Линклар

Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi 14 yashar qizcha 76 yashar bobosini pul bermagani uchun bolta bilan chopib o‘ldirganlikda ayblanayapti. Ushbu ishni ko‘rayotgan Samarqand viloyati jinoyat ishlari sudi 15 yanvar kuni qizchaga nisbatan hukmni e‘lon qilishi kutilmoqda.

14 yashar qizcha va uning bobosi ism-familiyasi Ozodlikka ma‘lum, lekin mahkama jarayoni yakunlanmagani bois, ularning shaxsiga oid ma‘lumotlar ochiqlanmayotir.

Voqea o‘tgan yilning 18 sentabr kuni ertalab Kattaqo‘rg‘on tumani, Qushbegi mahallasida sodir bo‘lgan.

Samarqanddagi huquq-tartibot idoralarida ishlaydigan manbaga ko‘ra, o‘sha kuni bobosinikiga mehmonga borgan 14 yashar qizcha qotillikka qo‘l urgan:

“Qizning o‘zi Kattaqo‘rg‘on shahri Do‘stlik mahallasida yashaydi. Tumanning Qushbegi mahallasida esa uning bobosi ya‘ni onasining otasi yashaydi. O‘sha kuni qizning bobosiga pensiya puli berilgan va qizcha ko‘ylak olish uchun bobosidan pul so‘ragan. Bobosi pul bermagan. Bobosining pulni sandiqqa qo‘yganini ko‘rgan qiz yashirincha borib pulni olmoqchi bo‘lgan. Bobosi buni ko‘rib qolib, urishgan. Qizcha shu atrofda yotgan pichoqni olib bobosiga ikki marta sanchgan. Bobosining yerga yiqilib, xirillab yotganini ko‘rgan qiz uning boshiga qop kiygizib, bolta bilan bir necha bor chopgan”, dedi manba.

Ayblov xulosasi bilan tanishgan manbaga ko‘ra, qizcha voqea joyidan qochib, onasining yoniga borgan va onasi qizini singlisinikiga yashirgan:

“Onasi qizining jinoyatini yashirishga urinib, uni xolasini uyiga jo‘natgan. Lekin tezkor-tergov guruhi olib borgan tadbirlar natijasida qotillik zudlik bilan ochildi. Qizning o‘zi dastlabki tergov paytida avvaliga inkor qilib turib, keyin bobosini o‘ldirganini tan olgan”, dedi Samarqand huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Ushbu voqea tafsilotlaridan xabardor Kattaqo‘rg‘ondagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, 14 yashar qizcha bo‘yicha ochilgan jinoiy ish bo‘yicha tergov jarayoni yakunlanib, o‘tgan yilning dekabrida ish sudga oshirilgan.

Manba aniqlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, qizcha ishi bo‘yicha mahkama hozirda Samarqand viloyati jinoyat ishlari sudida davom etmoqda va sud hukmi 15 yanvarь kuni e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Samarqand viloyat hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 14 yashar qizcha ruhan sog‘lom bo‘lib, uning oilasi kam ta‘minlangan oilalar ro‘yxatida turadi. Qizning otasi go‘rkov, onasi esa nonvoylik bilan shug‘ullanadi.

Hokimlikdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik ortidan qizcha 5-sinfdan keyin maktabga umuman bormagan.

“Bu oilaning jami yettita bolasi bor. Bu qiz faqat 5-sinfgacha maktabga borgan. Keyin esa onasiga ko‘maklashgan. U onasi yopgan nonlarni ko‘chaga chiqarib sotish bilan shug‘ullanib kelgan. Qizning maktabga bormaganiga na maktab, na mahalla e‘tibor bergan. Shahardagi 16-maktabga faqat 5-sinfgacha qatnagan. Ushbu voqeadan so‘ng qizning o‘qishiga be‘tiborlik qilgan shaxslarning barchasi jazolandi”, dedi Samarqand viloyat hokimligidagi manba.

Viloyat hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bobosini o‘ldirganlikda ayblanayotgan 14 yashar qizcha voqeasidan so‘ng Kattaqo‘rg‘on shahar Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini rahbari va Kattaqo‘rg‘on tumani Qushbegi mahalla oqsoqoli ishdan olingan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta‘limi boshlig‘i ham ishdan bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG