Линклар

Moskva viloyat sudi buxorolik Oybek Murodovni Podmoskovyening Domodedovo shahrida ikki nafaqaxo‘r opa-singilni o‘ldirgan, deb topdi. Oybek keksa ayollardan o‘margan pulini ishga ruxsatnoma olishga sarflamoqchi bo‘lganini aytgan. 23 yoshli o‘zbek muhojiri sud qarori bilan umrining keyingi 20 yilini qattiq rejimli koloniyada o‘tkazadi.

Moskva viloyat sudi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Oybek Murodovni domodedovolik ikki keksa ayolni o‘ldirgan, deb topdi va 20 yillik muddatga qattiq rejimli koloniyaga jo‘natdi.

Moskva viloyat sudi rasmiysi Vera Yakusheva tergov roppa-rosa bir yil davom etgani va sud hukmi allaqachon kuchga kirganini ma‘lum qildi:

- 2014 yilning 25 dekabrida sud bo‘ldi, unga qattiq rejimli koloniyada 20 yillik jazo muddati tayinlandi. Undan tashqari, sudlangan Murodov Oybek Muxtorovich jabr ko‘rgan taraflardan biriga 900 ming rublь ma‘naviy zararni qoplashi kerak bo‘ladi. U O‘zbekistonning Buxoro viloyati Qorako‘l shahridan va jinoyatni sodir etganida endi 22 yoshga to‘lgan bo‘lgan. O‘z yurtida u felьdsher bo‘lib ishlagan, uylanmagan, - deydi sud jarayonida mahkumning aybiga to‘liq iqror bo‘lganini gapirgan Vera Yakusheva.

Sud materiallaridan ma‘lum bo‘lishicha, 2013 yilning 17 dekabrida Domodedovoning Solnechnaya ko‘chasidagi uylardan biri yongan. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar yarim yongan binodan unda yashagan 73 va 70 yoshli nafaqaxo‘r opa-singillar jasadini topgan.

Sud-tibbiy ekspertiza opa-singil Starkovalar bosh suyagi singani va ularga yetkazilgan tan jarohatlaridan o‘lganini aniqladi.

Politsiya xodimlari uch kun o‘tmasdan - 20 dekabr kuni jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 1991 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik Oybek Murodovni qo‘lga oldi. U darhol o‘z qilmishiga iqror bo‘ldi va jinoyatga qo‘l urgani sababini tergovchilarga bildirdi.

Moskva viloyatida tayinli ish topa olmagan qorako‘llik Oybek Murodov ikkita keksa ayolga hovli yumushlarida yordam berishga yollangan va ularning hovlisidagi omborxonada yashab kelgan.

Mutaxassisligi bo‘lishiga qaramasdan, Murodov Rossiyada ishlash uchun qalbaki ruxsatnoma bilan yurgan, deya davom etadi Moskva viloyat sudi xodimasi Vera Yakusheva.

- Ma‘lumoti bo‘yicha u ilgari feldsher bo‘lib ishlagan. Sud davomida u ishga ruxsatnoma olish uchun pul yig‘ayotganini bildirdi. Murodovning aytishicha, keksa ayollar ikkalovi juda vaysaqi va janjalkash bo‘lgan va bo‘lar-bo‘lmasga o‘zbek muhojirini so‘kib kelgan, - deydi Vera Yakusheva.

Jinoyat tafsilotlarida aytilishicha, 2013 yilning 13 dekabr kuni kampirlardan birining etigini o‘z vaqtida yamab bera olmagan Oybek kampirlardan qattiq gap eshitgan. Janjalkash kampirlardan biri “o‘zbeklarni yalqov va befahm”, Oybekning onasini esa “ko‘cha ayoli” degan va Oybek bundan g‘azablanib, ularni o‘ldirishga ahd qilgan.

To‘rt kun o‘tib qo‘lida bolg‘a bilan uyga bostirib kirgan o‘zbek muhojiri kampirlarni birin-ketin urib o‘ldirgan. Xonalarni titib chiqqach, u atigi 3600 rubl va 105 dollar pul topgan. O‘z izlarini yo‘qotish maqsadida Murodov xonada gaz kolonkasini ochib, ayollar ustidagi kiyimni yoqib yuborgan va jinoyat joyidan qochib qolgan.

Domodedovo shahri bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tergovchilari va sud bilan hamkorlik qilgan hamda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan buxorolik Oybek Murodovga sud nisbatan “yumshoq” jazo tayinlagani aytilmoqda.

Hozirda Oybek Murodov “etap” bo‘ylab jazoni o‘tash joyiga yuborildi.

XS
SM
MD
LG