Линклар

Olmaotalik Tatyana Shevtsova-Valova Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali milliy nizo qo‘zg‘aganlik ayblovi bilan mahkamaga tortildi. Hozir uy qamog‘ida saqlanayotgan bu ayol ishi yuzasidan dastlabki mahkama tinglovi 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Tatyana Shevtsova-Valovaning mahkamaga tortilishiga qozog‘istonlik 12 nafar Feysbuk foydalanuvchisining murojaati sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shikoyatchilarga ko‘ra, Shevtsova-Valova Feysbukdagi o‘z yozuvlari orqali Qozog‘istondagi tub aholi vakillarini tahqirlagan va milliy mansubiyatga ko‘ra kamsitgan.

Bu shikoyat asosida Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakat Jinoyat kodeksining 164-moddasi (“Milliy adovat qo‘zg‘aganlik”) bo‘yicha jinoiy ish ochganlar.

Tatyana Shevtsova-Valovaga nisbat berilayotgan postlarda tub aholi vakillari “churka”, ya‘ni “yo‘nilmagan yog‘och” deya haqoratlanadi.

“Agar Qozog‘istonda ham til bo‘yicha shunaqa ishlarni qilaversanglar va tub millatni ulug‘layversanglar, (bu yerda ham) Qrimdagi kabi voqealar sodir bo‘ladi. Qozog‘istonning shimoliy hududlar va balki boshqa hamma joyi ham Rossiya Federatsiyasiga o‘tib ketadi. Bu sizturli burchaklarda g‘ingshiyotganingiz kabi anneksiya yo‘li bilan emas, Qrimda bo‘lgani kabi referendum o‘tkazish orqali amalga oshadi. Ya‘ni Rossiya tarkibiga ixtiyoriy ravishda kirish orqali”, - deyiladi Shevtsova-Valovaga nisbat berilayotgan matnda.

Bu kabi iddaolar Feysbukning qozog‘istonlik foydalanuvchilari e‘tiroziga sabab bo‘lgan va ular “Tatyana Shevtsova-Valova sud oldida javob berishi lozim” degan qarorga kelganlar.

12 yanvarь kuni Olmaota shahrining Alatau tuman sudiga chaqirilgan Tatьyana u yerga himoyachisiz kelgan. Jurnalistlar sud zaliga qo‘yilmagan mahkamada Shevtsova-Valova adkovati kelolmagani tufayli sudni boshqa kunga ko‘chirishni iltimos qilgan. Sudya uning iltimosini qondirgan va mahkama 23 yanvarga qoldirilgan.

Shundan so‘ng jurnalistlar oldiga chiqqan Tatyana o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmasligini, unga bo‘hton qilayotganlarini aytgan. Jurnalistlarning: “Feysbukdagi yozuvlarni siz yozmagan bo‘lsangiz, bu ishni kim qilgan bo‘lishi mumkin?” degan savoliga Shevtsova-Valova mana bunday javob bergan:

- Men qayoqdan bilay kim qilganini? Shaxsimga tegishli ma‘lumotlar va mening rasmim bilan soxta akkaunt ochgan bo‘lishlari mumkin.IDni aniqlash mumkin. Men kompyuterimni bularga berdim. Marhamat qilib, tekshirishsin. Men hech qayerga yashirinishga urinmadim, - dedi Tatьyana Shevtsova-Valova.

Ayol ko‘nglida Qozog‘iston va qozoqlarga nisbatan nafrat va adovat tuyg‘usi yo‘qligini ta‘kidladi.

- Men 46 yildan buyon Qozog‘istonda yashayman. Onam Rossiyada yashaydi, qarindoshlarim esa barchasi 1997 yildayoq Rossiyaga ko‘chib ketishgan. Men esa hali ham shu yerda yashayapman. Nima deb o‘ylaysiz, men bu tuproqni yaxshi ko‘ramanmi yoki yo‘q? – deya savol tashlaydi kelayotgan juma kuni sud qarshisida javob berishi kerak bo‘lgan Tatyana.

Agar sudda Tatyana Shevtsova-Valovaning aybdor ekani isbotlansa, ikki farzandning onasi bo‘lgan bu ayol 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG