Линклар

logo-print

O‘zbekistonda AQSh dollarining "qora bozor"dagi narxi o‘zbek so‘miga nisbatan sakkiz foizga oshdi. Sarroflar O‘zbekistonda dollar kursi oshishini Rossiyada rubl qadrining keskin tushib ketgani bilan bog‘lashmoqda.

O‘n kun ilgari Toshkent “qora bozor”ida sarroflar 1 AQSh dollari uchun 3420 so‘m taklif etgan bo‘lsa, hozir dollar 3750 so‘mdan sotib olinyapti.

- Olish hozir 3750, sotish 3850 so‘m bo‘lyapti,- deydi Toshkentning Parkent bozoridagi sarroflardan biri.

Sarroflar O‘zbekistonda dollar kursi oshishini Rossiyada rubl qadrining keskin tushib ketgani bilan bog‘lashmoqda.

Rublning qadrsizlanishi ortidan Rossiyadan O‘zbekistonga AQSh dollari oqimi keskin kamaydi, deydi sarroflardan biri.

- Hozir ko‘ryapsizku, Rossiyadagi ahvolni. Rossiyada hozir sanktsiyalar bois dollar ko‘tarilib ketgan. Shuning evaziga u yoqdan kelishi kamaygan. Shuning uchun yaqin kunlarda bizda dollar yana ko‘tariladi, deyishyapti, - deydi toshkentlik sarrof.

Xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy qiymatlarida esa oshish sezilmaydi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma‘lumotiga ko‘ra, 20 yanvar kuni 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 2430 so‘mni tashkil qildi.

Ta‘kidlash joiz, Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbek muxojirlari rublda daromad ko‘radi.

O‘zbekistonga esa, ular mablag‘larini AQSh dollarida jo‘natishadi.

Rossiyada rubl qadrining keskin tushishi ortidan mehnat muxojirlarining uylariga jo‘natadigan mablag‘lari miqdori ham sezilarli kamaygan.

- To‘rt oy oldin men ishlab topadigan 35 ming rubl 1000 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir zo‘rg‘a shuning yarmi bo‘lyapti. Dollar hisobida daromadimiz deyarli ikki baravar kamayib ketdi,- deydi Moskvada qurilishlardan birida ishlovchi Azamat.

O‘tgan haftada Jahon banki iqtisodlari fuqarolarining Rossiyadan pul o‘tkazmalariga bog‘liq bo‘lgan to‘qqiz mamlakat, jumladan O‘zbekiston iqtisodiga xavf tug‘dirishi haqda bayon qilgan edi.

Jahon banki mutaxassislariga ko‘ra, MDH makonidagi ushbu mamlakatlar 2015 yilda umumiy miqdorda 10 milliard dollardan ko‘proq tushumdan mosuvo qolishlari mumkin.

Ayni paytda rubl qadri tushishi ortidan daromadlari qisqargan ko‘plab mehnat muxojirlari Rossiyadan ketish haqida o‘ylamoqda.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodining kamida 12 foizi Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalariga bog‘liq.

Hozirda bir AQSh dollari Rossiyada 65 rublga tengdir. Ya‘ni rubl so‘nggi to‘rt oy ichida qariyb ikki baravar qadrsizlandi.

Rublning qadrsizlanishi, ayni paytda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham ta‘siri sezilmoqda.

Yanvar oyida Turkmanistonning manati 19 foizga qadrsizlandi. Jahon banki mutaxassislariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikistonga inflyatsiya tahdid solmoqda.

XS
SM
MD
LG