Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:54

Blog: Yangi “Kirzbekiston” davlati – O‘zbekistonga tep-tekin reklama...


"Kirzbekiston"ning Tvitterdagi sahifasidan skrinshot.
"Kirzbekiston"ning Tvitterdagi sahifasidan skrinshot.

Eshitdingizmi, dunyo xaritasida “Kirzbekiston” degan yangi davlat paydo bo‘ldi. Xabarim yo‘q deysizmi? Ee, salomat bo‘lsinlar, shunday voqeadan g‘ofil qolibsiz-da. O‘sha hangomani muxtasar so‘zlab beray bo‘lmasa.

New York Times gazetasi muxbiri Jon Branch sarguzashttalab sportchi Tommi Kolduelga bag‘ishlangan maqolasida Qirg‘izistonni adashib “Kirzbekistan” (Kyrzbekistan) deb yozvordi. Hamkasblar va mushtariylar jurnalistga o‘sha zahoti tanbeh berishdi, tahririyat uzrxohlik qildi.

(Boyoqish Jon Branch ham toza tavbasiga tayangandir, endi hatto kindik qoni to‘kilgan mamlakat nomini uch qayta tekshirib yozsa, ajab emas.)

Ziyrak vebomanlar bo‘lmaganida jurnalistning xatosi esdan chiqib ketishi tayin edi. Lekin tinib-tinchimagan bloggerlar shunday imkoniyatni qo‘ldan chiqararmidi, ana endi ko‘ring vebistondagi tekin tomoshani!

Bir guruh vebomanlar eran-qaran xayoliy Kyrzbekistan davlatiga asos solishdi. Bir zumda Tvitter, Feysbukda yangi davlatning rasmiy sahifasi ochildi.

Ko‘z ochib yumguncha, Kirzbekistonning milliy madhiyasi, binoyidek bayrog‘i ijod qilindi, yana-tag‘in rosmana chegaralari chizib chiqildi.

(Ajabo, bir osh damlagundek vaqtda davlat tuzish mumkin ekan-ku, falastinliklar yarim asrdan beri sarson bo‘lib yurganini qarang!)

Internetdagi bekorxo‘jalarga otning qashqasidek taniqli Nation States o‘yini saytida ham Kirzbekistonning maxsus sahifasi tashkil qilindi.

Hotamtoy bloggerlar jurnalist Jon Branchga xayoliy davlatning faxriy prezidenti yorlig‘ini qo‘shqo‘llab topshirishdi.

Xayoliy Kirzbekiston davlatining “me‘mor”lari tarqatgan ma‘lumotlarga qaraganda, mamlakat poytaxti – Bishkent. Davlat rahbari – Kirzbekboshi. Tuzumi – respublika. O‘zi do‘ppidekkina hududni egallagan-u, aholisi xo‘b barakali – olti million.

Mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq muammoning o‘zi yo‘q: aholi ovoz berishdan bo‘lak jamiki huquqlardan mahrum!

Raiyat daromadining 56 foizini soliq sifatida g‘aznaga topshiradi. Xususiy korxonalar faoliyati taqiqlangan, ammo mamlakatda pitstsaning yirik qora bozori bor.

Yosh davlat xorijga elektr energiya, jun va... mo‘ylov eksport qiladi.

Odamlarning ot, tuya hamda qo‘tosga mehri baland.

Uzunquloq daraklarga qaraganda, prezident Vladimir Putin Kirzbekistondagi rusiyzabon aholining ahvolidan xavotirda.

So‘nggi josuslik xabarlariga ishonilsa, Nursulton Nazarboyevga mushovirlik qilib cho‘ntak qappaytirgan Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler endi Kirzbekboshining pinjiga kirmoqchi.

Xullas, vebomanlarning kuni tuqqan: virtual olamda o‘zlari yaratgan xayoliy davlatga oid hazilomuz ta‘rif-tavsiflarni bearmon yozishyapti.

Darvoqe, New York Times gazetasi muxbiri Jon Branchning birgina xatosini deb uning go‘riga g‘isht qalashga shoshmaylik.

Avvalo, hamma ham xatoga yo‘l qo‘yadi. Buyog‘ini so‘rasangiz, Lenin ham adashgan.

(O‘zimiz ham gohida Dominikana va Dominika, Niger va Nigeriya boshqa-boshqa davlat ekanini unutib qo‘yamiz-ku. Yo noto‘g‘rimi?)

Muhimi, xato vaqtida tan olinib, bartaraf etildi-ku!

Qolaversa, amerikalik jurnalistning Qirg‘iziston va O‘zbekistonni omuxta qilib yangi davlatga asos solib yuborgani ayni muddao! O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun tep-tekin reklama! Shu bahona jug‘rofiyaga tobi yo‘q ajnabiylar ham Markaziy Osiyo davlatlarini yaxshiroq tanib oladi endi...

Ozodlik mushtariysi

XS
SM
MD
LG