Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:18

Norinda jarrohlar fonar yorug‘ida operatsiya o‘tkazyapti​


Namangan viloyati Norin tumanining Shoshilinch tibbiy yordam markazida elektr toki tez-tez o‘chgani bois, jarrohlik amaliyotlari fonar yorug‘ida o‘tkazilmoqda. Tibbiyot muassasasi boshlig‘i Abduvali Mavlonov Ozodlik bilan suhbatda elektr toki tez-tez uzilishini tan olarkan, jarrohlik amaliyotlarining fonar yorug‘ida o‘tkazilayotganini inkor qildi.

Namangan viloyatining Norin tumanidagi Shoshilinch tibbiy yordam markazida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgan paytda ham elektr toki uzilib qolmoqda.

Bu haqda Ozodlika xabar bergan norinlik manbaga ko‘ra, shifokorlar bunday hollarda operatsiyani davom ettirish uchun fonarlardan foydalanmoqda:

“Shoshilinch tibbiy yordam markazi kasalxonasining palatalaridagi harorat tashqaridagi havodan sovuq. Kuniga bir necha marta 2-3 soatlab svet o‘chadi. Hatto, operatsiya vaqtida ham svet o‘chishi tabiiy holga aylandi. Do‘xtirlar operatsiyaga kirishdan oldin 3-4ta kitayskiy fonarlarni tayyorlab qo‘yishadi”, deydi norinlik manba.

Unga ko‘ra, tumandagi kasalxonalar elektr toki ishlab chiqaradigan dvijoklar bilan ta‘minlanmagan, bemorlar palatalarni uylaridan olib kelgan cho‘yan pechkalar bilan isitmoqda

Norin tumani tibbiy yordam markazida ishlaydigan, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan shifokor Ozodlik bilan suhbatda, chiroq o‘chgandan so‘ng operatsiyani fonarlar yorug‘ida o‘tkazishayotganini tan oldi:

“Svetga, umuman, tushunib bo‘lmaydi. 2-3 soat yonadi, keyin o‘chadi. Yarim-bir soatdan keyin yana yonadi va yana o‘chadi. Operatsiya paytida ham juda ko‘p marta o‘chib qoldi. Shunga ehtiyotan fonarlarni tayyorlab qo‘yamiz. Axir bir odamning hayoti-ku bu, hamshira fonarni ushlab turadi, biz esa operatsiyani davom ettiramiz. Bunday holatni biz faqat urush haqidagi kinolarda ko‘rgan edik”, deydi shifokor.

Suhbatdoshning aytishicha, Shoshilinch tibbiy markaz favqulodda holatlarda elektr toki ishlab chiqaradigan dvijoklar bilan ta‘minlanmagan:

“Hozir tuman markaziy kasalxonasi remont bo‘layotgani bois, uning bo‘limlari har tomonga tarqatib yuborilgan. Masalan, kollejning yotoqxonasiga bolalar, terapeya bo‘limlari, qabulxona ko‘chgan. Paxta qishlog‘iga ham bir necha bo‘limlar ko‘chirilgan. Sharoitlar haqiqatan ham juda og‘ir. Hojatxonalar tashqarida, svet masalasi aytganimdek. Xonalar juda sovuq, pechkalarni isitish uchun bemorlarning yaqinlari o‘tin bilan ta‘minlayapti”, dedi shifokor.

Norin tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Abduvali Mavlonov Ozodlik bilan suhbatda elektr toki o‘chib turishini tan olar ekan, biroq jarrohlik amaliyotlarining fonar yorug‘ida o‘tkazilayotganini inkor qildi:

“Elektr liniyalarini almashtirgan paytda o‘chish bo‘ladida endi. Dvijok haqiqatan yo‘q, kasalxonamiz rekonstruktsiya qilinganidan keyin yangi dvijok o‘rnatiladi. Fonarlar yordamida operatsiya qilinayotgani ham, palatalarning sovuqligi haqidagi informatsiya ham noto‘g‘ri. Palatalardagi sharoit yaxshi”, dedi bosh shifokor Abduvali Mavlonov.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan
Ozodlik mushtariylari yo‘llagan shikoyatlarda elekr toki ta‘minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib borayotgani tilga olinmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekiston viloyatlarida svet yo‘qligi bilan bog‘liq og‘ir sharoit bois tug‘ruqxonalarda chaqaloqlar nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari¸ qolaversa viloyatlardagi elektr tarmoqlari tashkiloti mas‘ullardan kasalxonalarda svet va gaz yo‘qligi bilan bog‘liq abgor ahvol yuzasidan izoh olib bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG