Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:05

"Fosh etuvchi" sizdirgan hujjatlar Beeline taqdirini savol ostida qoldirdi​


MTS O‘zbekistondan haydalganidan keyin Beeline mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatoriga aylandi.
MTS O‘zbekistondan haydalganidan keyin Beeline mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatoriga aylandi.

Aksar aksiyalari Norvegiya hukumatiga qarashli Telenor shirkati Norvegiya Savdo¸ sanoat va baliqchilik vazirligidan 90-yillar boshida o‘zining sharqiy Yevropa telekom bozoriga qanday kirganiga oid maxfiy hujjat olganini bildirdi va bu hujjatlarni o‘z rasmiy saytida e‘lon qildi. “Fosh etuvchi” degan anonim nom ostida vazirlikka yuborilgan bu hujjat¸ Telenor ta‘kidicha¸ O‘zbekiston bozoriga kirish uchun millionlab dollar pora berganlikda gumonlanayotgan shirkatni obro‘sizlantirish urinishidir.

Telenor o‘z “fosh etuvchi”sini o‘zi “fosh qildi”

Telenor shirkati e‘lon qilgan matbuot xabarnomasida yozilishicha¸“Fosh etuvchi” degan taxallus bilan Norvegiya Savdo-sanoat vazirligiga yuborilgan kompromatlar¸ VimpelCom shirkatining O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish shart-sharoitlarini tasvirlaydi.

Norvegiya telekom shirkati bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan VimpelComning 33 foiz¸ ya‘ni uchdan bir foiz aksiyalari egasidir. VimpelCom esa O‘zbekistonda Unitel brendi ostida ishlab kelgan operatorni 2006 yil fevralida o‘z tarkibiga qo‘shib¸ Beeline nomi ostida faoliyat boshlagan.

Telenor press relizida aytilishicha¸ anonim manbadan kelgan hujjatlarda shirkatga ma‘lum bo‘lganidan boshqa sirli oldi-berdilar haqida so‘z boradi va Telenor o‘ziga notanish bu pul o‘tkazmalari borasida VimpelComdan zudlik bilan izoh so‘rashini bildiradi.

Telenor ta‘kidicha¸ noma‘lum manbalardan sizdirilgan ma‘lumotning bir qator jihatlari ularga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashishni taqozo qiladi.

“90-yillar boshiga oid axborot ma‘lum va noma‘lum ma‘lumotlar¸ turli ayblov va taxminlarni o‘z ichiga olgani bois¸ unga munosabat bildirish juda mushkuldir. Umumiyatla¸ VimpelComning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari bilan bog‘liq jiddiy vaziyat fonida bu ma‘lumot Telenorni diskreditatsiya qilish urinishi sifatida baholanishi mumkin”¸ deyiladi 16 yanvar kuni Telenore‘lon qilgan matbuor xabarnomasida.

Ozodlikning Norvegiya jamoatchiligiga sizdirilgan bu ma‘lumotlar mohiyatiga oid Telenor matbuot xizmatidan kengroq tafsilotlarni olish urinishlari kun davomida samara bermadi. Shirkat matbuot xizmati rasmiylarining xizmat telefonlari o‘chirib qo‘yildi.

“Fosh etuvchi” nimani fosh etdi?

Telenor shirkati o‘z rasmiy saytida “Fosh etuvchi” degan taxallus bilan kelgan kompromat matnini e‘lon qildi.

"Fosh etuvchi" taqdim etgan to‘lovlarga oid ekani iddao qilingan moliyaviy hujjat nusxasi.
"Fosh etuvchi" taqdim etgan to‘lovlarga oid ekani iddao qilingan moliyaviy hujjat nusxasi.

Ikkita alohida hujjat sifatida ilova qilingan bu matnlarning birinchisi 8 sahifalik hujjat va anonim muallif uni “Men to‘plashga muvaffaq bo‘lgan hujjatlar quyidagilarni ko‘rsatishga xizmat qiladi”¸ degan gap bilan boshlaydi.

Anonim maullif o‘z maktubida:

- Telenor shirkati rahbarlari o‘zlarining VimpelCom faoliyati ustidan nazorat qilish haqqiga ega emasliklari haqidagi mamlakat jamoatchiligi va parlamentiga qayta-qayta qilayotgan bayonotlarining asossizligi;

- O‘zbekistondagi faoliyat uchun Gulnora Karimovaga berilgan pullarning bir martalik ish emas¸ balki yillar davomida qilingan pul o‘tkazmalari ekani va

- bunday korruptsiya amaliyotlarining nafaqat O‘zbekiston¸ balki sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlarga ham tegishli ekanini iddao qiladi.

O‘z iddaolariga dalil sifatida “Fosh etuvchi” Telenor shirkatining Rossiya¸ Ukraina¸ Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi faoliyatining boshdan turli korruptsion sxemalar asosiga qurilgani va shu asosda davom etganini ko‘rsatishiga ishonilgan hujjatlarni ilova qiladi.

Bu ilovalar ichida eng xarakterlisi esa¸ VimpelComning O‘zbekiston telekom bozoriga qanday kirgani va faoliyatini qanday olib borganiga oid bank o‘tkazmalariga oid moliyaviy hujjatdir.

“VimpelCom prezident Karimovning qizi Gulnora Karimovaga aloqador yetakchi shirkatlar bilan qator kelishuvlarga kirdi va kamida olti yil davomida turli qalbaki tijoriy bahonalar bilan oldi-berdi qildi. Men topgan to‘lovlarga oid moliyaviy hujjat maktubimga ilova qilingan va agar mening qo‘limga tushgan hujjat bunday oldi-berdining hammasini ifoda etsa¸ men juda hayratga tushgan bo‘lardim”¸ deyiladi “Fosh etuvchi”ning Norvegiya Savdo-sanoat vazirligiga yuborgan maktubida.

VimpelCom - Takilant dueti

“Fosh etuvchi” yo‘llagan moliyaviy hujjatda¸ Takilant shirkati bank hisobiga VimpelCom va unga qarashli boshqa sho‘‘ba shirkatlardan 2006 yilning 20 yanvaridan to 2012 yilning iyul oyiga qadar olti yil davomida o‘tkazilgani iddao qilingan jami 12 ta to‘lov miqdori va vaqti keltiriladi.

Hujjatda¸ jami 219 million 500 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan bu mablag‘ning birinchi 19 million dollari 2006 yilning 20 yanvar kuni Takilant hisobiga VimpelComga qarashli Aqute Holdings&Investments shirkati hisobidan o‘tkazilgani iddao qilinadi. Sizdirilgan hujjatda qayd etilishicha¸ VimpelCom Beeline brendi ostida rasman ish boshlashidan 20 kun oldin o‘tkazilgan bu to‘lovning “qaysi tijoriy maqsadda o‘tkazilgani” haqidagi joyiga hatto izoh ham berilmagan.

Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant shirkatining qog‘ozdagi egasi Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi Gayane Avakyan¸ uning asl egasi esa Karimovaning o‘zi ekaniga ishoniladi.

“Fosh etuvchi” anonim manba keltirgan oldi-berdilar ro‘yxatida Takilant va VimpelCom shirkatlari o‘rtasidagi 12 to‘lovdan ikkitasining Litvadagi Aizkraukles va Parex banklari¸ bittasining Hong-Kongdagi Standard Chartered¸ yana bittasi Shveytsariyadagi Lombardier Odier banki orqali amalga oshirilgani iddao qilinadi¸ yana besh to‘lovlar o‘tkazilgan bank nomi “noma‘lum” deya izoh beriladi.

Olti yil davomida Takilant shirkatiga o‘tkazilgan qariyb 220 million dollarlik to‘lovlarning eng kattasi¸ sizdirilgan hujjat da‘vosicha¸ 2011 yilning 6 avgust kuni o‘tkazilgan 58 million dollarlik to‘lov va uning izohiga “4G litsenziyasi uchun” deb yozilgan.

Bunday izohni savol ostiga olgan "Fosh etuvchi" telekom shirkatiga 3 yoki 4G litsenziyalarini berish faqat hukumat vakolatida bo‘lgani holda¸ VimpelComning xususiy ofshor shirkatidan qanday qilib bunday litsenziyani sotib olgani hech kim¸ xususan¸ Telenor boshqaruvida shubha uyg‘otmagania e‘tibor qaratadi.

“Fosh etuvchi” o‘zi Norvegiya hukumatiga yo‘llagan bu hujjatlar manbasini ham yozadi va ular orasida Gayane Avakyanning Shveytsariya rasmiylariga bergan intervyusi¸ Hollandiya yo‘llagan yordam so‘rovi¸ AQSh rasmiy hujjatlarini qayd etadi.

Telenorning qora kunlari

2012 yili Shvetsiya prokurorlari asosiy aksiyalari hukumatga qarashli TeliaSonera shirkatining O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga UCell brendi ostida kirish va 3G litsenziyasi olish uchun prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga 350 million dollar pora berganligi aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘agani ortidan Norvegiya jurnalistlari ham Telenor shirkatining korruptsiya keng tarqalgan O‘zbekiston kabi bozorlarga qanday kirganini taftish qilishga kirishdi.

Norvegiyada chiqadigan “Klassekampen” nashri o‘tgan yil chop etgan hujjatlar VimpelComning O‘zbekistonda faoliyat qilishga ruxsat beruvchi litsenziyani qo‘lga kiritish uchun Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga Nordea banki orqali Gibraltarda rasmiylashtirilgan Takilant shirkati hisobiga pul o‘tkazganini ko‘rsatganidan so‘ng¸ AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar qo‘mitasi hamda Hollandiya hukumati VimpelComning aynan O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan taftish boshladi.

aksiyalari AQSh birjalarida ochiq sotuvga qo‘yiladigan VimpelCom shirkatining uchdan bir qism aksiyalari egasi sifatida TelenorNorvegiya hukumati va parlamentiga bunday ayblovlar yuzasidan izoh berish majburiyati ostida qoldi.

14 yanvar kuni Telenor boshqaruv kengashi raisi Svayn Aaser parlament qo‘mitasi huzuridagi eshituvlarda o‘z shirkati VimpelComning O‘zbekistonda kimgadir pora berganiga oid isbotga ega emasligini bildirdi.

Telenor raisi ayni paytda¸ parlament deputatlariga¸ bunday pora oldi-berdisining bo‘lmagani haqida ham hech qanday kafolat bera olmasligini ta‘kidladi.

Telenor shirkati bosh ijroiya direktori Yon Fredrik Baksaas ham 14 yanvar kuni maxsus qo‘mita deputatlari savollariga javob berar ekan¸ VimpleCom tomonidan O‘zbekistonga kirish uchun korruptsion oldi-berdilar bo‘lganiga oid aniq dalillar yo‘qligini ta‘kidladi.

16 yanvar kuni Telenorning o‘zi tomonidan jamoatchilikka taqdim etilgan kompromatlardan so‘ng Norvegiya¸ qolaversa¸ Shvetsiya¸ Hollandiya va Shveytsariyadagi “o‘zbek ishi” deb noma olgan korruptsiya janjali yuzasidan borayotgan tergov qaysi bosqichga o‘tadi¸ bunisi hozircha noma‘lum.

“Fosh etuvchi” deb nomlangan anonim manba sizdirgan hujjatlarga munosabat bildirgan skandinaviyalik mutaxassislar Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda hozirgi bosqichda qilinishi lozim asosiy vazifa¸ sizdirilgan ma‘lumotning saragini sarakka¸ puchagini puchakka ajratish ekani aytishdi.

“Fosh etuvchi” tashlagan iddaolardan qay birini tasdiqlovchi aniq dalillar boru¸ qaysilari shunchaki faraz va taxmindan iborat ekanini aniqlash jarayoni esa¸ yillarga cho‘zilishi mumkin.

2012 yildan beri Yevropaning o‘ndan oshiq davlatida katta miqdordagi korruptsiya va pul yuvish taxmini bilan ochilgan jinoiy ishlarning asosiy figurantlaridan biriga aylangan Islom Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning biznes faoliyati O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan ham taftish etilmoqda.

O‘zbek prokuraturasi o‘tgan yil kuzida e‘lon qilgan so‘nggi bayonotga ko‘ra¸ Karimova uy qamog‘iga olingan¸ uning asosiy biznes sheriklari esa¸ uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG