Линклар

logo-print

Rossiya Federal migratsiya xizmatiga ko‘ra, 2014 yilda ishlash uchun olingan patentlar muddati joriy yilda boshqa uzaytirilmaydi va Rossiyadagi barcha muhojirlar qaytadan ishga ruxsat beruvchi patentni rasmiylashtirishlari kerak.

FMS eski patent muddatini uzaytirmayapti

Yangi yil bayramlari tugashi va davlat idoralari ish mavsumi boshlanishi ortidan Ozodlik tahririyatiga Rossiyaning turli o‘lkalaridan bir mazmundagi shikoyatlar kelib tusha boshladi.

Novosibirskda qo‘riqchi bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik Erkin Ozodlikka ulanib, mahalliy FMSda mehnat muhojirlari patentlari uzaytirilmayotganini xabar qildi.

- Novosibirsk shahrida hozir ishlayapman. Qarindosh-urug‘larim, dadamlar dekabr oyida patent olishgan edi. Yanvarda propiskasi tugaydi – FMSga borsa, “Patentni yangidan qilasizlar”, deyapti. U patent 1216 so‘mdan dekabrda olingan – amal qilish muddati yana 11 oy. FMS xodimlari aytyaptiki, “Eski patentlar o‘rniga yangi patent qilasizlar”, deyapti. Xullas, propiskani cho‘zdirmayapti. Shu narsaga men hayron bo‘ldim, chunki akam va uning tanishi ham borsa, “Ekzamen topshirib, yangi patent olasizlar”, debdi-da. O‘zi patent yaqinda olingan bo‘lsa, qanday qilib? Axir qonunni darrov o‘zgartirib bo‘lmasa kerak?! “Yangi patent olish uchun esa tamojnyaga borib kelasan”, deyapti. Bunaqada rasxod ham ko‘payib ketyapti: yangi patentga kamida 25 ming rubl ketar ekan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishga 10 ming rubl, 5 ming rubl – til-tarixdan ekzamenga kirishga, poshlinasi, tibbiy sug‘urtaga kamida 5 ming ketadi, yugur-yuuguri bor va patentning o‘ziga 3 oyga to‘lasa hisoblab oling, - deydi eski patentlar muddati uzaytirilmayotganidan shikoyat qilgan Erkin.

Moskva viloyatining Domodedovosidan Ozodlikka murojaat qilgan yana bir o‘zbekistonlik muhojir – Husanboy, FMS rahbariyati 2014 yilda olingan patentlar eski narxlarda ya‘ni 1216 rublda baholanishini gapirganini esladi.

Ammo u mahalliy banklar yangi tartiblar asosida pul to‘lovlarini amalga oshirishga majburlashayapti, deydi:

- Patentimiz, aka, eski – olti oydan beri to‘lab yuribmiz. Martda tugaydi u. Yangi yildan keyin yangi qonun chiqibdi: patent 4 ming rubl bo‘libdi. Biz eshitgan edikki, yangi yildan oldin patent qilganlar 1216 rubl to‘laydi, yangi qilganlar – 4 mingdan to‘laydi. Men shunga oydinlik kiritmoqchi edim: bizlar qancha to‘laymiz? Chunki kecha bir jo‘ram terminalga borgan, terminalga ma‘lumotlarni ursa – 4 ming rubl chiqyapti-da. Bankka boramiz – “mana terminal, men yordam bermayman”, deyapti, deydi nega terminallarda aytilganidek 1216 rubldan to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berilmayotgani sabablarini so‘ragan buxorolik muhojir Husanboy.

“Yuqoridan” yangi qoida qiritildi

Bundan bir oy oldin Ozodlik bu masala yuzasidan Federal migratsiya xizmati idorasiga murojaat qilib, aniq-tiniq javob olgan edi.

Xorij fuqarolar bilan ishlarni tashkil etish departamenti boshlig‘i Sergey Temryakovich mehnat muhojiri tomonidan 2014 yilda sotib olingan hamda qisman 2015 yilda ham amal qiladigan ishlash ruxsatnomasi belgilangan muddati yakuniga qadar amalda bo‘lishi va uning narxi 1216 rublligicha o‘zgarmasdan qolishini maxsus matbuot anjumanida ta‘kidlab o‘tgan edi.

Biroq, Ozodlik murojaat qilgan Novosibirsk shahrining Djerjinskiy tumani FMS bo‘limida Ozodlikka kuni kecha “yuqoridan” yangi tartib joriy qilingani va endilikda barcha mehnat muhojirlari haqiqatan patentlarni yangilashlari zarurligi bildirildi. O‘zini tanishtirmagan idora xodimi 2014 yilda olingan patent egalari yangi tartib asosida hujjat rasmiylashtirishlari kerak, deydi.

- Tushuntiraman... O‘zgartirilgan qonunga muvofiq, masalan, yanvar-fevral oylargacha to‘langan patent egalari to‘lov muddati tugashi bilan yo uyiga chiqib keladi, yoki ulgursa - patent muddati tugashidan bir oy oldin borib hujjatlarni tayyorlaydi, ya‘ni tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, til bilish to‘g‘risida sertifikat olishga imtihon topshiradi va shu hujjatlarni jamlab, yangi patent olishga topshiradi. Patentlar boshqa uzaytirilmaydi! - dedi Novosibirsk shahar patent bilan ishlash departamenti rasmiysi.

Moskva shahar FMS boshqarmasida yangi o‘zgartishlar yuzasidan 16 yanvarь kuni maxsus matbuot anjumani o‘tkazilishini ma‘lum qilishdi.

O‘zini Yuliya deb tanishtirgan boshqarma vakilasi bu anjumanda eski yilda olingan patentlar amal qilish muddati uzaytirilmasligi e‘lon qilinishini ma‘lum qildi.

- Yangi qonun chiqdi. Unga ko‘ra, mehnat muhojirlari mamlakatimizni tark etib, qayta kirishlari va yangi patent rasmiylashtirishlari zarur. Bu masalada biz bugun maxsus matbuot anjumani o‘tkazamiz va ommaviy axborot vositalari orqali mutaxassislar tushuntirish beradi, dedi Yuliya.

Mahalliy byudjet migrantlar hisobiga qoplanmoqdami?

Moskva sh. FMS boshqarmasi rasmiy javobi

Moskva sh. FMS boshqarmasi rasmiy javobi

Moskvadagi migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi “Tong Jahoni” tashkiloti rahbari, asli toshkentlik yurist Valentina Chupik Ozodlik bilan suhbatda bu yangilikni izohlar ekan, uni “FMSning g‘irrom o‘yini” deb atadi.

- Bu Oryol viloyati bo‘yicha FMX boshlig‘i muovini tashabbusi. U yangi kiritilgan 357-chi Federal qonunning (“Xorij fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonunga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida – tahr.) shaxsiy talqinini berdi. Unga ko‘ra, yangi yilda patentni uzaytirish deb unga to‘lovni amalga oshirish tushuniladi. Qonunda esa “patentlar muddati uzaytirilmaydi”, deb yozilgan. Bundan chiqdi, ular eski patentlar muddati ham uzaytirilmaydi, deya qaror chiqardi qo‘ydi. Masalan, 28 dekabrda patentga hujjat topshirib, yangi yilda uni olishga borganlarga “Mana sizning patentingiz, ammo u haqiqiy emas!”, deya teshgich bilan teshib berishyapti. Aytingchi, byudjetga tushayotgan tekin puldan kim voz kechadi?!- deydi huquq faoli Valentina Chupik.

Eslatish joyizki, Rossiya 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab mehnat muhojirlari uchun ishlashga ruxsat beruvchi patent tizimini joriy qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, mehnat muhojiri Rossiyada ishlash uchun patentni bir oy muddatga oladi va uni bir yilgacha uzaytirishi mumkin bo‘ladi.

Muhojir ishlash uchun patentni Rossiyaga kirganidan boshlab 30 kun ichida olishi lozim. Bir yildan so‘ng muhojir patentni yana bir yilga uzaytirish huquqiga ega. Shundan so‘ng u Rossiyani tark etishi lozim. Lekin qonunga ko‘ra, muhojir Rossiyadan chiqqanining ertasiga qaytib kelish imkoniga ham ega.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG