Линклар

10 yanvar kuni Chexiya musulmonlari Praga shahridagi bosh maydon – Vatslav maydonida Parijdagi Charlie Hebdo satirik jurnaliga hujumni qoralab, namoyish o‘tkazdilar. 100 chog‘liq namoyishchi qo‘llarida “Terrorning dini yo‘q!”, “Men musulmonman, terrorchi emas!”, “Charlie Hebdo terror qurboni bo‘ldi, politsiyachi Ahmad ham!” deyilgan shiorlarni tutib, terrorizmning Islomga tenglashtirilishiga noroziligini bildirdilar.

Praga markaziga yig‘ilgan 100 dan ortiq musulmon 7 yanvar kuni Parijdagi Charlie Hebdo satirik jurnaliga uyushtirilgan hujumni qoraladi va ushbu hujum qurbonlari yaqinlariga hamdardligini izhor qildi.

Norozilik chiqishi tashkilotchilaridan biri – Musulmon talabalar ittifoqi a‘zosi Uday Zabadiy bu terror, nafaqat Islom, balki hech bir dinga aloqasi yo‘q, deb ta‘kidladi:

- Biz Chexiyada yashovchi musulmonlar Charlie Hebdo jurnaliga uyushtirilgan hujumni qoralaymiz. Bu terror hujumining dinga ham, biror madaniyatga ham aloqasi yo‘q. Biz Parijda o‘ldirilganlarning oila-a‘zolariga ta‘ziyamizni izhor qilamiz, jarohat olganlarning esa tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz, - deydi Uday Zabadiy.

Bu aktsiyaga taklif qilingan islomshunos olimlar ham yig‘ilganlar oldida chiqish qilib, keyingi paytlarda terror hujumini qilayotgan shaxslarning Islom nomidan jinoyat qilishini qoralarkan, Islom dinining zo‘ravonlikning har qanday turiga qarshi ekani haqida nutq so‘zladilar.

Chexiya Yevropaning musulmonlar eng kam bo‘lgan davlatlaridan biridir. Ammo, o‘tgan bir yil ichida bu davlatda Islomofob guruhlar harakati kuchaydi. Bundan tashqari, mamlakat siyosatchilari, jumladan, parlament a‘zolarining Islomga qarshi bayonotlari yangramoqda.

Bunday bayonotlar sirasida "Sotib olingan har bir kabob paranjiga bir qadam yaqinlashuvdir" yohud “Har bir terrorchi musulmondir!” kabilarni tilga olish mumkin.

Vatslav maydonida musulmonlar tinch norozilik aktsiyasini o‘tkazgan kunda ham islomga qarshi guruhlar vakillari o‘z noroziligi aks etgan palakat bilan alohida piket o‘tkazdilar. Ularning qo‘llaridagi plakatda “Satirachi jurnalistilar Muhammad istagi bilan o‘ldirildi” mazmunidagi shior bitilgan edi.

Karlov universitetining tibbiyot fakultetida tahsil olayotgan Sulaymon Rashid bunday tasavvurni yolg‘on, deb qoralar ekan, shunday deydi:

- Afsuski, Chexiyadagi ba‘zi siyosatchilar Islomga qarshi pozitsiyani tutib, bundan o‘z siyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Siyosiy liderlarning bunday mas‘uliyatsizligi Islomga e‘tiqod qilgan fuqarolarga turli tamg‘alarning yopishtirilishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida Islom tinchlik, rahmdillik va murosa dinidir, hech bir zo‘ravonlikning Islomga aloqasi yo‘q, - deydi Sulaymon Rashid.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Chexiyada 3 yarim-4 ming musulmon bor. Ularning asosiy qismi poytaxt Praga shahrida yashaydi. Shuncha musulmon nomidan namoyishga chiqqan faollar Chexiya hukumati vakillari va siyosatchilarni mamlakatda islomga qarshi kayfiyat, musulmonlar va boshqa din vakillari o‘rtasida ziddiyatni kuchaytiruvchi siyosatdan tiyilishga chaqirdi.

Shuningdek¸ 8 yanvar kuni Pragaga yig‘ilgan islomshunoslar ham Parijda amalga oshirilgan terroristik harakatni qoralashgan edi.

XS
SM
MD
LG