Линклар

ID propagandasi qozoq bolakayning “josus”larni qatl qilganini namoyish qildi​


Suratda: Qatlga fatvo bergan janggari va qatlni ijro qilgan bolakay.

Suratda: Qatlga fatvo bergan janggari va qatlni ijro qilgan bolakay.

"Islomiy davlat" ekstremistik guruhining media targ‘ibot tuzilmasi 13 yanvar kuni bola- askarning “o‘z aybiga iqror bo‘lgan ikki nafar FSB josusi”ni qatl qilgani aks etgan videoni Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.

Qatlni ijro qilgan jangari bolakay IDning oldingi targ‘ibot roliklari qaxramoni - qozog‘istonlik bola ekanligi taxmin qilinmoqda.

Yetti daqiqali videotasvir ikki erkak kishining so‘roq qilingani va ularning Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) tarafidan Suriyadagi islomiy janggarilar ichida josuslik qilgani borasidagi “iqrori” bilan boshlanadi.

​Har ikkala “josus” ijtimoiy tarmoqlarda 13 yanvar kuni paydo bo‘lgan videotasvirda rus tilida “o‘z qilmishlariga iqror bo‘lib” josuslik tafsilotlarini bayon qilishadi.

So‘roq qilinayotganlardan biri sochlari kalta qirqilgan yigit o‘zining qozoq ekani¸ 1976 yili Jambul viloyatida tug‘ilganligini tutilib-tutilib¸ ko‘zlari bejo tarzda aytadi.

O‘zini "Janbo‘lat Mamayevman", deb tanishtirgan yigit videoda aks etgan so‘roq paytida FSBga pul uchun agent bo‘lib yollanganini e‘tirof qiladi.

Tasvirni tomosha qilgan¸ Ozodlikninng Suriyadagi voqealarni yoritib kelayotgan maxsus muxbiri Yoanna Parajchuk fikricha¸ Janbo‘lat Mamayev deb ishonilayotgan yigit qattiq qo‘rqitilgan va u bu iqrorni kamera oldida aytishga majburlangan.

Janbo‘lat Mamayev, deb ishonilayotgan yigit FSB va‘da qilgan pul evaziga ID safidagi rusiyzabon janggarilar haqida ma‘lumot to‘plaganligini video davomida aytadi.

Videotasvir qaxramoni Suriyaga Turkiya orqali kirib kelgani va oldiniga Istanbuldagi Otaturk aeroportiga yaqin joyda¸ keyinroq esa katta masjid (uning uzuq-yuluq gaplariga qaraganda, Sulton Ahmad masjidi - tahr.) yonidagi uylarda turganligini aytadi.

Janbo‘lat Mamayev, deya ishonilgan yigit o‘zi yiqqan axborotlarni fleshkaga jamlagani va bu fleshka kimga berilishi hamda o‘zining FSBdagi kuratorlari ism-familiyasini ham aytadi.

Videotasvirdagi ikkinchi yigit ham FSBda ishlashi va Rossiyadan Suriyaga josuslik maqsadida kelganligiga “iqror” bo‘ladi.

Videoso‘roq davomida o‘zini xotirjam tutgan bu yigit o‘zini 1984 yili tug‘ilgan Sergey Nikolayevich Ashimov, deb tanishtiradi.

"Sergey" xuddi "Janbo‘lat" kabi ID ekstremist guruhi ishlatadigan kalimalarni qo‘llab Islomiy davlat janggarilarini "birodarlar" deb ataydi.

Josus ekani aytilganlar Suriyaga kelishidan oldin "8 oy mobaynida Rossiya xavfsizlik xizmatida ishlaganiga iqror" bo‘lishadi.

Ozodlikning Suriya voqealarini yoritib kelayotgan maxsus muxbiri Yoanna Parajchuk fikricha, so‘roqning majburiy tarzi va video davomida ko‘zga tashlangan boshqa unsurlar bu ikki yigitning FSB agenti emasligi borasidagi taxminlarga zamin yaratadi.

Video josuslarning qatl qilinishi manzarasi bilan yakunlanadi.

Tasvirda ID harbiy kiyimidagi sersoqol yigit josuslar qatli borasida va‘z qilayotgani aks etadi.

Ikki “josus” tiz cho‘kkan tarzda qatlni kutib turishibdi. ID xarbiy kiyimidagi sersoqol yigit yonida to‘pponcha ushlagan bolakay turibdi. To‘pponcha ushlagan qo‘lga soat taqilgan, o‘sib ketgan sochi yelkasini qoplagan.

Bolakayga ID safiga kirgan “josus”lar qatlini ijro qiluvchi jallodlik vazifasi topshirilgani videotasvirdan tushuniladi.

Tasvir nihoyasida janggarilar safidagi bola tiz cho‘kib o‘tirgan ikki yigitning yelkasiga o‘q uzadi.

Ikki nafar “josus”ning o‘q yeb yiqilgani keyingi kadrda aks etgan.

Islomiy davlatning media targ‘ibot tuzilmasi tasvirchilari bolakayning “josus”lar o‘lganiga ishonch hosil qilish uchun yana bir martadan o‘q uzganini yirik planda aks ettiradi.

Tasvir ortidagi ovoz “rossiyalik agentlar yosh mujohiddan qo‘rqdi” deya hitob qiladi¸ qozoqcha gapirayotgan qotil bolakayning vazifani bajarib bo‘lib kulib turgani yirik planda ko‘rsatiladi.

Tasvir oxirida IDning oldingi targ‘ibot roliklaridagi bu bolaning gapidan iqtibos keltiriladi.

Video oxiridagi tasvirda bola qozoq tilida ”Men kofirlarni bo‘g‘izlaydigan mujohid bo‘lishni orzu qilaman”¸ degan gapni aytadi.

Bu tasvir o‘tgan yilning noyabrida Islomiy davlatning media targ‘ibot tuzilmasi e‘lon qilgan propaganda videosidan o‘rin olgan edi.

Rossiya rasmiylari “Islomiy davlat” janggarilari tarafidan qatl etilgan ikki erkak rus fuqarolari ekanini tasdiqlashmayapti.

Rossiyaning Suriyadagi elchixonasi matbuot vakili Oleg Samochkin “videoda aks etgan shaxslarning Rossiya fuqarosi ekani borasida bizda hech qanaqa ma‘lumot yo‘q”, deb aytdi.

Ayrim tahlilchilar videoda qon izlari ko‘rinmagani sababli qatl sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqdalar.

Qotillikni ijro etgan bolakay esa Qozog‘istondan Suriyaga oilasi bilan borgan bolalarning biri ekani taxmin qilinmoqda.

Ozodlik islomiy janggarilar safida jihod qilayotganlar orasida kamida 1000 nafar o‘zbek bolalari borligi haqida yozgan edi.

Bolaligi o‘yingoh emas¸ qonli janggohlarda kechayotgan bu bolalar o‘zbek jamiyati ertasi uchun tahdid sifatida ko‘rilmoqda.

"Islomiy davlat" (ID) - Suriya sharqi va Iroq shimoli hamda g‘arbida yirik hududlarni nazorat qilayotgan radikal islomiy guruhdir.

XS
SM
MD
LG