Линклар

logo-print

Jirinovskiy O‘rta Osiyo okrugi to‘g‘risidagi bayonoti uchun Dumada javob beradi ​


Huquqshunos Asqar Kaymakov (chapda) va siyosatchi Vladimir Jirinovskiy.

Huquqshunos Asqar Kaymakov (chapda) va siyosatchi Vladimir Jirinovskiy.

Rossiya Davlat Dumasining Axloq bo‘yicha komissiyasi qozog‘istonlik yurist Asqar Kaymakovning LDPR partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy ustidan qilgan shikoyatini ko‘rib chiqadi. Qozoq yuristi Jirinovskiyning Rossiya tarkibida “O‘rta Osiyo federal okrugi”ni tuzish bo‘yicha bayonotlari ustidan arz qilgan.

Duma Jirinovskiy bayonotlarini muhokama qiladi

Ozodlik bilan suhbatda qozog‘istonlik advokat Kaymakov Jirinovskiyning Rossiya qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi kerakligini gapirdi:

- Mening shikoyatim bu kishining “O‘rta Osiyo federal okrugini” tuzish va boshqa yana bir muhim chiqishi bo‘yicha qilgan bayonoti yuzasidan edi. Uningcha, go‘yoki Ikkinchi Jahon urushida fashizmga qarshi harbiy harakatlarda faqat rus soldatlari ishtirok etgan, qolgan xalqlar esa front orti ishlarigagina jalb qilingan. Bu urushda ishtirok etgan va halok bo‘lgan, yarador bo‘lgan veteranlarning men kabi yaqinlari uchun juda haqoratli so‘zlar. Shaxsan mening ikkala bobom urushda bo‘lgan,- deydi Asqar.

Suhbatdosh Qozog‘istonning ittifoqdoshi bo‘lgan Rossiyaning eng yirik partiyalaridan biri rahbari, Davlat Dumasi vitse-spikerining bunday bayonotlari ikki davlat munosabatlariga jiddiy putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Asqar Kaymakov Markaziy Osiyo davlatlari milliy xavfsizligiga bevosita xatar yetkazuvchi bu ochiqchasiga shovinistik va axmaqona chiqishni Rossiyaning ko‘plab fuqarolari qo‘llab-quvvatlayotganidan achinayotganini aytadi:

- Avvaliga biz arzimizni Rossiya Bosh prokuraturasiga jo‘natdik, ular xatimizni Tergov qo‘mitasiga jo‘natdi. Tergov qo‘mitasi biror sabab ko‘rsatmasdan jinoiy ish ochishdan bosh tortdi va materiallarni Dumaning Axloq bo‘yicha komissiyasi a‘zolari muhokamasiga yubordi. Xullas, Rossiya rasmiy idoralari u yoqqa- bu yoqqa jo‘natib ishni paysalga solmoqda. Men qo‘limga rasman rad javobini olishim bilan uning ustidan yana shikoyat arizasi bilan murojaat qilaman,- dedi yurist Asqar Kaymakov.

Asqar Kaymakov LDPR lideri Vladimir Jirinovskiy jamoatchilik oldida qilgan bayonotlari uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining “Inson qadr-qimmatini kamsitish”, “Ekstremistik faoliyatga da‘vat etish” va “Urush ochishga ommaviy da‘vat etish” moddalari asosida javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblamoqda.

Yurist olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiya Davlat Dumasining deputatlik axloqi bo‘yicha komissiyasi Jirinovskiy ustidan tushgan arizani ko‘rib chiqadi va muhokama etadi.

LDPR yo‘lboshchisi so‘zlaridan Qozog‘iston va Qirg‘iziston norozi

LDPR yetakchisining bundan oldin ham millatchilik ruhida qilingan bayonotlar bilan chiqqani ma‘lum. Masalan, bundan 5 yil oldin u Tojikiston¸ shuningdek Qirg‘izistonni Rossiya tarkibiga qaytarishni taklif qilgan. LDPR yo‘lboshchisi shunday tarzda poliomiyelit, noqonuniy migratsiya va Afg‘onistondan kelayotgan narkotik moddalarga qarshi kurash g‘oyasini ilgari surgan edi.

Shovinistik va millatchilik ruhida qilinayotgan bayonotlar rus jamiyatiga yoqib tushayotganini o‘z vaqtida payqab qolgan Vladimir Jirinovskiyning o‘tgan yilning 23 fevralida Moskvadagi siyosiy yig‘ilishlardan birida markazi Verniy shahrida bo‘lgan “O‘rta Osiyo federal okrugi”ni tuzish kerakligini ta‘kidlagan (Verniy hozirgi Olmaota shahrining eski nomi hisoblanadi).

Olmaotada tug‘ilgan Jirinovskiy o‘z chiqishida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi davlatlar imperiya davrida mavjud bo‘lmaganiga ishora qilib, bu mintaqalarni “Rossiyaning sub‘ektlari o‘laroq bitta federal okrugga jamlanishi kerakligi”ni urg‘ulagan.

Markaziy Osiy davlatlaridan Qozog‘iston TIVi Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan LDPR liderining bayonoti bo‘yicha tushuntirish talab qilingan nota tayyorlagan edi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev Jirinovskiyning bu bayonoti “Qirg‘izistonning (Rossiya yetakchiligidagi) Bojxonalar Ittifoqiga qo‘shilishi masalasini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini” bildirib, parlament deputatlari nomidan Jirinovskiy bayonotiga rasmiy tushuntirish berishni Rossiyadan talab qilgan.

Vladimir Jirinovskiyning “O‘rta Osiyo federal okrugi”ni tuzish to‘g‘risidagi bayonotiga rasmiy Toshkent hozircha munosabat bildirmadi.

Jirinovskiy chiqishlari Dumaning Axloq masalalari bo‘yicha komissiyada birinchi marotaba ko‘rilayotgani yo‘q

Vladimir Jirinovskiy o‘zining hatti-harakatlari va nojo‘ya chiqishlari yuzasidan Rossiya parlamentining Axloq komissiyasi muhokamasiga tortilgan.

2014 yilning 18 aprel kuni u Davlat Dumasi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Rossiya segodnya” axborot agentligi jurnalisti Stella Dubovitskayani haqoratlab, o‘z safdoshlariga bu ayolni yig‘ilganlar ko‘z oldida zo‘rlashni buyurgan edi.

2013 yilning oktabrida esa “Rossiya-1” telekanali efirida u Shimoliy Kavkazni “simtikonlar bilan o‘rab, u yerga chechen, dog‘istonlik va osetinlarni Rossiyaning markaziy qismidan quvib chiqarish"ni taklif etdi.

"Shimoliy Kavkazda umuman uchinchi farzandni tuqqanlarni jazolash kerak. Ular bu yerga kelib ruslarni portlatayapti. Bunga chek qo‘yish kerak”, degan edi Jirinovskiy.

Siyosiy xarita ustida bosh qotirishni xush ko‘ruvchi rus siyosatchisi 2014 yil martida Ukrainaning g‘arbiy qismini Polьsha, Ruminiya va Vengriyaga bo‘lib berishni tavsiya qilgan.

Vladimir Jirinovskiy Uralda yashovchi rus aholisini “esi past” va “befahm” deb atagan.

XS
SM
MD
LG