Линклар

MXXning yana bir polkovnigi Dehqonboyev 15 yilga kesildi​


Ibrohim Dehqonboyev so‘nggi bir oy ichida ustidan hukm o‘qilgan yagona MXX polkovnigi emas.

Ibrohim Dehqonboyev so‘nggi bir oy ichida ustidan hukm o‘qilgan yagona MXX polkovnigi emas.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev 15 yilga qamalgani aytilmoqda. O‘tgan yilning avgust oyida hibsga olingan MXX polkovnigi bilan birga u tashkil qilgani aytilayotgan jinoiy guruhga kirgan o‘nlab odam qamalgan.

Bir oyda ikki polkovnik qamoqqa tashlandi

Qashqadaryo viloyati MXXsining sobiq boshlig‘i polkovnik Ibrohim Dehqonboyev 15 yillik qamoqqa hukm qilingani haqida Uzmetronom sayti tarqatgan xabarni Ozodlikning Qarshidagi manbalari ham tasdiqladi.

Qashqadaryo huquq tartibot organlaridagi manba sobiq MXX boshlig‘i Surxondaryoda sud qilingani bois tafsilotlarni aniqlashtira olmasligini bildirdi. “Lekin Dehqonoboyev ustidan hukm bundan ikki haftacha avval o‘qilgani to‘g‘risida bilamiz”, dedi Ozodlik manbasi.

MXX polkovnigi Ibrohim Dehqonboyev o‘tgan yilning avgustida, katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanib, hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik o‘sha paytda xabar qilgan edi. U bilan birga MXXning bir necha xodimi ham qo‘lga olingan edi.

Bu ma‘lumotni hokimiyat tizimlaridagi ishonchli manbadan olganini aytgan Uzmetronom nashri bosh muharriri Sergey Yejkov ham, Ozodlik bilan suhbatda, Dehqonboyev doxil guruh ustidan hukm bir necha hafta avval Surxondaryoda o‘qilganini bildirdi.

- Sud, adashmasam, yangi yildan sal avvalroq bo‘lib o‘tgan. U bilan birga bir to‘da odam ham qamaldi. Hammasi bitta ish bo‘yicha sud qilingan. Sudlanuvchilar orasida Dehqonboyev bilan birga MXX tizimida ishlagan xodimlar hamda bojxona va boshqa idoralarning bir guruh sobiq xodimlari ustidan ham hukm o‘qilgan,- deydi Yejkov.

Ozodlikning Qashqadaryodagi manbasi, o‘tgan yilning avgustida, Dehqonboyev bilan birga MXXning huquq-tartibot organlarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Yo‘ldoshev ham qo‘lga olinganini xabar qilgan edi. "Undan bir hafta avvalroq esa, viloyat MXX iqtisodiy jinoyatlar bo‘limi rahbari ham hibsga olingan edi", deya bildirgan edi Ozodlik manbasi.

Bir-biridan mustaqil bir necha manbaga ko‘ra, Ibrohim Dehqonboyev yetakchilik qilgan guruh nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki o‘zi tug‘ilib o‘sgan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ham o‘nlab million AQSh dollariga teng beznes tuzilmalarini nazorat qilib kelgan.

Uzmetronom muharriri Yejkov ishonchli manbalarga tayanib, bu biznes tuzilmalarga oid tafsilotlarni Ozodlikka gapirib berdi.

- Bu ishda Bo‘stonliq tumanidan juda ko‘p odam o‘tgan. Chunki uning, ya‘ni Dehqonboyevning ko‘plab uylari bo‘lgan. Bu uylar ijaraga berilgan va ba‘zilarida fohishaxonalar tashkil qilingani aytilmoqda,- deydi Yejkov.

Ibrohim Dehqonboyev so‘nggi bir oy ichida ustidan hukm o‘qilgan yagona MXX polkovnigi emas.

O‘zbekiston Respublikasi MXXsining yana bir nufuzli zobiti Javdat Sharifxo‘jayev 4 yilga qamoqqa hukm qilingani to‘g‘risida Ozodlik shu hafta boshida xabar qilgan edi. MXXning Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘i, 50 yashar polkovnik Sharifxo‘jayev noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilinganini Ozodlikning O‘zbekiston davlat tizimlaridagi bir-biridan mustaqil manbalar bildirdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Ibrohim Dehqonboyev va Javdat Sharifxo‘jayev ustidan o‘tkazilgan mahkamalar bir-biriga bog‘liq emas.

XS
SM
MD
LG