersak yoki makulatura yig‘ishga jalb etish an‘anasi Sovet davridan meros qolgan.

Ota-onalar va huquq faollarining e‘tirozlariga qaramay o‘zbekistonlik o‘quvchilar har yili o‘qishdan haydalish tahdidlari ostida temir-tersak va makulatura yig‘ishga majburlanadi.

XS
SM
MD
LG