Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:21

MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev sudlanib, Bekobod turmasiga qamaldi​


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, 50 yashar MXX polkovnigi Javdat Sharifho‘jayev noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilindi.

Bu haqda Ozodlikning O‘zbekiston davlat tizimlaridagi bir-biridan mustaqil manbalar bildirdi.

Ozodlik manbalari MXX sobiq mulozimining Toshkent viloyati Bekobod tumanida xavfsizlik idoralari sobiq xodimlari saqlanadigan qattiq tartibdagi 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga yuborilganini aytmoqda.

Manbalarga ko‘ra¸ MXX mulozimi Javdat Sharifho‘jayev ustidan hukm o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Harbiy sudining yopiq majlisida o‘qilgan.

Ozodlik manbalarining bildirishcha, Javdat Sharifho‘jayev 4 yilga Ozodlikdan mahrum qilingan.

Hozircha rasmiy tasdig‘ini topmagan bu iddaolarni Ozodlikning huquq-tartibot organlarida ishlaydigan bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi. Faqat manbalardan biri "Sharifho‘jayev 4 yilga qamaldi", desa yana bir u 3 yilga Ozodlikdan maxrum qilinganini iddao qilmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Javdat Sharifho‘jayevning ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni o‘tash maskaniga yuborilganligi yuzasidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasidan izoh olishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Javdat Sharifho‘jayev O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining o‘rinbosari general Hayot Sharifho‘jayevning ukasidir.

Ayni paytda, Ozodlik manbalari, qamoqda jazo o‘tayotgan Javdat Sharifho‘jayevning akasi, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari general Hayot Sharifho‘jayevning o‘z lavozimida ishlayotganini ham Ozodlikka bildirishdi.

Javdat Sharifxo‘javning bevosita o‘z akasi qo‘li ostida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagani MXX tizimlaridagi qoidalarga zid ekani aytiladi.

MXXning sobiq xodimi Ikrom yoqubovga ko‘ra¸ MXX tizimida bir oila a‘zosi bo‘lgan kishilar bir-birining qo‘l ostida ishlashiga cheklov qo‘yilgan.

Ikrom yoqubovning aytishicha, Javdat Sharifxo‘jayev o‘z akasi Hayot Sharifxo‘jayev homiyligida MXX tizimlaridagi qoidalarni chetlab o‘tib, mansab zinapoyalaridan ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan.

Sharifho‘jayev Javdat Shavkatovich 2009 yilning 28 avgustida O‘zbekiston mustaqilligining 18 yilligi arafasida "Shon-sharaf" ordeni bilan taqdirlangan edi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi maxsus ajrim chiqarib, Javdat Sharifxo‘jayevni barcha orden medalь va boshqa unvonlardan mahrum qilgan.

MXXning sobiq xodimi Ikrom yoqubovga ko‘ra¸ u yoki bu shaxsni ordenlardan mosuvo qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston prezidenti qabul qiladigan qarordir:

- Ammo bu yerda mantiqqa zid holat ham ko‘rinadi. MXX zobitini ordendan mosuvo qilinishi uchun zobit kamida 10 yilga kesilishi kerak. 4 yilga kesilgan zobitning ordendan mahrum qilinishi zamirida siyosiy qasd olish alomatlari ko‘rinmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Ikrom yoqubovga ko‘ra¸ shu kunlarda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova biznes saltanatini fosh qilgan guruhni zararsizlantirish jarayoni ketmoqda:

- MXX zobitlari qudratda bo‘lganida doimo o‘zini kuchli va nazoratdan holi his qiladi¸ ammo ularning o‘zlari ham katta nazorat ostida ekanligini aytib qo‘yish lozim. Gulnora Karimova biznes-imperiyasini qulatgan Javdat Sharifxo‘jayevning ham qamoqqa olinishi bu gapimga misoldir¸ deydi yoqubov.

MXXdagi qudratli akaning qo‘lida ishlayotgan ukaning tanazzuli

Xavfsizlik xizmati xodimlarining qamalganini ma‘lum qilgan norasmiy manbalarga ko‘ra Javdat Sharifho‘jayev “MXXda boshlangan jiddiy tozalash ma‘rakasi qurbonlari ichida eng lavozimi kattasi bo‘ldi”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin manba o‘tgan yili MXX raisi o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayev ukasi Javdat Sharifho‘jayevning ishdan bo‘shatilgani va tergov qilinayotganini Ozodlikka bildirgan edi.

Javdat Sharifxo‘jayevning “ishdan quvilgani" haqidagi ma‘lumot O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbat berilgan maktubda ham keltirilgan edi.

Bu maktub o‘tgan yil iyul oyida “The Russian times” Internet nashrida o‘zini Asqar Qosimov deb atagan blogger tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining hayoti va salomatligi xavf ostida” nomli maqolaga ilova qilingan edi.

Manbalarning aytishicha¸ Javdat Sharifho‘jayev qamalishidan sal oldin uning qo‘l ostida ishlagan 12 nafari qo‘lga olingan edi.

Bu 12 nafar MXX hodimi o‘tgan yili sudga tortilib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingani haqida Ozodlik ma‘lumot bergan edi.

XS
SM
MD
LG