Линклар

Peterburglik jurnalist Toshkentdan O‘zbekistonni yuragiga joylab qaytdi​


Peterburglik fotosuratchi, jurnalist va bloger Aleksey Smishlyayev.

Peterburglik fotosuratchi, jurnalist va bloger Aleksey Smishlyayev.

Ko‘plab rossiyaliklar tasavvurida O‘zbekiston migrantlarning sahroda joylashgan qoloq makonidir.

O‘zbekistonga sayohatidan qaytgan peterburglik fotosuratchi, jurnalist va bloger Aleksey Smishlyayev safardan olgan taassurotlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.

Alekseyning fikricha, qotib qolgan tasavvurlaridan qutulish uchun rossiyaliklar go‘zal va bebaho tarixiy-me‘moriy obidalarga boy O‘zbekistonga ko‘proq borishlari kerak.

Dekabrda “O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” sarlavhasi ostida Internet maydonining o‘zbek segmentida eng ko‘p o‘qilgan-ko‘rilgan fotoblog paydo bo‘ldi.

Qachonlardir biz bir mamlakat, bir oila edik. ULAR endilikda BIZNING mamlakatimizda mehmon. Ammo ular dam olishga kelgani yo‘q. Ular bu yerda ishlashadi. Biz esa ulardan qo‘rqamiz, ular to‘g‘risida nobop tasavvurlarni yaratamiz va haqorat qiluvchi hazillarni tarqatamiz...”, deb boshlangan lavha muallifi taniqli peterburglik fotosuratchi, bloger va mustaqil jurnalist Aleksey Smishlyayevdir.

Aleksey 2014 yil oxirlarida O‘zbekistonga qilgan birinchi safari va bu mamlakat to‘g‘risidagi tasavvurlari qay darajada o‘zgarganini Ozodlikka gapirib berdi.

“Fotoapparatura bilan birga men O‘zbekiston to‘g‘risidagi noto‘g‘ri tasavvurlarni ham ko‘tarib bordim”

Aleksey Smishlyayev Toshkentda har yili o‘tkaziluvchi fotoanjumanlardan biriga taklif etilgani va shu fursatdan foydalanib O‘zbekistonni tomosha qilib kelganini aytadi.

- Ya‘ni u yerga men muayyan maqsad bilan bordim. Ammo, to‘g‘risi, O‘zbekistonga borish niyatim anchadan beri bor edi. Bu mening birinchi sayohatim bo‘ldi. Bizning jamiyatimizda migrantlar haqida shunday tasavvurlar borki, men shaxsan bunga mutlaqo qarshiman. Ko‘plari migrantlardan qo‘rqadi, bizda esa “gastarbayter”larning asosiy qismi O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir. Bu tasavvurlarga ko‘ra, ular kam savodli, o‘z yurtida biror narsaga erisha olmasdan bizning yurtimizga kelib ishlashadi, tozalikka rioya qilmaydi, jinoyatga moyil. Masalan, boshqa mamlakatlarda “Rossiyada hamma balalayka chalib, ayiqlar bilan quchoqlashib yuradi” degan fikrda, deya kuladi Aleksey.

“O‘zbekiston to‘g‘risidagi mening yanglish tasavvurlarim kaptarlar kabi har tomonga tarqab ketdi. Men O‘zbekistonni uning kamchiliklari va yutuqlari bilan birga doimiy yorug‘likda ko‘rdim. Uning yorug‘ligi yomg‘irlarning kamligidan emas. Uning yorug‘ligi chehralarning xayrixohligi, samimiy his-tuyg‘ular va yurakka bosilgan kaftlardan iboratdir” (“O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” lavhasidan).

Hayratga solgan narsalar

Aleksey O‘zbekistonda uni ko‘p narsa hayratga solgani, ammo birinchi navbatda odamlar qiziqtirganini gapiradi.

- Meni hayratga solgan eng birinchi narsa – odamlar men bilan turli tillarda suhbatlasha olgani! Bunaqasi hatto bizda yo‘q: bemalol rus tilida, ona tilida, boz ustiga ingliz tilida ham gaplashish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Yalpi tozalik meni, rostini aytsam, hayron qoldirmadi, chunki men o‘zbeklarning o‘ta tozaligi to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Toshkent shahrining yashilligi, kengligi, yorug‘ligi va, eng avvalo, zamonaviyligi hayratga soldi. Chunki O‘zbekiston deganda men tarixiy, qadimgi, sharqona shaharni, masjidlarni uchrataman deb o‘ylagandim, deydi rossiyalik sayyoh.

Aleksey Smishlyayev mahobatli Toshkent va haqiqiy Sharq ko‘rkiga ega Buxoroga borganini eslaydi.

“Buxoro mutlaqo o‘zgacha shahar. O‘zbekistonda bo‘lib, bu shaharga bormaslik – jinoyat! Bu yerda ham markazda, ham chekka tumanlarda tozalikka qattiq rioya qilishadi. Supurgi ko‘targan odam – odatiy hol” (“O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” lavhasidan).

Yoqmagan narsalar haqida

Biz Alekseydan unga yoqmagan narsalar haqida ham so‘radik.

- Yoqmagan narsalar ko‘zga tashlanganda edi, men ularni albatta o‘z blogimda aks ettirgan bo‘lardim. Men haqiqatni yashirish tarafori emasman. Masalan, bizda, Piterda, bozorda odamlarni shunchaki rasmga olish mushkul: odamlar bunga salbiy qaraydi. O‘zbekistonda esa fotoga olish muammo emas! Ko‘pchilik Rossiyada mendan “Nega sen O‘zbekiston siyosiy rejimi to‘g‘risida yozmading?”, deb so‘rashayapti. To‘g‘risi, men buni sezmadim. Bir marotaba - metroda rasmga tushurayotganimda – militsiya xodimi kelib, odob bilan rasmga tushirmaslikni so‘radi. Ha, u yerda militsiya xodimlarini rasmga tushurmaslikni so‘rashdi. Vaholanki, safarimdan oldin biladigan bir odam meni O‘zbekistonda fotosurat olib bo‘lmaydi, deb ogohlantirgan edi, go‘yo u yerda bunga taqiq bor, deb. Biror marotaba to‘xtatishgani yo‘q! – deydi rasmga olayotganida mahalliy rasmiylar qarshiligiga uchramaganini ma‘lum qilgan fotobloger Aleksey.

Shunga qaramasdan, nonvoylar non bilan pulni bir joyda saqlayotganidan biroz ko‘ngli g‘ash bo‘lganini ham esladi.

“Mana, sotilayotgan nonlar oldida pul yotibdi. Sanitariyaga xilofmi? Bo‘lishi mumkin, ammo Sovet Ittifoqida bu odatiy hol edi. Mahalliy militsiya xodimlari juda jiddiy ko‘rinadi, o‘zlarini suratga olishga ruxsat bermaydi va hamma yoqni kuzatib boradi” (“O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” lavhasidan).

Siyosiy suhbatlar to‘g‘risida

Aleksey mahalliy o‘zbeklarni narx-navo juda qiziqtirishini aniqlaganini aytadi. U O‘zbekistonda mutlaqo siyosiy masalalar ko‘tarilmaganiga hayron qoldim, deydi.

- Biz mahalliylar bilan asosan an‘anaviy bo‘lgan u yoki bu buyumning narxi to‘g‘risida suhbatlashdik. Negadir siyosat to‘g‘risida hech kim so‘ramadi. Ukrainadagi voqealar bo‘layotgan bir paytda men O‘zbekistonda ham siyosiy masalalar ko‘tarilishi, “Rossiyaning propagandasi kuchlimi yoki Ukrainanikimi?” kabi murakkab savollar berilishini kutgan edim. Ma‘lum bo‘ldiki, bu masalalar ularni umuman qiziqtirmas ekan: u yerda urush ketayotganini eshitishgan, ammo ular Ukrainami yoki Rossiya tarafidami – bunisi sezilmadi, deydi jurnalist.

“Mahalliylarning dinga bo‘lgan munosabati ortodoksal emasligiga e‘tiboringizni qaratmoqchiman. Hech kim birovga bosim o‘tkazmaydi, kamsuqum va boodob, hech kim namoz o‘qishga boshqasini majburlamaydi. Ko‘chada tanishib qolgan bir o‘zbek, “Bizda hech kim hech kimni majburlamaydi”, dedi”. (“O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” lavhasidan)

Rejada - O‘zbekistonning boshqa shaharlariga sayohat

- Endilikda O‘zbekiston deganlarida ko‘z oldingizda nima gavdalanadi?” Bu savolimizga javoban rossiyalik fotosuratchi Aleksey Smishlyayev dedi:

- Quyosh, nur va tabassumlarning ko‘pligi! So‘zsiz, mening eng rang-barang taassurotlarim Buxoroga qilgan safarimdan qoldi. Sharq sasi va afsonaviy sehriga ega Buxoro anchagacha ko‘z oldimda turadi. Mening keyingi sayohatim Samarqand va Xivaga bo‘ladi, dedi ishonch bilan Ozodlik bilan suhbatda peterburglik mustaqil jurnalist Aleksey Smishlyayev.

“Men qurol yasovchi bir qariya bilan tanishdim. Menga pichoq sota turib u: “Yaxshi xizmat qiladi. Yoqmasa – o‘n yildan keyin bo‘lsa ham kelaver – almashtirib beraman”, deya kelajakka ishonchini namoyish qildi... Men Buxoro aeroportidan kechasi soat uchda uchdim. Ko‘krakka bosilgan kaft ostida yurak urardi. Bu yurakdan esa oldin u yerda bo‘lmagan O‘zbekiston o‘rin oldi”. (“O‘zbekiston: Ertak va haqiqat” lavhasidan)

XS
SM
MD
LG