Линклар

Buxoroda boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi birinchi sinf o‘quvchisini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazdi. Bolaning ota-onasi shikoyatlariga qaramay, o‘rta maktab o‘qituvchisi xali ham maktabda dars berishda davom etmoqda.

Buxorodagi 12-sonli maktabning 1-sinfida o‘qiydigan Akmal Xalilov bir oy avval maktabdan uyiga yuzi ko‘kargan holda keldi.

6 yashar bola ota-onasiga alifbo bayramiga tayyorgarlik payti o‘qituvchisi Nargiza Safarova qattiq kaltaklaganini gapirib bergan.

Akmalning qarindoshlaridan biri Ozodlikka bo‘lib o‘tgan hodisa haqida shularni gapirib berdi.

- Bola qonga belanib keldi uyga. O‘qituvchisi urgan ekan. Keyin bordik maktabiga. O‘qituvchisi “o‘tir desam, o‘tirmaydi”, deydi. “Darsingni qil desam, darsini qilmaydi”, deydi. “Shuning uchun urdim” deydi. Qanday qilib pedagog, buning ustiga ayol kishi bolani urishi mumkin,- deb kuyinadi Akmalning qarindoshlaridan biri.

Maktab direktori Murod Mattiyev bolani urgan o‘qituvchi masalasini pedagogika kengashida muhokama qilishni Akmalning ota-onasiga va‘da bergan.

Lekin, Akmalning qarindoshlari “bolalar ta‘zirini beradigan maktab o‘qituvchisi” xali ham maktabda dars berishda davom etayotganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, o‘qituvchi Akmalni “noadekvat” deya, uni o‘qitishdan ham bosh tortmoqda ekan.

- O‘qituvchi jazosiz qolyapti. Pedagog bolani chertishga ham haqqi yo‘q. Bola jinni bo‘lgan taqdirda ham uni urishga haqqi yo‘q. Lekin, Akmal unaqa emas. Juda aqlli bola. Bizda bola maktabga borishdan oldin doktor, jumladan, psixolog ko‘rigidan o‘tadi. Akmal ham shunday ko‘rikdan o‘tgan va maktabga qabul qilingan. Qanday qilib bolalarni uradigan o‘qituvchini maktabda ishlatib qo‘yish mumkin,- deydi Akmalning qarindoshlaridan biri.

Ozodlik muxbiri Akmal o‘qiydigan Buxorodagi 12-son maktab rahbariyatiga telefon qildi. Lekin ular bu xususda izoh berishdan bosh tortishdi.

- Biz bolaning ota-onasi bilan bu masalani muhokama qilganmiz, Sizga aytadigan gapimiz yo‘q,- deya gapni qisqa qildi Buxorodagi 12-son maktabning Ozodlik bog‘langan xodimi.

Ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston 1992 yilda BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyaga qo‘shilgan.

Ushbu xalqaro hujjatga qo‘shilgan mamlakat bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning sha‘ni va qadr-qimmatini, shafqatsiz muomala, jumladan, jismoniy tajovvuzdan himoya qilish majburiyatini olgan.

O‘zbekistonda bolalar huquqlari haqidagi maqolalari bilan tanilgan jurnalist Kamola Ro‘ziqulovaning aytishicha, mavjud me‘yoriy hujjatlarga qaramay o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan kaltaklanishi, ayniqsa, qishloq maktablarida ko‘p uchraydi.

- Beshinchi sinfdan yuqori sinf o‘quvchilari sho‘xlik qilganda o‘qituvchi bolani chimchilab qo‘yishi yoki qulog‘idan tortishi yoki bo‘lmasa tersaki tushirgani holatlari ko‘p bo‘ladi. Lekin, bolaning, olti yoshli bolanining o‘qituvchisi tarafidan shavqatsiz kaltaklanishi, hamma sinfdoshlari ko‘z o‘ngida unga o‘qituvchisi tan jarohati yetkazishi va o‘qituvchi buning uchun hech qanday jazosiz qolishi va bolalarga dars berishda davom etishini birinchi marta kuzatyapman,- deydi Kamola Ro‘ziqulova.

O‘zbekistonda o‘qituvchi talabalarga tarsaki tushirish holatiga oid videolavhalarni Internet tarmog‘ida ham topish mumkin.

Xususan, Youtube portaliga joylashtirilgan “Buxoro avtoyo‘l kolleji” deya nomlanmish videotasvirda o‘qituvchi shanbalikka kelmagan yetti nafar talabani kaltaklayotgani aks etgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG