Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:09

Karimov yana prezident lavozimiga nomzod ko‘rsatildi


O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Islom Karimov yaqinlashib kelayotgan saylovda davlat rahbari lavozimiga ko‘rsatilgan ilk nomzod bo‘ldi. Uning nomzodi yana O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ko‘rsatildi.

Mahalliy nashrlar tomonidan bugun tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, O‘zLiDep Islom Karimov nomzodini “elektoratning fikrini hisobga olgan holda” ko‘rsatgan.

Bu galgi prezident saylovlari joriy yilning 29 martiga belgilangan. Mahalliy qonunchilikka ko‘ra, nomzod ko‘rsatish saylov boshlanishiga 65 kun qolganda boshlanib, 20 kun davom etishi kerak.

Mamlakat konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin”. Mazkur moddada “ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas”ligi ham qayd etib qo‘yilgan.

Shu oy oxirida 77 yoshga to‘ladigan Islom Karimov chorak asrdan buyon O‘zbekistonda davlat rahbari lavozimini egallab keladi.

Karimov mamlakat boshqaruviga 1989 yilda O‘zbekiston Kommunistik partiyasi bosh kotibi sifatida kelgan. 1990 yil 24 martida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasida u prezident etib saylangan.

1991 yilning dekabrida o‘tkazilgan mustaqil O‘zbekiston prezidentligi saylovlaridan beri bu lavozimni hech kimga bermay kelayotgan sobiq O‘zKompartiya Bosh kotibi Islom Karimov¸ mustaqil huquqshunoslarga ko‘ra¸ hozirga qadar Konstitutsiyaga xilof ravishda hokimiyatda qolmoqda.

1995 yilda O‘zbekistonda Islom Karimov prezidentlik vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirishga oid umumxalq referendumi o‘tkazildi va rasmiy-hisob kitob bo‘yicha¸ o‘zbekistonliklarning 90 foizdan ko‘prog‘i Karimovning qolishini yoqlab ovoz berdi.

Shu tarzda¸ go‘yo konstitutsiyada belgilangan bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanmasligiga oid moddani buzmagan holda¸ Karimov 2000 yilga yetib keldi va yana 91 foiz ovoz bilan ikkinchi bor prezidentlikka saylandi.

Konstitutsiyaviy cheklovni aylanib o‘tish maqsadida 2002 yilda mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishga oid yana bir umumxalq referendumi o‘tkazildi va bu taklif ham xalq tomonidan go‘yo ma‘qullandi.

O‘zbekiston saylov qonunlari mualliflari¸ bunday o‘zgartish ortidan¸ Islom Karimovning yana ikki muddat prezidentlikka da‘vo qilishga haqli ekani iddaosi bilan chiqdilar va 2007 yilgi so‘nggi prezident saylovida Karimov 2014 yilga qadar hokimiyatda qoladigan prezident etib saylandi.

Keyingi saylov qonunning yangicha talqini asosida 2015 yil martiga ko‘chirildi va kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Karimovning navbatdagi saylovda qatnashishini qo‘llovchi psevdo huquqiy asos ham¸ tugab bormoqda.

Karimov o‘zining “o‘zbek xalqiga bundan keyin ham xizmat qilish istagini” 2015 yilning 29 martida huquqiy jihatdan qanday amalga oshiradi - bunisi hozircha jamoatchilikka qorong‘u bo‘lib qolmoqda.

Bu asos haqida Karimovni prezident lavozimiga nomzod o‘laroq ko‘rsatgan O‘zLiDep vakillari ham biror gap aytmaganlar. Biroq, Podrobno.uz sayti xabariga ko‘ra, partiyaning Karimov davlat rahbari lavozimiga nomzod ko‘rsatilgan yig‘inida liberal-demokratlar hukumat boshlig‘i lavozimiga yana amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni ko‘rsatganlar.

XS
SM
MD
LG