Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:05

Toshkent viloyati o‘quvchilariga baklajka “solig‘i” solindi


Toshkent viloyatidagi maktablar, kollejlar va boshqa barcha ta‘lim maskanlarida o‘quvchilarga baklajka “solig‘i” solindi. Har bir o‘quvchiga kamida 10ta baklajkani maktabga topshirish majburiyati yuklatildi. Mutasaddilar bu jarayon Toshkent viloyati hokimining viloyat hududini maishiy chiqindilardan tozalash borasidagi maxsus qarori asosida amalga oshirilayotganini ta‘kidlashdi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi 30-o‘rta maktabning 4-sinfida o‘qiyotgan qizaloqning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, dushanba kuni maktabga beshta baklajka olib borgan.

“Sinfimizda 27ta o‘quvchi bor. O‘qituvchimiz hammaga “5tadan baklashka olib kelasizlar” dedi. Men ham olib bordim. Kim olib kelmagan bo‘lsa, o‘qituvchimiz rosa urishib, so‘kdi”, dedi 4-sinf o‘quvchisi.

Ushbu maktabda farzandi o‘qiyotgan qo‘shqo‘rg‘onlik bir erkakka ko‘ra, maktab ma‘muriyati tabiiy gazdan qarzdorlikni kamaytirish maqsadida o‘quvchilarga baklajka “solig‘i” solinganini aytgan:

“Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi 30-o‘rta maktab GAZdan foydalanish limitidan oshirib foydalanilgani uchun davlatdan qarz bo‘lishi sababli qarzdan qutilish chorasini topdi. O‘quvchilardan baklajka yig‘ib topshirish talab qilinmoqda. Har bir o‘quvchiga ya‘ni yukori sinf o‘quvchilariga 10ta baklajka, boshlang‘ich sinflarga esa 5tadan baklajka topshirish talab qilinmoqda”, deya ma‘lum qildi qo‘shqo‘rg‘onlik ota.

Toshkent viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, nafaqat Qo‘shqo‘rg‘ondagi maktab, balki viloyatdagi barcha maktab o‘quvchilariga baklajka topshirish majburiyati yuklatilgan:

“Bu jararyon mutlaqo qonuniy amalga oshirilmoqda. Barcha byudjet va nobyudjet tashkilotlar viloyatni maishiy chiqindilardan tozalash tadbirida ishtirok etmoqda. Har bir oilada o‘quvchilar bor. Shuning uchun chiqindilarni maktabga yig‘ish qulay. Bolalarga ko‘chadan baklajka teringlar, demayapmiz. Uyingizdagi eski baklajkalarni maktabga olib kelinglar deyapmiz”, dedi Toshkent viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi mas‘ullaridan biri.

Toshkent viloyat hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz mas‘uli o‘quvchilarning baklajka yig‘ish tadbiri viloyat hokimi Ahmad Usmonovning ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi maxsus qarori bo‘yicha amalga oshirilayotganini ta‘kidladi:

“Viloyatimiz hududidagi ekolik vaziyatni barqarorlashtirish va tabiiy muhitning musaffoligini ta‘minlash maqsadida ikkilamchi xom ashyolar, ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada hokimimizning maxsus qarori bor. Bu jarayon bo‘yicha me‘yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Agar maktablar ikkilamchi chiqindilarni yig‘ishsa, albatta bunga pulini ham olishadi. Yig‘ilgan baklajka puli maktabning elektr energiyasi va tabiiy gazi uchun sarflanishi mumkin. Buning nimasi yomon. Birinchidan ekologiyamiz uchun yaxshi, ikkinchidan maktablar olingan pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatishi mumkin”, dedi Toshkent viloyat hokimligining mas‘ul xodimi.

Hokimlikdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yig‘ilgan baklajkalar Qo‘qondagi chiqindilarni qayta ishlash zavodiga topshiriladi va bir tonna baklajka uchun 300 ming so‘m pul to‘lanadi.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarni majburiy tadbirlarga jalb qilish odat tusiga kirgan.

Jumladan, shu kunlarda angrenlik o‘quvchilar o‘n kun ichida belgilangan miqdorda temir-tersak yig‘ish yoki uning o‘rniga pul to‘plashga majburlanmoqda.

Metallolom​ni vaqtida topshirmaganlar o‘qishdan haydalishlari, yuqori bosqich talabalariga esa diplom berilmasligi haqida ogohlantirilgan.

O‘zbekistonda maktab, kollej o‘quvchilarining temir-tersak yoki makulatura yig‘ishga jalb etish an‘anasi Sovet davridan meros qolgan.

Ota-onalar va huquq faollarining e‘tirozlariga qaramay o‘zbekistonlik o‘quvchilar har yili o‘qishdan haydalish tahdidlari ostida temir-tersak va makulatura yig‘ishga majburlanadi.

XS
SM
MD
LG