Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:46

Karimov "7 marta o‘lchab 1 marta kesilgan deputatlar"ni tabrikladi​


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi deputatlari prezidentning o‘gitlarini qunt bilan konspekt qilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi deputatlari prezidentning o‘gitlarini qunt bilan konspekt qilmoqda.

Prezident Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 12 yanvar kuni o‘tkazilgan birinchi tashkiliy yig‘ilishida yangi saylangan deputatlar oldida nutq so‘zladi.

Odatda, Karimov nutq so‘zlar ekan, avvaldan tayyorlangan matndan chiqib ketadi va u kishining jonli nutqi bilan keyin e‘lon qilinadigan rasmiy matn orasida katta farq bo‘ladi.

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Mamlakat rahbari aytgan gaplarning hammasi ham O‘zA e‘lon qilgan rasmiy matnda aks etmadi.

Prezident nutqining televideniye olib ko‘rsatgan varianti bilan O‘zA e‘lon qilgan rasmiy matnni qiyoslab ko‘rgan odam farqni ilg‘ashi mumkin.

“A‘lochi deputatlar”

Bevosita nutqqa to‘xtalishdan oldin, boshqa bir gap: telereportajda ko‘zga yarq etib tashlanadigan holat, yangi deputatlarning, prezident ishtirok etadigan boshqa barcha izdihomlarda bo‘lgani kabi, gapiruvchiga tik qarab emas, balki qo‘lidagi daftarga tikilib, unga bir narsalar yozib o‘tirganidir.

Hech yo‘q Birinchi yig‘ilishda yayrab-yashnab o‘tirish o‘rniga deputatlar tirishqoq talabaday "lektorning gapini konspekt qilib o‘tirganlari" g‘alati ko‘rindi.

Tashqi qarz

O‘zbekistonning tashqi qarzi qanchaligini, agar bu masala yuzasidan maxsus tadqiqot o‘tkazgan mutaxassis bilmasa, shu paytgacha hech kim bilmas edi.

Kechagi nutqida prezident sobiq ittifoqdosh respublikalardan ko‘pining tashqi qarzi ko‘payib ketganini aytar ekan, “O‘zbekistonning tashqi qarzi to‘g‘risida so‘rasangiz agar, hammasi bo‘lib 14 foizdan yalpi ichki mahsulotdan oshmaydi. Bu juda past", dedi.

(Bu masalani OzodNazar eshittirishida toshkentlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov bilan gaplashdik)

Prezident prezident saylovi to‘g‘risida indamadi yoki 7 marta o‘lchab 1 marta kesilgan deputatlar

Ma‘lumki, O‘zbekistonda yana salkam ikki yarim oydan keyin prezident saylovi bo‘ladi. Bas, shunday ekan, Islom Karimovning bu mavzuda biron gap aytishini kutish tabiiydir. Lekin bu haqda u kishi bir narsa demadi.

Agar, albatta, u kishining mana bu gapini hisobga olmasak:

“Men ko‘pchilik o‘tirganlarni yaqindan bilmasamam, bugun sizlarning ochiq chehrangizni ko‘rib, xuddi bir, nima deydi, o‘zbekona gapiradigan bo‘lsak, istorangiz issiq bo‘lganini ko‘rib, xuddiki o‘zimni sizlar bilan ko‘pdan beri tanish bo‘ganimni o‘zimga ma‘qul topayapman va shu fursatdan foydalanib, o‘zimga o‘zim savol berayapmanki, bu nimani daragi? Bu avvalambor o‘zaro bir birimizni yaxshi tushunganimiz, bu avvalambor xalqimiz, saylovchilarimiz sizlarni saylaganda avvalambor sizlarni juda chuqur o‘ylab 7 marta o‘lchab 1 marta kesganini, eng avvalo sizlar mana shunday katta bir vazifani o‘z zimmanigizga olganingizni juda chuqur his qilayotganingizni sezganingizni va o‘zaro bir birimizga yo‘ldosh bo‘lishimizni, hamkor bo‘lishimizni va sizlar bilan birga ishlashni man tayyor bo‘lganimni sizlarga e‘lon qilmoqchiman”.

Prezidentning yuqoridagi odatdagiday g‘aliz nutqi ko‘chirmasini tushunmagan bo‘lsangiz, xuddi shu parchaning O‘zA e‘lon qilgan rasmiy matndagi varianti bilan tanishing:

“Men ko‘pchilik mana shu muhtasham zalda o‘tirganlarni yaqindan bilmasam ham, bugun sizlarning issiq yuzingizni, ochiq chehrangizni ko‘rib, o‘zimni xuddiki sizlar bilan yaqindan tanishgandek his qilmoqdaman.

Har qaysi insonning hayotida uning xayolida, xotirasida umrbod saqlanib qoladigan unutilmas voqealar bo‘ladi.

Sizlarning barchangiz uchun bugun ana shunday katta xursandchilik kuni, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Sizlar muyassar bo‘lgan, yurtimiz hayotida ulkan voqea bo‘lgan bunday sharafga erishish, ya‘ni, xalq vakili bo‘lib, besh yil davomida parlamentda ish olib borish, saylovchilar bildirgan yuksak ishonchni oqlash – bu katta baxt, shu bilan birga, katta mas‘uliyat demakdir”.

****

Quyidagilarni O‘zA axborot agentligiga kirib, prezident nutqi rasmiy variantini erinadiganlar o‘qisin:

Prezident nega gapirdi?

Chiqishidan asosiy maqsadi Oliy Majlisning avvalgi tarkibida ish olib borgan deputatlar faoliyatiga baho berish, yangi saylangan parlamentning vazifalari haqida so‘z yuritish emasligini, maqsadi “mamlakatni zamon talablari asosida, barqaror sur‘atlar bilan taraqqiy ettirish, buning uchun keng ko‘lamli demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shu borada oldinda turgan eng dolzarb masalalar haqidagi ayrim fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashish” ekanligini aytib o‘tdi.

Zamon qaltis

Shu gapdan keyinoq Islom Karimov zamonning “g‘oyat murakkab, tahlikali va qaltis” ekanligi to‘g‘risida gapira boshladi va nutqini eshitayotganlarni “ogoh, sezgir va safarbar bo‘lib yashash”ga chaqirdi.

Etilgan manzil

Deputatlarni ogohlikka chaqirgan prezident Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan (“sovet” so‘zini tilga olmadi) beri o‘tgan 23 yil natijalari haqida gapirdi va dedi:

“…xalqimizning mashaqqatli va fidokorona mehnati hisobidan erishayotgan yutuq va marralarimizni do‘stlarimiz ham, muxoliflarimiz ham tan olmoqda, islohotlarimiz samarasini jahon hamjamiyati e‘tirof etmoqda. Ba‘zi davlatlar, qani, biz ham shunday natijalarga erishsak, deb bizga havas bilan qarayotgani ham hech kimga sir emas”. Prezidentga ko‘ra, sobiq ittifoqdosh ayrim respublikalar O‘zbekiston ancha ortda qolib ketgan.

Islom Karimovning aytishicha, O‘zbekiston “Men mintaqada birinchiman, men dunyoda birinchilar qatoridaman” degan maqtov so‘zlarni ishlatmasdan turib <...> xalqaro maydondagi obro‘-e‘tiborini yanada yuksaltirish bo‘yicha ulkan, aytish mumkinki, asrlarga teng bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi”.

Yozuvchilarga topshiriq

Islom Karimovning fikricha, o‘zbek adiblari olis o‘tmish to‘g‘risida ko‘p kitoblar yozgan, lekin mustabid tuzum (Sovet davri – tahr.) davrida xalq o‘z boshidan kechirgan azob-uqubatlar hanuzgacha to‘la ochib berilmagan. “Maktablarimizda, litsey va kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarimizda ayni shu mavzularni xolis va haqqoniy yoritib berishga yanada ko‘proq e‘tibor qaratishimiz kerak. Buning uchun avvalo mustaqillikka erishish arafasidagi og‘ir kunlarni bevosita ko‘rgan, shu voqealarning guvohi bo‘lgan odamlarning esdalik va xotiralarini yozib olish zarur”, dedi Karimov.

Konstitutsiya kunidagi gapning takrori

Mamlakat Asosiy qonunining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda Islom Karimov nutqning rasmiy matnidan chiqib ketib, o‘zbekistonliklar orasida SSSRni qo‘msash kuchayib borayotgani e‘tirof etgan, bunday kayfiyatlarni zararli, deb bilishini ta‘kidlagan edi.

O‘sha gap bu gal rasmiy matnga kiritildi. “Biz eski tuzumni tiklashga qaratilgan hech qanday ittifoqqa hech qachon kirmaymiz, mustabid sovet davriga aslo qaytmaymiz”, dedi Karimov va o‘zining mamlakat tarixidagi rolini mana bunday belgiladi: “Shaxsan men butun hayotimni, butun umrimni xalqimizning ozodligiga, Vatanimiz mustaqilligiga bag‘ishladim va bu yo‘ldan hech qachon qaytmayman”.

“O‘zbek modeli”

Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston “iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib siyosiy mustaqillikka erishib bo‘lmaydi”, degan printsipdan kelib chiqib, turli masalahatchilarga quloq solmadi;

“bir eshikka kirishdan oldin chiqishni o‘ylash kerak, degan maqol”ni unutmadi;

“qarz hisobida olgan sarmoyalarni qayoqqa ishlatishni oldindan puxta o‘ylamasdan, aniq strategik loyihalarni amalga oshirish o‘rniga boshqalarga o‘xshab, yeb qo‘ymadi”;

Strategiya haqida

Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston “huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurishga qaratilgan olis va og‘ir yo‘lning faqat bir qisminigina bosib o‘tdi, xolos. Uning hal qiluvchi qismi hali oldinda”.

Karimov yana dedi: “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi o‘rta va uzoq istiqbolda biz uchun kelajak Strategiyasi bo‘lib xizmat qilmoqda, aniq yo‘lni ko‘rsatmoqda”.

Oriyentirlar haqida

Karimov: Bugungi kunda qaysi davlat yuksak taraqqiyotga erishgan bo‘lsa – bu Janubiy Koreya yoki Yaponiya bo‘ladimi, Yevropa davlatlari bo‘ladimi – bularning barchasidan o‘rganish kerak.

Mafkura haqida

Karimov: Biz uchun yagona mafkura – bu O‘zbekistonning taraqqiyoti, O‘zbekistonning ravnaqi, O‘zbekistonning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasligidir.

Tashqi siyosat haqida

Karimov: “…davlatimizning tashqi siyosat strategiyasiga amal qilgan holda, turli siyosiy-harbiy bloklarga qo‘shilmaymiz, o‘z hududimizda xorijiy harbiy bazalar tashkil qilishga yo‘l qo‘ymaymiz. Bizning maqsadimiz bitta, u ham bo‘lsa, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan til topishib, ahil va inoq bo‘lib yashashdan iborat”.

XS
SM
MD
LG