Линклар

Telenor rahbarlari O‘zbekistondagi korrupsiya janjali yuzasidan parlamentga hisob berdi​


Telenor shirkati bosh ijroiya direktori Yon Fredrik Baksaas Vimpelcomning o‘zbek rasmiylari qo‘lini olish uchun pora berganidan bexabarligini ta‘kidlashdan qolmayotir.

Telenor shirkati bosh ijroiya direktori Yon Fredrik Baksaas Vimpelcomning o‘zbek rasmiylari qo‘lini olish uchun pora berganidan bexabarligini ta‘kidlashdan qolmayotir.

14 yanvar kuni Telenor shirkati boshqaruv kengashi raisi va bosh ijroiya direktori shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan Norvegiya parlamenti qoshidagi Taftish va konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha doimiy qo‘mita vakillari oldida hisob berdi. Shirkat O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun prezident qiziga ko‘p million dollarlik pora berganlikda ayblanmoqda.

Pora berilgan bo‘lishi mumkin¸ lekin hozircha qo‘limizda isbot yo‘q...

14 yanvar kuni Telenor boshqaruv kengashi raisi Svayn Aaser parlament qo‘mitasi huzuridagi eshituvlarda o‘z shirkati Vimpelcomning O‘zbekistonda kimgadir pora berganiga oid isbotga ega emasligini bildirdi.

Telenor raisi ayni paytda¸ parlament deputatlariga¸ bunday pora oldi-berdisining bo‘lmagani haqida ham hech qanday kafolat bera olmasligini ta‘kidladi.

Rais bayonotining asosiy mazmuni¸ balki bunday korrupsiya amalda bo‘lgandir¸ ammo bizning qo‘limizda buni tasdiqlovchi biror dalil-isbot yo‘q¸ degan mazmunda bo‘ldi.

Telenor shirkati bosh ijroiya direktori Yon Fredrik Baksaas ham 14 yanvar kuni maxsus qo‘mita deputatlari savollariga javob berar ekan¸ Vimplecom tomonidan O‘zbekistonga kirish uchun korrupsion oldi-berdilarbo‘lganiga oid aniq dalillar yo‘qligini ta‘kidladi.

Izlar yana Gulnora Karimovaga yetaklamoqda...

O‘tgan yilning dekabr oyida Telenor shirkati 33 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Vimpelcom shirkatiga nisbatan o‘zbek telekom bozoriga kirish uchun katta miqdorda pora berganlik aybi qo‘yilgani ortidan o‘z ichki tergovini o‘tkazishinie‘lon qilgan edi. Bu tergovga manfaatlar to‘qnashuvi aralashuvi oldini olish uchun Telenor bosh ijroiya direktori Baksaas Vimpelcom nazoratchilar kengashi a‘zoligidan iste‘foga chiqqan edi.

Asosiy aksiyalari Norvegiya hukumatiga qarashli bo‘lgan Telenor Beeline brendi ostida o‘zbek mobil aloqa bozoridagi eng yirik operatorga aylangan Vimpelkom shirkatining 33 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan Vimpelcom shirkati esa¸ O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi¸ yaqinlargacha mamlakat mobil aloqa bozorini o‘z nazoratiga olib kelgan Gulnora Karimovaga 25 million dollar pora berganlikda gumonlanmoqda.

Norvegiyada chiqadigan “Klassekampen” nashri chop etgan hujjatlarga ko‘ra¸ Telenor Vimpelcomning O‘zbekistonda faoliyat qilishga ruxsat beruvchi litsenziyani qo‘lga kiritish uchun Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga Nordea banki orqali Gibraltarda rasmiylashtirilgan Takilant shirkati hisobiga pul o‘tkazgan.

Aksiyalari AQSh birjalarida ochiq sotuvga qo‘yiladigan Vimpelkom shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi Beeline bu mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori hisoblanadi va mart oyida AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar qo‘mitasi hamda Hollandiya hukumati Vimpelkomning aynan O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan taftish boshlagan.

Telenor ko‘rguliklari hali tugaganicha yo‘q...

14 yanvar kungi eshituvlarda Norvegiya parlamenti qoshidagi Taftish va konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha doimiy qo‘mita raisi¸ taniqli siyosatchi Martin Kolberg Telenor rahbarlaridan Shvetsiyada TeliaSoneraning O‘zbekistondagi korrupsiya mojarosi boshlanganidan keyin Vimpelcomdagi Telenor vakillari orasida xavotir tug‘ilgan-tug‘ilmaganini so‘radi.

Telenor bosh ijroiya direktori 2012 yilda¸ Shvetsiyadagi janjal ortidan shunday xavotirlar bois ichki surishtiruv boshlangani¸ ammo Vimpelcom ma‘muriyati O‘zbekistonga yotqizilgan sarmoyalar AQShning korrupsiyaga oid qonunchiligiga mos ekaniga ishontirganini bildirish orqali javob qaytardi.

Telenor raisi Aaser ham¸ bosh ijroiya direktori Baksaas ham deputatlar bilan savol-javobda o‘z shirkati boshigaVimpelcomning O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq yangi ko‘ngilsizliklar yog‘ilishi ehtimolini soqit qilmadi.

Bunday ehtiyotkor bayonotlar ortidan Norvegiya parlamenti qoshidagi Taftish va konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha doimiy qo‘mita vakillari Norvegiya Sanoat vazirligidan Telenor shirkatining O‘zbekistondagi faoliyatiga oid nima bilsa¸ shu haqda o‘ziga hisob berishni talab qildi.

Ayni paytda¸ o‘tgan yil 19 noyabr kuni Telenor boshqaruvi kengashi raisi va prezidenti bilan uchrashgan Norvegiya Sanoat vaziri hukumat nazoratidagi shirkatdan O‘zbekiston bozoriga kirish uchun pora bermaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan edi.

Hozircha Sanoat vazirligiga Norvegiya parlamenti qo‘mitasi talabini ijro etish uchun berilgan muhlat ochiqlangani yo‘q.

Norvegiya jamoatchiligi tomonidan tashvish bilan qarshi olingan korrupsiya janjali Shvetsiya prokurorlari TeliaSonera shirkatining O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish va 3G litsenziyasi uchun prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga 350 million dollar pora berganligi aybi bilan 2012 yilda jinoiy ish qo‘zg‘agani ortidan boshlandi.

Hozirda Shvetsiya¸ Shveytsariya¸ Hollandiya¸ Fransiya va Norvegiya prokuraturasi o‘rganayotgan tergovning asosiy figurantlari bo‘lmish Rustam Madumarov¸ Gayane Avkyan va Gulnora Karimovalarga nisbatan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham jinoiy ish qo‘zg‘agan. Madumarov va Avakyan ustidan sud hukm chiqardi¸ Karimovaning esa uy qamog‘ida qolayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG