Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:55

Obama: Amerika oqil lider bo‘lishi kerak​


AQSh Prezidenti Barak Obama 20 yanvar kuni kechqurun Kongressda mamlakatning bugungi ahvoli haqida xalqqa hisobot berar ekan Amerika harbiy qudrat va kuchli diplomatiyani mujassam etgan holda “oqil lider bo‘lishi” kerakligini bildirdi. Shuningdek, Obama AQSh iqtisodida “inqiroz soyasi o‘tib ketdi va mamlakatimiz bugun har doimgidan ham baquvvat”, deb e‘lon qildi.

Prezident Obamaning ta‘kidlashicha,hukumat tomonidan ko‘rilgan choralar tufayli mamlakatdagi ishsizlik ko‘rsatkichi 5,6 foizgacha pasaygan, ayni paytda inqiroz hamda urushlar “sahifasidan boshqa sahifaga” o‘tish davri kelgan.

-Amerika uchun muvaffaqiyatga boy bo‘lgan yildan so‘ng, bizning iqtisodimiz o‘smoqda, 1999 yildan beri ilk marta eng tez sur‘atlarda ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bugungi kundagi ishsizlik darajasi moliyaviy inqirozdan oldingi davrga qaraganda ancha past. Bugungi kunda avvalgiga qaraganda ancha ko‘p bolalar ta‘lim muassasalarini bitirmoqda, oldingiga nisbatan ko‘proq fuqarolar sug‘urtadan foydalanmoqda, so‘nggi 30 yil ichida xorijdan import qilinayotgan neftga qaramlik bugungi kunda eng past darajaga tushdi, -dedi Obama.

Obama boy amerikaliklarga soliqlarni ko‘paytirish evaziga aholining o‘rta va kam ta‘minlangan qatlamiga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish niyatida ekanini bildirdi.

Obama prezident bo‘lganidan beri Kongressda oltinchi marta hisobot berdi. Biroq u 20 yanvarda birinchi marta Senat va Vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishida nutq so‘zladi. O‘tgan yilning noyabrida o‘tgan saylovlardan so‘ng Senat va Vakillar palatasi respublikachilar nazoratiga o‘tgan edi. Ko‘pchilik respublikachilar Obama siyosatidan norozi ekanliklarini aytib kelmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, prezident o‘z nutqida Kongress a‘zolarini partiyaviy kelishmovchiliklarni unutib, hamkorlikda ishlashga chaqirdi.

Obama xalqaro maydonda Amerika harbiy qudrat va kuchli diplomatiyani mujassam etgan holda “oqil lider bo‘lishi” kerakligini bildirdi.

Obamaning aytishicha, Oq uyning muvaffaqiyatli diplomatik harakatlariga illyustratsiya sifatida Ukrainani misol qilib keltirish mumkin.

-Biz Amerika qudrati va diplomatiyasi imkoniyatlarini namoyish qilmoqdamiz. Biz katta mamlakat kichkina mamlakatga tahdid qilish huquqiga ega emas, degan printsipni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Biz Rossiya agressiyasiga qarshi turibmiz hamda Ukrainadagi demokratiya qurilishini qo‘llayapmiz, NATOdagi ittifoqdoshlarimizga bergan kafolatlarimizni mustahkamlamoqdamiz... Bugun biz Amerika va uning ittifoqchilari birdam ekanini va ularning pozitsiyasi kuchli ekanini ko‘rib turibmiz, ayni paytda esa Rossiya izolyatsiyada qolmoqda hamda uning iqtisodi chok-chokidan so‘kilmoqda, - dedi Obama.

Qo‘shma shtatlar prezidenti “Pokistondan kelib Parij ko‘chalarida yurgan” terrorchilarga qarshi shafqatsiz ov olib borishni va‘da qildi va Kongressni “Islomiy davlat” guruhi janggarilariga qarshi kurashish uchun harbiy imkoniyatlarni kengaytirishga ruxsat beruvchi qonunlarni qabul qilishga chaqirdi.

Eron masalasida Obama Kongressni Tehronga nisbatan yangi sanktsiyalarni joriy etmaslik haqida ogohlantirdi.Obama fikricha, Tehronga yangi sanktsiyalarning joriy etilishi Eron yadroviy dasturi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi. Shuning uchun Obama har qanday sanktsiyalarga veto qo‘yishini aytib o‘tdi.

-Eron masalasida bizning diplomatiyamiz so‘nggi o‘n yil ichda ilk marotaba yadroviy dastur jarayonini to‘xtatishga va yadroviy mahsulotlar zahirasini kamaytirilishiga erishdi. Hozir bahorgacha Eron bilan bu masalada kelishuvga erishish imkoniyati bor. Bu esa Amerika va uning ittifoqchilari, jumladan, Isroilni Yaqin Sharqdagi yana bir konfliktdan saqlanishiga sabab bo‘ladi, -dedi Obama.

Kongress oldidagi chiqishida AQSh prezidenti irqiy tengsizlik, "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi kurash, Kuba bilan munosabatlarning yaxshilanishi va kiberxavfsizlik masalasiga ham to‘xtaldi.

Obama, shuningdek, dunyoning ayrim joylarida qayta bo‘y ko‘rsata boshlagan antisemitizmni keskin qoraladi hamda musulmonlarga nisbatan qo‘llanilayotgan tahqirli stereotiplarning noma‘qbul ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG