Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:37

Mashinani quvlab odamlarga tan jarohati yetkazgan militsioner tergov qilinmoqda​​


Toshkentdagi avariya ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.
Toshkentdagi avariya ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.

O‘z xizmat mashinasida boshqa avtomashinani quvlagan yo‘l-patrul xizmati xodimi avariya sodir bo‘lishiga sabab bo‘lganlik va odamlarga tan jarohati yetkazganlikda ayblanib, Toshkent shahar Chilonzor tumani prokuraturasi tarafidan tergov qilinmoqda. O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlariniing yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagani oqibatida halokatli hodisalar ko‘plab uchrab turadi.

Trassada ketayotgan avtomashinani o‘z xizmat mashinasida quvlagan yo‘l-patrul xizmati xodimi avariya sodir bo‘lishiga sabab bo‘lganlik va odamlarga tan jarohati yetkazganlikda ayblanib, Toshkent shahar Chilonzor tumani prokuraturasi tarafidan tergov qilinmoqda.

Ozodlikning Toshkent shahar huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra¸ 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent shahar Chilonozor tumani Muqimiy ko‘chasida yo‘l-patrul xizmati xodimi o‘z xizmat mashinasida boshqa bir avtomobilni quvlagan. Manbaga ko‘ra¸ quvlanayotgan avtomobil avariyaga uchrab bir necha kishiga tan jarohati yetgan.

- 9 yanvar kuni soat 23dan 30 daqiqa o‘tganida Toshkentning Muqimiy ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Yo‘l-patrul xizmatiga oid avtomobil quvgani bois qochgan "Malibu" rusumli avtomobil "Matiz" rusumli mashina bilan to‘qnashgan. Ayni masala yuzasidan yo‘l-patrul xizmati xodimlari so‘roq qilinmoqda. Ular avariya sodir qilish va kishilarga yengil jarohat yetkazganlikda ayblanmoqda¸- dedi Ozodlik manbasi.

Manba ta‘kidiga ko‘ra¸ jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va voqea oqibatida hech kim o‘lmagan.

Ayni voqeaga oid fotosurat va videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ygan Said ismli internet foydalanuvchisi “DAN xodimlari Malibu rusumli avtomashinani quvlab ikki yosh bola va bir qizning o‘limiga sabab bo‘ldi”, deb yozdi.

Chilonor tuman ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbalari esa voqea militsioner aybi bilan bo‘lganligini tan olgan holda¸ qurbonlar yo‘qligini ta‘kidlashmoqda:

- Hozir biz militsiya xodimi aybdor deb aytganimiz bilan kim aybdor ekanini sud hal qiladi. Tergov hulosasiga qarab, sudya qaror chiqaradi. O‘sha qarorga qarab aybdor shaxs topiladi¸- dedi Ozodlik manbasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chada quvdi-quvdi qilib, avariyaga sabab bo‘lgan militsionerlar jazoga tortilmasligi haqida gapirilmoqda.

Ijtimoiy tarmoq mushtariylari o‘z xizmat mashinasida ikki kishini urib o‘ldirgan militsionerning avf qilinganligini misol qilib ko‘rsatishmoqda.

O‘tgan yil yilning aprelida Toshkentning Chilonzor tumanida uch kishini bosib ketgan, pirovardida 5 yashar qizcha va 33 yoshli erkak o‘limiga sabab bo‘lgan militsioner Baxtiyor Tolipov qamalganidan yarim yil ham o‘tmay ozodlikka chiqdi.

7 yilga qamalgan sobiq militsiya xodimining amnistiya akti qo‘llanib, ozod etilgani bildirilgan edi. 22 yoshli Baxtiyor Tolipov o‘tgan yilning 23 aprelida patrul-post xizmatining “Neksiya” avtomobilida uch kishini bosib ketgandi.

Natijada 5 yashar Kristina Gorbanova voqea joyida nobud bo‘lgan, uning onasi Lyudmila Gorbanova va tog‘asi Dmitriy Kurbatov og‘ir ahvolda kasalxonaga yetkazilgan. Keyinroq avtohalokatda olgan og‘ir jarohati tufayli Kurbatov ham jon bergan.

Bu voqea jamoatchilikka oshkor bo‘lganidan keyin militsiya xodimi Baxtiyor Tolipov hibsga olingan va unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi Baxtiyor Tolipovni 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Ammo o‘tgan yil so‘ngida "baxtsiz tasodif tufayli" ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan militsiya xodimi avf qilindi.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlariniing yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagani oqibatida o‘lim bilan tugagan hodisalar ko‘plab uchrab turadi.

XS
SM
MD
LG